Kirish Ro'yxatdan o'tish
19/12 01:30 Vilyarreal 1-1 Rayo Valyekano
19/12 01:30 Espanyol 1-1 Valensiya

Adriyen Rabyo: «Aqldan ozgan ot» deyishlari g‘alati, lekin menga yoqadi»

Adriyen Rabyo: «Aqldan ozgan ot» deyishlari g‘alati, lekin menga yoqadi»

Baho:
+ | -

Fransiya, Parijdan 50 kilometr janubda, Roshforning ulkan o‘rmonidagi daraxtlar ko‘zni va tasavvurni hayajonlantiradigan ajoyib sukunatda, Fransiya terma jamoasi esa Yevro-2024 saralash bosqichini ishonchli g‘alabalar bilan boshladi.

 Dastlab o‘z uyida Niderlandiya tiz cho‘ktirildi - 4:0! Keyin Irlandiya mehmoni bo‘lib, kamtar hisob (0:1) bilan bo‘lsa-da, g‘alabaga erishdi. Shu o‘yinlarda «uchranglilar»ning markazini yondirgan futbolchi - «Yuventus» yarim himoyachisi Adriyen Rabyo bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmas. 28 yoshli futbolchi Tuttosport nashriga bergan intervyusida bir qator o‘z muxlislarini qiziqtiradigan savollarga javob berdi.

- Adriyen, futbol o‘ynashni qachon va qayerda boshlagansiz?

- Olti yoshimda «Kretey» klubida o‘ynashni boshlaganman. O‘shand Parij chekkasida ko‘k-oq rangli libosda o‘ynardim - hammasi shu taqlid boshlandi. Keyin, 13 yoshimda akam va onam bilan Angliyaga bordik, u yerda bir yilcha o‘ynadim va Fransiyaga qaytishga majbur bo‘lgandim - shartnoma bilan bog‘liq muammolar yuzaga keldi. Mamlakatimizga qaytib, dam olish kunlari «Po»da o‘ynadim, hafta orasida esa «Pireney» mashg‘ulot markazida shug‘ullandim. Bir yarim yil shu tarzda o‘tdi, keyin Parijga qaytdim va u yerdan meni 15 yoshimda «PSJ»ga olib ketishdi.

- Qaysi jamoa muxlisi bo‘lgansiz, kumiringiz kim bo‘lgan?

- «Liverpul»ga muxlislik qilganman, chunki Stiven Jerrardning muxlisi edim. U tom ma’noda orzularim ilhomi bo‘lgan va shuning uchun ham ushbu jamoaga mehrim boshqacha bo‘lgan. Shuningdek, Zidan o‘yinlaridan ham ilhom olganimni aytmasam adolatdan bo‘lmas.

- Siz har doim yarim himoyada o‘ynaganmisiz yoki futbol o‘ynashni boshqa pozisiyada boshlaganmisiz?

- Bolaligimda meni «to‘qqizlik» pozisiyasiga, hujum ortiga qo‘yishardi. Balkim yaratuvchanlik mahoratimni yuqori baholashgandir, har holda klassik yarim himoyachiga aylantirishdi, lekin o‘zimga qolsa, hujumda o‘ynashni yaxshi ko‘raman, bunga moyil ekanligimni his qilaman.

- Sizni «aqldan ozgan ot» deb atashadi va sizga bu taxallus yoqadi, degan taassurot paydo bo‘ladi... Ot niqobi videosi ijtimoiy tarmoqlarda xit bo‘ldi. Hayotingizda haqiqatan ham aqlga sig‘mas ishlarni qilganmisiz?

- Menga bunday taxallus berilgani g‘alati, lekin tan olaman, aslida yoqdi. Hayotda esa bosiq va xotirjam yigitman. Ammo maydonda o‘zgaraman, ot bilan o‘xshashliklarimiz bor - erkin, kuchli va elegant.

- To‘rt yil ichida «Yuventus»da hech qanday mubolag‘asiz asosiy tarkib o‘yinchisiga aylandingiz. Ushbu klubning boshqalariga nisbatan o‘ziga xos xususiyati nimada?

- Xususiyati shundaki, har doim ish bor va men buni yaxshi ko‘raman, chunki har doim qattiq ishlashga va kuch sarflashga harakat qilardim - bugungi holatimga erishganimning haqiqiy sababi shu. Men boshqa Italiya klublari bilan tanish emasman, lekin u yerda Turindagiga o‘xshash narsa yo‘q deb o‘ylayman.

- Kelajagingizni qanday ko‘rasiz va bu haqda bizga qachon aytasiz?

