Yoshko Gvardiol Qatarda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida Xorvatiya terma jamoasi tarkibida niqobda harakat qilgani ko‘pchiligingiz uchun ma’lum. Futbolchi endigina 21 yoshga to‘ldi, lekin Yevropaning top-klublari uni “Leypsig”dan olib qo‘ymoqchi. Unga qaysi jamoalar da’vogar va kimda imkoniyat yuqoriroqligini ko‘rib chiqamiz.
“Chelsi”
"Chelsi" o‘tgan yozda Gvardiolga eng ko‘p qiziqish bildirgan Premyer-liga klubi edi va "Leypsig" bilan kelishuv yanada qulayroq bo‘lganida, kelishuvga erishishi mumkin edi. Dastlab tomonlar 70 million yevro miqdoridagi xarid miqdorini muhokama qilishgan, keyin nemislar ketma-ket narxni 80 va 90 million yevroga oshirishgan, shundan so‘ng “Chelsi” muzokaralardan voz kechgan. Yanvar oyida esa Benua Badiashile "Monako"dan ancha kichikroq summaga olib kelindi.
Muhimi, klublar o‘rtasida yaxshi munosabatlar mavjud, so‘nggi yillarda ular kelishuvlarni muvaffaqiyatli olib borishmoqda. Buni Timo Verner, Kristofer Nkunku va londonliklarning yangi texnik direktori Kristofer Uivelning o‘tishlari dalolat beradi.
"Chelsi"ning Gvardiolga bo‘lgan qiziqishi so‘nmagan va Kalidu Kulibalining Angliyadagi debyut mavsumidagi qiyinchiliklari o‘tish imkoniyatini oshirmoqda.
Londonliklar safida 20 yoshli Levi Kolvill ham shartnoma asosida joriy mavsumni ijara asosida "Brayton"da o‘tkazmoqda va jamoaning rejalarida qolmoqda. 38 yoshli Tiago Silva yaqinda yana bir yillik shartnoma imzoladi va "Chelsi" himoyasida muhim rol o‘ynashda davom etmoqda. Umuman olganda, klubning bu borada imkoniyatlari yetarli.
"Manchester Siti"
"Manchester Siti" bosh murabbiyi Pep Gvardiola Yoshkoning muxlisi. O‘tgan yozda, Natan Ake "Etihad"ni muntazam o‘yin amaliyoti uchun tark etmoqchi bo‘lganida, shaharliklar “Leypsig”ga Gvardiolni sotib olish imkoniyati haqida so‘rov yuborishgan. Ularning futbolchiga qiziqishi haqidagi xabarlar jahon chempionati vaqtida yana paydo bo‘ldi va Gvardiola va xorvat o‘rtasida norasmiy muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
"Siti" yozda himoyachi olish poygasini e’tiborsiz qoldirmasa kerak. Bunday sifatli va bunday istiqbolli o‘yinchi bilan shartnoma imzolash imkoniyati kamdan-kam uchraydi.
"Real Madrid”
Ispaniya, Yevropa va jahonning amaldagi chempionlari har doim qit’aning eng zo‘r iste’dodlarining kelajagi haqida suhbatlar o‘tkazishadi va Bernabeuda Gvardiol muxlislari yetarli bo‘lishi aniq. La Liga klubi vakillari futbolchining agenti bilan dekabr oyida jahon chempionatidagi ajoyib o‘yinidan so‘ng uchrashgan edi.
"Real Madrid"ning moliyaviy jihatdan Premyer-liga gigantlari bilan raqobatlasha olmasligi oxirgi paytlarga ko‘rinib qolmoqda. Madrid klubi hozirgi vaqtda bir transfer oynasida bir nechta qimmat o‘yinchilarni xarid qila olmaydi.
"Liverpul"
"Liverpul"ning yetakchi seleksionerlari uzoq vaqtdan beri Gvardiolni diqqat bilan kuzatib borishgan. “Qizillar” Nabi Keyta va Ibrohim Konate bilan shartnoma imzolaganidan keyin “Leypsig” bilan yaxshi munosabatda. Gap shundaki, mersisaydliklar yozda boshqa transfer ustuvorliklariga ega bo‘lishadi.
Britaniyaliklarning e’tibori yarim himoyani kuchaytirishga qaratiladi. "Borussiya" futbolchisi Jud Bellingem uchun kamida 100 million yevro sarflanishi kerak, "Liverpul" shuningdek, "Vulverxempton"dan Matteus Nunes va "Chelsi"dan Meyson Mauntga qiziqish bildirmoqda.
Markaziy himoyachilar Virjil van Deyk va Ibrahima Konate Yurgen Kloppning eng yaxshi tanlovi bo‘lib qolmoqda, bu juftlikni Jo Gomes, Joel Matip va Nataniyel Fillips qo‘llab-quvvatlamoqda. Yozda Matip shartnoma bo‘yicha o‘zining so‘nggi yilini boshlaydi va Fillips muntazam o‘yin amaliyotigayega bo‘lish uchun ketishini mumkin, shuning uchun klubga himoyachi kerak bo‘ladi. Raqobat va potensial transfer narxini hisobga olsak, bu Gvardiol bo‘lishi dargumon.