Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Po‘latxo‘jani «Po‘lat» qilgan Xoldorxon aka

Po‘latxo‘jani «Po‘lat» qilgan Xoldorxon aka

Baho:
+ | -

PO‘LATXO‘JA XOLDORXONOV XONADONIGA TASHRIF.

1-18 mart kunlari yurtimiz yashil maydonlarida o‘tkazilgan U-20 toifasidagi OKda qit’a chempioniga aylangan O‘zbekiston yoshlar termasi futbolchilari bugun har joyda e’zozda. Axir ular chindan ham, katta jasorat bilan qahramonlik ko‘rsatishdi. «Oltin» jamoamiz hujumida kuchli taassurot uyg‘otgan yigit - bu «Paxtakor» vakili Po‘latxo‘ja Xoldorxonov. Istiqboli hujumchini muxlislarga yaqinroq tanishtirish maqsadida yaqinda futbolchi xonadonida bo‘ldik va nafaqat o‘zi, balki yaqinlari bilan ham bafurja suhbatlashdik.

Xonadonda avvalo, Po‘latxo‘janing bugungi darajaga yetishida katta mehnati singgan Xoldorxon aka Po‘latov (futbolchining bobosi)ni suhbatga tortdik: 

- Avvalo, barchani muborak Ramazon oyi hamda terma jamoamizning tarixiy g‘alabasi bilan chin qalbimdan tabriklayman. Po‘latxo‘jaga kelsak, undagi iqtidorni bolaligidayoq payqab, o‘zim mini-maydonlarda shug‘ullantira boshlaganman. 8 yoshidan esa 2 yil davomida Kosonsoy BO‘SMda Shodmonxon Mamatov qo‘l ostida futbol sir-asrorlarini o‘rgandi. Shundan so‘ng Po‘latxo‘jani «Bun­yodkor» akademiyasiga olib bordim va nabiram 10 kunlik ko‘rikda qatnashib, sinovlardan muvafaqqiyatli o‘tdi. Shu tariqa 2014 yilning aprelidan Furqat Samedov qo‘l ostida «Bunyodkor-B» guruhida shug‘ullana boshladi. Uning ortidan buvisini olib, poytaxtga ko‘chib bordik, «Bunyodkor» akademiyasiga yaqin hududdan ijaraga uy olib, Po‘latxo‘ja tarbiyasi bilan o‘zimiz shug‘ullandik. O‘g‘lim, ya’ni Po‘latxo‘janing amakisi ham vaqtida futbol bilan shug‘ullangan, ammo keyinchalik mash­g‘ulotlarni to‘xtatib qo‘ygandi. Qisqasi, nabiramdagi iqtidorni ko‘rib, shu bola yetuk futbolchi bo‘lishi uchun qo‘ldan kelganicha harakat qilishga bel bog‘ladim. Po‘latxo‘ja «Bun­yodkor»da 5 yil davomida shug‘ullangan bo‘lsa, unga imkon qadar sharoitlar yaratib berdik. Ayniqsa, buvisi ikkimiz hamisha yonida bo‘ldik, bolalarcha injiqliklarini ko‘tardik. Deylik, o‘yi­ni o‘xshamay qolgan paytlar qo‘shimcha motivasiya berish uchun nimalarnidir o‘ylab topardik. O‘sha payt «Bunyodkor»da ishlagan Otabek G‘ulomxo‘jayev bir kuni Po‘latxo‘jani «Paxtakor»ga o‘tkazishni taklif qildi. «Paxtakor» akademiya­sida bu yosh toifasi bilan marhum Mixail Anning o‘g‘li Dmitriy shug‘ullanar ekan. Bordik, gaplashdik va barchasi ijobiy hal bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay, Po‘latxo‘ja kichik yoshlilar turnirlarida to‘purarlik qobiliyatini ko‘rsata boshladi. Shu asnoda avvaliga o‘rinbosarlar mashg‘ulotlariga qo‘shildi, keyin nabiramni asosiy tarkibga tortishdi. Jumladan, «Paxtakor»ning sobiq murabbiyi Piter Xyus­t­ra e’tiboriga tushdi, Saudiya Arabistonida tashkillashtirilgan OCHL guruh bosqichida qatnashdi, gol urib,  jamoasiga g‘alaba taqdim etdi.