- Hozircha hech qanday yangilik yo‘q, lekin bu haqda tez orada gaplashamiz, chunki ikki oylarda mavsum tugaydi va biz hamma narsani muhokama qilishga harakat qilamiz. Men xotirjamman. Ketish imkoniyati mavjud, ammo men boya tushuntirgan barcha sabablarga ko‘ra «Yuve» bilan yangi shartnoma imzolash imkoniyatim ham bor. Turinda o‘zimni juda yaxshi his qilyapman, klubda yaxshi ishlayapman, rahbariyat, jamoadoshlar va murabbiy bilan yaxshi munosabatdamiz. Bu menga ikki yil davomida katta yordam berdi va kuchli ishonch hissini berdi. Menimcha, bularning barchasi o‘zingizni yaxshi his qilish va keyin qaror qabul qilish uchun muhimdir.

- Yarim himoyachi sifatida qaysi jihatlaringizni yaxshilashni xohlaysiz?

- Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, hamon rivojlanishdaman. To‘g‘ri, yaxshilash kerak bo‘lgan boshqa jihatlar ham bor, masalan, uzoq masofadan zarbalar. Men hali ham muhim o‘yinchi ekanligimni isbotlayapman, lekin, albatta, o‘z darajamni yanada oshirishim mumkin. Agar shunday qilsam, o‘yinlarga ta’sirim yanada ko‘proq bo‘lardi.

- Jamoa Chempionlar Ligasiga «A» seriyasi orqali yo‘llanma olishi mumkinligiga ishonasizmi yoki Yevropa Ligasi orqali bunga erishish osonroqmi?

- 15 ochkolik jarimasiz, albatta, biz asosiy futbol turniriga osonlikcha yo‘l olishimiz mumkin edi. Ammo rostini aytsam, mavsumning ikkinchi yarmidagi natijalarimiz va yigitlarning kuchi shuni ko‘rsatadiki, biz ushbu jarima bilan ham YECHLga yo‘l olishimiz mumkin. Men bunga ishonaman, men uchun biz hozir 2-o‘rinda turibmiz, chunki maydondagi natijalar bu haqda gapiradi. Agar Yevropa Ligasida g‘olib chiqsak, biz avtomatik ravishda keyingi mavsum YECHLda o‘ynaymiz.

- «Yuventus»ni Yevropa Ligasining favoriti deb atay olasizmi?

- Yaqqol favorit yo‘q, chunki yaxshi jamoalar ko‘p, lekin biz muhim narsaga erishmoqchimiz. Agar so‘nggi bir necha haftaga nazar tashlab, o‘yinlarimizni eslasam, g‘alaba qozonganimizdan faxrlanaman.

- Italiyadagi to‘rt yilligingizda qaysi o‘yinchi eng katta taassurot qoldirdi?

- Bu mavsum shubhasiz Osimxenni alohida e’tirof etaman. U ajoyib natijalar ko‘rsatmoqda. Shuni aytishim kerakki, u o‘tgan mavsum va «Lill»dagi davriga nisbatan ancha yaxshilandi. Hamma bu katta salohiyatga ega yigit ekanligini bilar edi, lekin to‘liq ochilishi aynan hozirga to‘g‘ri kelmoqda. Lekin undan oldin, ilk kelgan kunlarimda, Dibala meni hayratda qoldirgandi: Paulo o‘yin natijasini hal qiladigan ajoyib zarbalarga ega.

- Massimiliano Allegri haqida nima deysiz? U esa sizni maqtashdan charchamaydi.

- Menimcha, Allegri juda ko‘p o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Menimcha, birinchi navbatda, u jamoani juda yaxshi boshqarishni biladi va ba’zida o‘yinchilar bilan otalar kabi gaplashadi. U jamoaning barcha a’zolari bilan qanday gaplashishni biladi, ularning ruhiy xususiyatlarini tushunadi. Keyin u butun guruhni qanday rag‘batlantirishni ajoyib tarzda biladi. Hatto eng qiyin paytlarda yoki bosim ostida bo‘lsa ham, u har doim to‘g‘ri so‘zlarni to‘g‘ri ohangda qanday topishni biladi. U bizni hech qachon taslim bo‘lmaslikka undaydi va har doim o‘zi his qilgan har qanday keskinlikni qanday yashirishni biladi.

- Italiyaliklar haqida sizga eng yoqadigan narsa nima?

- Men fransuzman va shuning uchun dunyoqarashim italiyaliklarga qaraganda boshqacha, lekin xalqingizni juda muloyim deb bilaman.

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:50, 04.04.2023.
O'qildi: 1145 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.