Bundan bir necha oy muqaddam Jyulyen Dyuranvil nomi hatto ona-yurti Belgiyada ham ko‘pchilikka notanish edi.
Sentyabr oyi avvalida qayd etilgan kamyob natija uni butun mamlakatga tanitdi: 16 yoshli yigitcha bir hafta ichida Belgiyaning oliy va ikkinchi divizionlarida o‘zining debyut gollarini amalga oshirdi. Shu tariqa Jyulyen 2006 yilda tug‘ilgan tengdoshlari orasida birinchi bo‘lib gol urgan futbolchiga aylandi. Bundan tashqari, «Anderlext»ning eng yosh to‘purarlari ro‘yxatida 4, o‘rindan joy oldi.
Shundan keyin Dyuranvil asosiy jamoa tarkibida ko‘proq maydonga tusha boshladi. Biroq tez orada mushaklari shikastlanishi oqibatida maydonga tusha olmay qoldi. Lekin uning «Anderlext» asosiy tarkibidagi 373 daqiqalik ishtiroki 2006 yilda tug‘ilgan yosh iqtidorlar o‘rtasida top-ligalar o‘nligida peshqadam bo‘lib olishi uchun yetarli bo‘ldi. Qo‘shimchasiga, uni o‘z tarkibiga qo‘shib olishga qaror qilgan Dortmundning «Borussiya»si navqiron vinger uchun 12,5 mln. yevrodan voz kechdi. Vaqti kelib, Dyuranvil boshqa jamoaga sotiladigan bo‘lsa, «Anderlext» qo‘shimcha daromadga ega bo‘ladi.
Nima uchun «Anderlext» o‘zining eng zo‘r tarbiyalanuvchisidan voz kechdi yoki aynan hozir sotib yubordi?
Asosiy sabab shundaki, so‘nggi yillarda Belgiyaning eng nomdor va sovrindor jamoasi moliyaviy muammolar iskanjasida qolgan. Ko‘pmillionli qarzlar, turli to‘lovlar va boshqa xarajatlarni qoplash uchun sportdagi natijalardan olinayotgan daromad kamlik qilmoqda. Shunday murakkab vaziyatda iqtidorlar bulog‘i sifatida dong taratgan mashhur akademiya tayyorlab berayotgan noyob iqtidorlarni sotishga to‘g‘ri kelmoqda.
«Biz uchun sotib yuborishni rejalashtirmagandik. Biroq klubimizdagi moliyaviy holat shu qadar ayanchliki, kelishuvlarni amalga oshirishga majbur bo‘lyapmiz» - ayni paytda «Anderlext»ning sobiq sport direktoriga aylangan Peter Verbekening mazkur e’tirofi Dyuranvil haqida emas, 2020 yilda «Renn»ga sotib yuborilgan Jeremi Doku haqida edi. Biroq ism-sharif va sananing o‘zgarishi vaziyatni o‘zgartira olmaydi. Bundan tashqari, «Anderlext» uni ikkinchi marta qo‘yib yubormayotganini bilganida, (dortmundliklar o‘tgan yil yozida ham Jyulyenga xaridor bo‘lgandilar) Dyuranvil avvalgi shijoati bilan to‘p sura olmagan bo‘lardi. Yuqorida zikr etilgan mushaklar shikastlanishi ham e’tiborga molik jihat. Balki, belgiyaliklarni Dyuranvilning Doku kabi jarohatga moyil ekanligi tashvishlantirgandir. Nima bo‘lganda ham, yosh iqtidorning salomatligi - endi «Borussiya»ning muammosi. Jyulyen tibbiy ko‘rikdan o‘tgan - demak, ishga yaroqli.
Ha, hozircha yutuq «Anderlext» tomonida. Muxlislar Dyuranvil uchun shuncha mablag‘ undirgan yangi sport direktori Yesper Fredbergga tahsin aytishmoqda. Lekin yaqin kelajakda Jyulyen salomatligini tiklab, yuksak salohiyatini namoyish etganida, «Dortmund»ning zukkoligidan hayratda qolishlari hech gapmas.
R.IBROHIMOV tayyorladi