«Real»ning Valdebebasdagi akademiyasiga kelganlar avvalo eng kichik - 5 yoshlilar guruhining kiyinish xonasiga yo‘l oladilar.
Bu - ko‘proq tarbiyalanuvchilarning ilk qadamlarini namoyish etadigan ramziy taomil. «La Fabrika» hududida 11ta futbol maydonlari, «Alfredo di Stefano» stadioni va o‘yinchilarga «Santyago Bernabeu»da to‘p surish orzusini amalga oshirishda yordam berishga mo‘ljallangan ko‘plab mashg‘ulot inshootlari joy olgan.
Hozir o‘quv maskanining barcha yosh toifalarida, shuningdek, erkaklar va ayollar bo‘limlarida 364 nafar o‘yinchi shug‘ullanmoqda. 2021-2022 yillarda «qirollik klubi» bu ulkan tayyorlov maskani uchun 25 mln. yevrodan sarflagan holda 39 mln.dan daromad oldi. Ya’ni, akademiya xarajatlarni qoplash bilan birgalikda, risoladagidek foyda keltirmoqda. Oxirgi 10 yil ichida «La Fabrika» tarbiyalanuvchilar sotuvidan 330,5 mln. yevroga ega bo‘ldi. 2022 yil yozgi transfer mavsumida klub Borxi Mayoralni «Xetafe»ga 10 mln.ga, Migel Gutyerresni «Jirona»ga 4mln., Viktor Chustni «Kadis»ga 1 mln. yevroga sotdi. Bitiruvchilarning sanoqli vakillari asosiy jamoaga yo‘l olishlariga qaramasdan, qolganlari ishsiz qolmaydilar, ularni ispan futbolining boshqa vakillari o‘z saflariga jalb etishadi. Aynan shu sababli akademiya afsonaviy Di Stefanodan «fabrika» taxallusini olgan. Ayni pallada «La Fabrika»ning 55 nafar bitiruvchisi La Ligada to‘p surmoqda. Hatto azaliy raqib - «Barselona»da ham yo‘q emas: «Chelsi»ning sobiq himoyachisi Markos Alonso.
«La Fabrika» tarixi 1950 yillardan boshlangan. Uni «Madrid»ning eng nomdor prezidenti Santyago Bernabeu ta’sis etgandi. Bu borada don Santyago Ispaniyadagi dastlabki ixtirochi edi. O‘sha davrda iqtidorli bolakaylarni mahalliy maktablardan yoki klub a’zolarining farzandlari ishtirok etadigan turnirlardan saralab olinardi. «Madrid» tarixidagi dastlabki 4 nafar buyuk kanterano sifatida Xuan Santisteban, Antonio Ruis, Ramon Marsal va Enrike Mateoslarni e’tirof etishadi. Mateos 1956-1960 yillarda 5 marta YECHK turnirlarida g‘olib chiqqandi. Keyinchalik ular o‘rnini o‘sha davrning eng ommaviy yo‘nalishi bo‘lgan pop-musiqa sharafiga «Ye-Ye bolalari», nomini olgan o‘yinchilar egalladilar. 1966 yilda Pedro De Felipe, Fernando Serena, Ramon Grosso va Manuel Velaskeslar YECHK sohibi bo‘ldilar. Biroq madridliklar ko‘proq 1980 yillar avlodlari bo‘lgan va Emilio Butragenyo sharafiga «Jo‘rchilar beshligi» taxallusini olgan o‘yinchilarni tilga oladilar.
Beshlikni Manolo Sanchis, Migel Pardesa, Michel va Martin Vaskeslar to‘ldirdilar. 80-yillar o‘rtasida Pardesa «Saragosa»ga o‘tib ketdi, qolgan jangovar to‘rtlik «Madrid»ning qatorasiga 5 marta (1985-1990) chempion bo‘lishida muhim rol o‘ynadilar. Qo‘shimchasiga, jamoa 2 marta (1984|1985, 1985|1986) UYEFA Kubogini qo‘lga kiritdi.
2019 yildan boshlab, «Real» xalqaro skautlar tarmog‘i hamkorligidan voz kechdi
2020 yilda «La Fabrika tasarrufi sobiq futbolchi Manuel Fernandesga o‘tdi. Uning otasi 90-yillarda klub direktorlar kengashida ishlagan, o‘zi 6 yil akademiyada murabbiylik qilgandi. «Blankos»ning sobiq yulduzlari Raul va Alvaro Arbeloalar hozir «Kastilya»da yosh futbolchilarga saboq berishmoqda. «La Fabrika»ning ko‘plab bitiruvchilari boshqa jamoalarda muvaffaqiyatli to‘p surayotganlarini inobatga olsak, Raulning yondashuvi o‘zini oqlamoqda. Yaqin o‘tmishda Iker Kasilyas va Manuel Sanchis kabi bo‘lajak afsonalar akademiyaga klub tashkil etgan maxsus turnirdagi samarali o‘yinlari tufayli kelgan edilar.
