Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

«Neftchi» — chempionlikka da’vogar?

«Neftchi» — chempionlikka da’vogar?

Baho:
+ | -

"Yangi Farg‘ona" gazetasining navbatdagi 21-sonida Mo‘ydinjon Sobitov tomonidan maqola chop etilgan. Ushbu maqolani sizlarga taqdim qilamiz.

Superliganing 2-turida amaldagi chempion “Paxtakor”ni 2:1 hisobida mag‘lub etgan “Neftchi” futbolchilarini “Istiqlol” o‘yingohiga tashrif buyurgan 17 mingdan ziyod jamoa muxlislari shunday xitob bilan olqishlashdi.

Mamlakat chempionatining eng nomdor jamoalari bo‘lgan “Neftchi” va “Paxtakor”ning har bir bahsi  muxlisu mutaxassislarning e’tiborida bo‘ladi. Chunki ular o‘rtasidagi mamlakatimiz futbolining liderligiga bo‘lgan raqobat uzoq 1992 yildayoq boshlangan. Yoshi ulug‘ muxlislar yaxshi eslashsa kerak, o‘sha yili futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatiga asos solingan. Oliy liganing ilk mavsumi yakuniy natijalariga ko‘ra, “Paxtakor” va “Neftchi” 51 tadan ochko to‘plashadi. To‘plar nisbati va g‘alabalar soni bo‘yicha tashkentliklarda yaxshi ko‘rsatkich bo‘lsa, o‘zaro o‘yinlar natijasidagi ustunlik viloyatimiz jamoasi tomonida bo‘ladi. O‘sha paytdagi mamlakat futbol federasiyasi rahbariyati har ikki jamoani chempion, deb e’lon qiladi. Shu tariqa “Neftchi” va “Paxtakor”ning keyingi mavsumlardagi  har bir uchrashuvi “Kim kuchli” tamoyili asosida o‘tgani bois, natija har ikki jamoa uchun muhim ahamiyat kasb etib keladi.

Barchaga ma’lumki, ba’zi sabablarga ko‘ra “Neftchi”da omadsiz mavsumlar ham bo‘ldi. Hatto mamlakatning eng nomdor jamoasi Pro-ligaga ham tushib ketdi. Shukrki, viloyatimiz rahbariyatining sa’y-harakatlari tufayli o‘zbek futbolining peshqadamlaridan bo‘lgan sevimli jamoamizning  yana sovrindorlar safidan munosib joy olishi uchun  zarur bo‘lgan barcha chora-tadbirlar ko‘rildi. Jamoaning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. “Istiqlol” o‘yingohi jahon talablari darajasida ta’mirlandi. Bosh murabbiylik vazifasi munosib mutaxassisga topshirildi. Natija esa harakatga yarasha ijobiy ko‘rinishda bo‘lmoqda. O‘tgan mavsumni kuchli o‘nlikda yakunlagan Vitaliy Levchenko shogirdlari joriy yilgi bahslarni yorqin va ishonchli g‘alabali o‘yinlar bilan boshlashgani viloyatimiz jamoasining shonli davri qaytayotganidan darak bermoqda. Superliganing ortda qolgan 2 ta turidan keyin 100 foizlik natija bilan peshqadamlar safida borayotgan jamoamizning imkoniyatlari nafaqat muxlislar, balki mutaxassislar tomonidan ham yuqori baholanayotganligi juda quvonarlidir. Jumladan, o‘yindan keyingi matbuot anjumanida ayni kunlarda “Paxtakor”da bosh murabbiylik qilayotgan o‘zbek futbolining o‘tmishdagi yorqin yulduzi Maksim Shaskix “Neftchi”ni haqli g‘alabaga erishgani bilan tabrikladi. Jurnalist Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev esa bu o‘yinga “Sherlar” juda u qadar kuchsiz emas, shunchaki “Neftchi” raqibidan bir qadam oldinda boryapti”, deb izoh qoldirgan bo‘lsa, sharhlovchi Bobur Akmalov: “Ho‘o‘o‘o‘ o‘sha 90-yillarni eslatib yuborgan hisob”, deb ta’rifladi “Neftchi”ning g‘alabasini. Mamlakatimizdagi eng mashhur futbol sharhlovchilaridan biri Hayrulla Hamidov ham “Neftchi”ning g‘alabasiga “Uh, “Neftchi” peshqadam! Menga yoshligimni qaytarib berishyapti...”, deb, o‘zining samimiy munosabatini bildirgan.

G‘alabaning g‘alabadan farqi bo‘ladi, deydi “Neftchi”ning ko‘p yillik sodiq muxlislaridan biri Abdurahim Olamov. Bu safargi g‘alabaning ahamiyati shundaki, futbolchilarimiz o‘yin jihatidan ham “Paxtakor”dan kuchli ekanliklarini maydonda isbotlashdi. Shu bois joriy yilgi mavsumdan umidimiz katta.

Asosiysi, muxlislar futboldan zavq olishdi, menimcha, deb o‘yin haqida fikr bildirdi ushbu g‘alaba me’mori, “Neftchi” bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko.Jamoamizda potensial yuqori. Bugun jismoniy jihatdan ham yaxshi ko‘rindik. To‘g‘ri, bir qator vaziyatlarni boy berdik, lekin bu– tabiiy holat. Axir “Paxtakor” O‘zbekiston chempioni-ku!

Nafaqat viloyatimiz, balki mamlakatimizning barcha hududlaridagi muxlislarni hayajonda ushlab turgan “Neftchi”-“Paxtakor” bahsi 2:1 hisobida hamyurtlarimizning g‘alabasi bilan tugagani “Neftchi”ning 2-turdayoq amaldagi chempiondan naq 6 ochko ilgarilab ketishini ta’minladi. Futbolchilarimiz keyingi o‘yinni  18 mart kuni Jizzaxda “So‘g‘diyona”ga qarshi o‘tqizishadi. Umid qilamizki, Vitaliy Levchenko shogirdlari ushbu bahsda ham peshqadamga xos tarzda harakat qilishib, g‘alabali onlarni davom ettirishadi.

"Neftchi" PFK matbuot xizmati

Manba: https://t.me/pfcneftchi_uz
Kiritildi: 12:25, 16.03.2023.
O'qildi: 2671 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.