Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Samvel Babayan: “Biz bu musobaqaga jiddiy qaraymiz”

Samvel Babayan: “Biz bu musobaqaga jiddiy qaraymiz”

Baho:
+ | -

O‘zbekiston kubogi “F” guruhi, 1-turidan o‘rin olgan “Olimpiya” – “Navbahor” (1:4) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mehmonlar bosh murabbiyi Samvel Babayan ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi.

Samvel Vyacheslavovich o‘z so‘zini odatdagidek o‘yin haqidagi fikrlari bilan boshladi.

— Assalomu alaykum! Xayrli kech! Avvalo, ushbu uchrashuv o‘tkazilgan joy haqida gapirmoqchi edim. Mazkur stadion joylashgan kollej o‘zbek futbolidagi murabbiy, futbolchi va boshqa mutaxassislarni yetishtirib bergan ajoyib dargoh. Bundan ancha yillar avval o‘zim ham shu yerda tahsil olganman. Bu joyga qaytish menga juda ham ajoyib hislarni berdi. “Navbahor” tarkibidagi ko‘plab futbolchilar ham aynan shu yerda bilim olishgan. Bu o‘quv dargohi nafaqat futbol borasida bilim beradigan, balki, o‘z yurtini sevadigan, vatanparvar, o‘z kasbiga sodiq bo‘lgan shaxslarni ham  tayyorlaydigan ajoyib maskan hisoblanadi. Olimpiya zaxiralari kolleji ma’muriyati va Odil Ahmedov futbol akademiyasi vakillariga ajoyib futbol muhitini yaratganliklari uchun rahmat aytaman. Bugun, mana bu yerda katta futbol ko‘rdik. “Navbahor”ga qarshi maydonga tushgan yoshlar qanchalik mahoratga ega ekanliklarini bugun ko‘rsatishdi. O‘ylaymanki, kelajakda ular rivojlanishda davom etishadi va terma jamoada o‘ynash darajasiga chiqishadi.

O‘yinga kelsak, biz bugun tarkib bilan biroz tajriba o‘tkazdik, o‘yin amaliyati bo‘lmagan futbolchilarga imkoniyat berdik. Muhimi, natija qoniqarli. E’tirozlar, kamchiliklar albatta bor. Buning ustida ishlashda davom etamiz. Umuman olganda, bu kabi o‘yinlarga to‘g‘ri tayyorlanish biroz mushkul bo‘ladi. Yigitlarga ushbu bahs muhimligi haqida qancha gapirilsa ham baribir raqibdan bir bosh ustun ekanimiz ularning xayolidan o‘tadi. Shu sababli ham, yigitlarning barcha imkoniyatlarini ishga solishlari biroz qiyin kechdi. Biz bunga oxirgi 10 daqiqada erishdik va bor kuchimiz bilan harakat qila boshladik.

— O‘yindan so‘ng Odil Ahmedov bilan suhbatlashganimizda, u “Navbahor”ning asosiy o‘yinchilari ushbu uchrashuvda maydonga tushishlari muhim bo‘lganini aytdi. Bizda o‘z-o‘zidan Odil Ahmedov uchrashuv oldidan sizdan aynan asosiy futbolchilarni maydonga tushirishini so‘ragani haqida faraz paydo bo‘ldi. Albatta, yosh futbolchilarga tajriba bo‘lishi sifatida. Bu qanchalik haqiqatga yaqin?
— Yo‘q, men faoliyatim davomida raqib jamoa vakillari bilan biror marta  nimanidir kelishib olmaganman. Bu masalaga kelsak, biz asosiy tarkib bilan o‘ynashga majbur edik. Ayniqsa, o‘yinning oxirida. Birinchidan, biz bu musobaqaga jiddiy qaraymiz. Ikkinchidan, bizda boshqa futbolchilar yo‘q. Jamoada 13-14 nafar o‘yinchilar bor. Biz faqat bir tarkib bilan o‘ynaymiz. Qolganlar yoshlar. Shu sababli ham biz tavakkal qilishni istamadik.

Bundan tashqari, o‘yin amaliyoti ham kerak edi, chunki turlar orasidagi muddat 9 kunni tashkil qiladi.

— “Navbahor” o‘rinbosarlar tarkibi sizning talabingizga javob bermaydimi? Bugun jamoangiz 2006-2007 yillarda tug‘ilgan futbolchilarga qarshi maydonga tushdi. Shu nuqtai nazardan qaralsa, o‘rinbosarlar tarkibini maydonga tashlasangiz ham bo‘lardi...
— Men bir narsani ko‘p aytganman. Men futbolda tajribalarni qabul qilmayman. Klubda tajribalar emas, aniq strategiya bo‘lishi kerak. Yevropa yoki boshqa joylarda ikkinchi darajali turnirlarda har xil tajribalar qilishadi. Biz esa O‘zbekiston kubogiga jiddiy yondoshmoqdamiz. Shu bilan birga, yigitlarda o‘yin amaliyoti bo‘lishi kerak. Yoshlarga kelsak, bizda iqtidorli yosh futbolchilar yetarli. Masalan, U-17 terma jamoasi yig‘inlariga to‘rt  nafar futbolchini jo‘natamiz. Umuman olganda, taxminan 6 nafar futbolchimiz bu jamoaga nomzod.

Shuningdek, “Navbahor”ning 2 nafar futbolchisi O‘zbekiston – U-20 terma jamoasining Ispaniyadagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida qatnashmoqda. Shuningdek, ta’kidlaganimdek, 4 nafar vakilimiz ertaga O‘zbekiston – U-17 termasi safiga qo‘shiladi. Bu esa “Navbahor” uchun yuqori natija sanaladi.   