Hozir yosh iqtidorlarni saralash tizimi o‘zgardi: akademiyaning Madrid regionidagi skautlari ularni kuzatib yuradi. «La Fabrika» yo‘llanmasiga ega bo‘lish uchun 10dan ortiq o‘yinlarda samarali to‘p surish lozim. Bu talab mamlakatning boshqa hududlariga ham taalluqli. Ispaniyaning Kataloniya, Andalusi va Kanar orollari kabi 17ta avtonom hududlariga klub 1 nafardan skaut ajratgan. O‘zga regionlardan kelgan tarbiyalanuvchilar 2014 yilda ochilgan zamonaviy rezidensiyada istiqomat qiladilar. 2019 yilda «Real» 15 yoshdan kichik o‘yinchilar bilan shug‘ullanadigan xorijiy skautlar bilan hamkorlik to‘xtatishiga FIFAning tadqiqotlari sabab bo‘ldi. Unga ko‘ra, uyidan 100 km.dan ortiq uzoqlikka yo‘l olgan bolakaylar noxush holatlarga tushib qolishgan, o‘z iqtidorlarini yuzaga chiqara olishmagan. Bundan tashqari, «La Fabrika»dagi ma’lumotlar ham asosiy jamoa tarkibidan boshqa regionlar vakillariga nisbatan mahalliy o‘yinchilar ko‘proq jalb etilganini tasdiqladi. Misol tariqasida Karvaxal va Nachoni ko‘rsatish mumkin. Akala-de-Enares (Madrid regioni)da tug‘ilgan Nacho klubning yoshlar toifasidagi barcha jamoalarida sardorlik qilgan, ammo uni ko‘proq namunali xulqi va g‘ayrat,shijoati uchun hurmat qilishadi.
Tarbiyachilar faoliyati madridliklar nazoratida
Bitiruvchilarning ko‘pchiligi asosiy jamoaga o‘ta olmaydilar, professional maqomiga erisha olmaganlari ham yo‘q emas.
«Men doimo asosiy maqsadimiz tarbiyalanuvchilarni chin inson darajasiga olib chiqish ekanligini ularga ta’kidlab kelganman», - deydi asosiy jamoa murabbiyligini qabul qilishdan avval akademiyada 20 yildan ko‘proq yoshlarga saboq bergan afsonaviy Visente del Boske.
14 yoshgacha bo‘lgan kichik guruhlarda asosan o‘yinga urg‘u beriladi, mashg‘ulotlar ikkinchi darajali bo‘ladi. 15 yoshdan esa mashg‘ulotlar birinchi o‘ringa chiqadi, o‘yinchilarning qaysi pozisiyada to‘p surishlari aniqlanadi. Kim qaysi rolni ijro etishi ikkita bosqichda hal etiladi: 12-13 va 16-17 yoshda. Lekin klub o‘yinchilar bilan xayrlashmaydi, ularning taraqqiyotini kuzatishda davom etadi.
20 yoshli darvozabon Mario De Luis «Rayo Valyekano»ga o‘tib, u yerda ishonchli o‘yin ko‘rsatgach, «Kantera» bosh murabbiyi Raul uni jamoaga qaytardi. Shunga o‘xshash voqea chap qanot himoyachisi Fran Garsiyada ham bo‘lib o‘tgandi. 23 yoshli futbolchi ham «Rayo»da avvaliga ijarada to‘p surdi, 2021 yilda sotib yuborilgandi. Yaqinda madridliklar sobiq o‘yinchilarini 5 mln. yevroga xarid qilishlarini bayon etishdi. Boisi, Franga «Bayer» qiziqib qolgandi. 10 yil avval «Real» Dani Karvaxalni Leverkuzendan qaytarib olgandi.
«Cho‘qqini zabt etish uchun mahoratdan tashqari, oz bo‘lsada, omad, ko‘proq ishlash va ko‘p, juda ko‘p narsalardan voz kechish talab etiladi. To‘g‘ri, ikkinchi variant ham yo‘q emas - Kasilyas yoki Raul bo‘lib tug‘ilish kerak. Biroq buning iloji yo‘q», - deydi del Boske hazillashib.