- OK finalidan 2 kun o‘tib, Toshkentda tashkillashtirilgan taqdirlash marosimida qatnashdingiz, futbolimiz rahbarlari va keng jamoatchilikdan minnatdorchiliklar qabul qilib oldingiz. Shu lahzada qariyb 10 yillik mashaqqat, nabira ortidan yelib-yugurishlar esingizdan chiqib ketgandir...

- Albatta. E’tibor kutilganidan o‘n chandon ortiq bo‘ldi. Prezidentimiz avvaliga final o‘yinini stadionda kuzatib, yigitlarga qo‘shimcha motivasiya berdilar. Kubokni o‘z qo‘llari bilan topshirib, g‘alabani birga nishonlaganlari - yigitlar uchun bir umrlik xotira! Taqdirlash marosimi ham yuqori darajada tashkil etildi. Albatta, farzand va nabiralar kamolini ko‘rish - katta baxt. Fursatdan foydalanib, Po‘latxo‘janing hujumchi sifatida shakllanishida mehnati singgan barcha murabbiylarga minnatdorchilik bildiraman. Kelgusida yanada mahoratli yoshlarni tarbiyalashlariga tilakdoshman.

Shundan so‘ng futbolchining buvisi - Asilaxon ayaga ham mikrofon tutdik:

- Avvalo, chempionlik butun O‘zbekiston, jumladan, Namangan va Kosonsoyimizga muborak bo‘lsin. Bu yutuq butun xalqimizniki, albatta. Terma jamoamizning Osiyo chempionati doirasidagi barcha o‘yinlarini bevosita stadionda kuzatdim. Po‘latxo‘ja bolaligidan bizning nazoratimizda ulg‘aygani uchunmi, har bir o‘yinga borib, qo‘shimcha kuch bag‘ishlab turishimizni so‘radi. Shukr, chiroyli g‘alabalarni birga nishonlash nasib etdi. Mana, bugun eng baxtiyor insonlar qatoridamiz. To‘g‘ri, bu kunlarga yetguncha qancha mashaqqat chekkanimiz haqida soatlab gapirishim mumkin. Ba’zida farzandlarini futbolga yo‘naltirishni xohlagan ota-onalar mendan maslahat so‘rashadi. Ularga oddiy javob beraman: «Bir futbolchi tarbiyalagandan ko‘ra, o‘n shifokor yetishtirish osonroq». Ko‘pchilik bolani akademiyaga kiritish uchun qanchadir pul berish kerakligi haqida gapiradi yoki shunday o‘ylaydi. Yo‘q, aslida unday emas. Har holda, Po‘latxo‘ja ortidan borib, Toshkentda yashadik va uy ijarasi, nabiramning turnirlardagi ishtiroki uchun yo‘l xarajati va shunga o‘xshash narsalarga pul to‘laganmiz, xolos.

- To‘g‘risini ayting, biror marta tanlangan yo‘ldan chekinish haqida o‘ylaganmisiz? Deylik, Po‘latxo‘ja jarohatlan yoki oyog‘iga zarba qabul qilgan paytda...

- Yo‘q, o‘ylagan bo‘lsam ham, tilimga chiqarmaganman. Po‘latxo‘ja ba’zi o‘yinlarda o‘zini ko‘rsatolmasa, bobosi biroz qizishib, tanbeh berardi. Bola borki, u mehrga tashna. Tug‘ilib-ulg‘aygan uyi, ota-onasi, o‘rtoqlaridan uzoqda yurish oson emas, albatta. Umuman, boshimizdan qanday sinovlar, og‘ir kunlar o‘tganiga «Bunyodkor» stadioni atrofidagi barcha predmetlar guvoh. Ayniqsa panjaralar. Kechagi taqdirlash marosimida ham o‘sha qadrdon panjaralarni ushlab turgancha barchasini xayoldan o‘tkazdim. Shukrki, barchasi ortda qoldi. Hozirda nabiram Eldor Shomurodovning agenti bilan shartnomaga ega. U Po‘latxo‘jaga Toshkentdan uy olib berdi. Endi ortidan Indoneziyada bo‘lib o‘tadigan JCHga bormoqchi.