— “Olimpiya” futbolchilari ichidan ko‘zga tashlangani bo‘ldimi?
— Albatta, iqtidorli yigitlar bor. Masalan, “Olimpiya” safida gol urgan hujumchi. U aynan “Navbahor” futbolchisi hisoblanadi va hozirda ijarada. U bugun ikki tomonlama ishtiyoq bilan o‘ynadi. “Olimpiya”da yetarlicha yaxshi o‘yinchilar bor. Bugun biz buni ko‘rdik.

— “Olimpiya” o‘yinini tahlil qildingizmi? Jamoa qanday o‘yin ko‘rsatdi? “Navbahor” o‘z darvozasidan o‘tkazib yuborgan to‘pda nima yuz berdi?
— O‘tkazib yuborilgan to‘pga kelsak, agar bugun VAR bo‘lganida, gol bekor qilinardi. Chunki, u yerda darvozabonga hujum bo‘lgandi. Bugun hakam kurashishga qo‘yib berdi. Umuman olganda, butun chempionatda shunday kurashlar bo‘lishi kerak. Xorijga chiqqanimizda, bizga biroz noqulay bo‘ladi. Sababi, mahalliy chempionatda o‘zaro kurashlarga unchalik ham imkoniyat qoldirilmaydi. Osiyo maydonlarida esa hakamlar kurashishga qo‘yib beradi. Bu yaxshi, albatta. Golda darvozabonga nisbatan qo‘pollik bo‘lgandi. Posbonimiz simulyasiya qilmadi. U terma jamoa darvozaboni, u birinchi raqam. Raqib o‘yinini albatta o‘rgangandik. Ular qanday o‘ynashadi, standart vaziyatlarda qanday harakat qilishadi. Barchasini o‘rgangandik. Bizda bu ishni bajaradigan alohida tahlilchilar guruhi bor.

— O‘zbekiston kubok uchrashuvlari doirasida endigina professionallikka qadam qo‘yayotgan jamoalar “Navbahor”, “Paxtakor”, “Bunyodkor” kabi yirik klublar bilan o‘ynamoqda. Kichik tumanlarga ham grand jamoalar tashrif buyurishmoqda va u yerdagi muxlislar uchun bu albatta yaxshi. Shu haqda fikr bildirsangiz...
— Albatta, bu futbolimizni ommaviylashtiradi. Sir emaski, aynan shu kabi bellashuvlarda yangi nomlar paydo bo‘ladi. Ular shu kabi o‘yinlardan tramplin sifatida foydalanishadi. Bu juda yaxshi boshlanish. “Olimpiya” shunga misol, albatta. Xorij futbolidan ma’lumki, grand klublar shu kabi kichik jamoalar bilan o‘ynab, ba’zida mag‘lubiyatga ham uchrashadi. Bu esa o‘sha jamoa rivojlanishiga va o‘sha jamoadagi futbolchilar uchun katta futbolga qadam bo‘lishi mumkin. Bu juda yaxshi narsa.

— Agar VAR bo‘lganida, balki, “Navbahor” penalti tepmagan, aksincha, “Olimpiya” penaltiga ega bo‘lgan bo‘lardi. Bundan tashqari, “Navbahor”ning 3-goli o‘yindan tashqari holat sababli, bekor bo‘lgan bo‘lardi. Umuman olganda, oxirgi vaqtlardagi hakamlarning xatolari jamoalarga qanday zarar keltirmoqda?
— To‘g‘risi, hakamlikni muhokama qilish niyatim yo‘q. Hakamlar ham biz kabi insonlar. Agar men gapirsam, juda ko‘p gap bor. Biroq, bir narsani aytib o‘tishim joiz, ba’zi jamoalardan farqli o‘laroq, biz hech qachon bu borada nolimaymiz. Ba’zi jamoalar o‘zaro o‘yinlarimizdan so‘ng, penalti bor edi, penalti yo‘q edi, deya e’tiroz bildirishni boshlab yuborishadi. Men hozir faqat faktlarni gapiraman. Uchinchi turda istalgan chempionatda hisoblanadigan gol urdik. Ammo golimizni bekor qilishdi. Penalti tepilayotganida, raqib o‘yinchisi o‘sha paytning o‘zida futbolchimiz tomon yugurib keldi. Bu narsalarni biz gapirmaymiz. Hakamlarga esa xato qilish hos narsa, chunki ular ham inson. Biz hech qachon bu kabi mavzularni ko‘tarmaymiz. Agar ayb qidirish kerak bo‘lsa, inson aybni o‘zidan izlashi kerak. Biz mag‘lubiyatga uchrasak, hakamning xatolaridan emas, o‘z aybimiz bilan mag‘lub bo‘lgan bo‘lamiz. Hakamlik qiyin soha, soniyaning qandaydir ulushida kerakli qarorni qabul qilish kerak. Oxirgi turlarda o‘zining barcha kamchiliklarini hakamlarning xatosi bilan xaspo‘shlab, qahramonga aylanishga harakat qilayotganlarni ko‘ryapmiz. Bunaqasi bo‘lmaydi. Inson har bir holatda o‘zi bajarayotgan ishga layoqatli ekanligini ko‘rsatishi kerak.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

Manba: www.pfcnavbahor.uz
Kiritildi: 05:00, 20.04.2023.
O'qildi: 1335 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.