Davrali suhbat jarayonida futbolchining otasi A’zamxo‘ja aka Po‘latov fikrlariga ham qiziqdik, albatta:

- Birinchi navbatda, ham­yurtlarimizga cheksiz minnatdorchilik bildirishim kerak. Zero, ular Osiyo chempionati davomida terma jamoamizni chinakamiga qo‘llab-quvvatlab turishdi. Bu yutuq butun xalqimizniki, albatta. Ayniqsa, Po‘latxo‘jani futbolchi bo‘lishida mehnati singgan ota-onam uchun xursandman. Po‘latxo‘jadagi iqtidorni otamning o‘zlari payqab, uning futbol bilan shug‘ullanishida katta tashabbus ko‘rsatganlar. Qisqasi, farzandimizning bugungi yutuqlari zamirida ota-onamning hissalari katta. Ilohim, Po‘latxo‘ja kelgusida klubi va terma jamoalari tarkibida o‘zini ko‘rsatib, bundanda katta yutuqlarga erishsin, xalqimizga quvonch ulashaversin.

Yakunda qahramonimizning o‘zi - Po‘latxo‘jaga ham yuzlandik: 

- Albatta, oilamiz, ayniqsa, bobomning kuchli e’tibori ortidan professional futbolchiga aylandim. Turnirga kelsak, barchasi ajo­yib o‘tdi. O‘zi boshidan faqat chempionlikni ko‘zlagandik. Guruh bosqichi 1-turidan finalgacha - har bir o‘yin o‘ziga yarasha qiziqarli va og‘ir kechdi. Muxlislar ham qo‘shimcha kuch bag‘ishlashdi va go‘zal muhit yaratishgani uchun ularga alohida rahmat aytish kerak.

- Avstraliya termasiga qarshi o‘yindagi g‘alaba ortidan biz uchun JCH eshiklari ochildi. Shundan so‘ng bosim ham yo‘qoldi va futbolchilar yanada erkinroq o‘ynay boshlashdi...

- Yo‘q, aslida birinchi o‘yindan keyinoq bosim chekingandi. Har holda, hech kim ortiqcha bosimni sezmadi, menimcha. 

- Finaldan keyingi taqdirlash marosimi lahzalari hamon miyangizda charx urayotgandir...

- Taqdirlash marosimi nafaqat bizga, balki o‘zbek futboliga befarq qaramaydigan har bir insonga unutilmas bo‘ldi. Muhtaram Prezidentimiz bilan ko‘rishdik, kubokni qo‘llaridan qabul qilib oldik, g‘alabani birga nishonladik. Bunaqasi unutilmaydi, albatta.

- Endi klub haqida: «Paxtakor» ketma-ket ikki mag‘lubiyatdan keyin «Navbahor»ni mag‘lubiyatga uchratdi... 

- O‘ylaymanki, bu g‘alaba «Paxtakor»ning o‘ziga kelib olishiga yetarli. Axir turnir favoritlaridan biri mag‘lubiyatga uchratildi. Jamoa bu o‘yinga o‘zgacha kayfiyatda tayyorgarlik ko‘rgani yaqqol sezildi. Xudo xohlasa, g‘alabali seriyalar hali oldinda.

- Shaskix boshqaruvida bu yil ham chempion bo‘la olasizlarmikan?

- Jamoa o‘tgan mavsum buni uddaladi. Bu yil ham chempionlik sari astoydil mehnat qilamiz. Ha, Superliga biroz sensasion tarzda boshlandi: 3-turdan keyin «Neftchi» va «Bunyodkor» peshqadam bo‘lib  turibdi. Lekin «Paxtakor» o‘z o‘rnini qaytarib olishga qodir, bunga ishonaman.

- O‘tgan mavsum «Olimpik»da salohiyatli murabbiylardan biri Temur Kapadze qo‘l ostida shug‘ullandingiz. Uning nazoratida kutilgan darajada o‘sishga erishdingizmi?

- Birinchidan, «Olimpik»da o‘ynashimga imkoniyat bergan barcha insonlar va har ikki klubga rahmat yo‘llashim kerak. Menga ishonch bildirib, o‘yin amaliyoti taqdim etgani uchun Temur akadan ham minnatdorman. O‘ylaymanki, «Olimpik»dagi vaqt zoye ketmadi va o‘yinim ma’lum darajada yaxshilandi.

Xurshid YUSUPOV yozib oldi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 15:19, 02.04.2023.
O'qildi: 2387 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.