Joriy mavsum Angliya chempionati elit ligasida shu qadar ko‘p iste’fo kuzatildiki, «MYU» boshqaruvini qo‘lga olganiga hali 1 yil bo‘lmagan Erik ten Xag hozirdan eng uzoq muddatdan buyon ishlayotgan 9-bosh murabbiyga aylanib oldi. 2 aprel kuni «Lester» rahbariyati Brendan Rojers iste’fosini rasman tasdiqlagach, bu borada APL antirekordi qayd etildi - Shimoliy irlandiyalik joriy mavsum davomida ishdan haydalgan 11-mutaxassis bo‘ldi. Shundan atigi bir necha soat o‘tgach, Todd Bouli qo‘l ostidagi «Chelsi» Grem Potter pattasini qo‘liga tutqazish asnosida antirekordni yangilab qo‘ya qoldi.
*** Joriy mavsum APLda birinchi iste’fo 30 avgustdayoq kuzatildi - Skott Parker «Bornmut»dan haydaldi. Angliya chempionati elit ligasida 18 yildan buyon bunday tezkor iste’fo ro‘y bergan emasdi. Oxirgi marta avgustdayoq ishdan ayrilish holati mavsum-2004/2005da ro‘y bergandi. O‘shanda Bobbi Robson «Nyukasl»dan, Pol Starrok esa «Sautgempton»dan ketishga majbur bo‘lgan.
*** Joriy mavsum atigi 8ta jamoada bosh murabbiy almashgani yo‘q hozircha.
*** Bir mavsumda 12ta iste’fo - bu APL tarixidagi antirekord. Opta tahlil guruhi esa iste’folar ro‘yxatiga mavsum boshida «Chelsi»da ishlash uchun «Brayton» bilan xayrlashgan Grem Potterni ham qo‘shmoqda. Shundan kelib chiqsak, iste’folar soni 12ta emas, 13ta!
*** «Bornmut» rahbariyati Skott Parkerni 4ta o‘yindan keyinoq ishdan olgandi. APL tarixidagi barcha iste’folar yuzasidan aytsak, murabbiylar o‘rtacha hisobda har 10,8ta o‘yindan keyin «haydalish» kuyini eshitishadi.
*** Tezkor iste’fo masalasida antirekord esa Kenni Dalglish bilan yuz bergan. 1998 yili «Nyukasl» rahbariyati «Liverpul» afsonasi bilan atigi 2ta turdan so‘ng xayrlashishga qaror qilgandi.
*** «Tottenxem» naq 4 marta mavsumdagi iste’folar hisobini ochib bergan. «Shporlar» rahbarlari bu masalada ancha besabrlar. Ular 1994/1995 (Osvaldo Ardiles), 2003/2004 (Glenn Xoddl), 2007/2008 (Martin Yol) va 2008/2009 (Xuande Ramos) yillar mavsumlarida bechora murabbiylar boshlariga ilk iste’fo tamg‘asini bosishgan.
*** Diqqat qiling, joriy mavsum yakuniga yaqinlashayotgan pallada o‘tgan yilning may oyi oxirida ishga kirishgan Erik ten Xag APL klublarining amaldagi bosh murabbiylari ro‘yxati (faoliyat davomiyligi bo‘yicha)da 9-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Niderlandiyalik ortida «Bornmut»da Skott Parker o‘rnini egallagan Gari O'Nil kelmoqda.
*** Mikel Arteta, Xosep Gvardiola, Eddi Xau, Erik ten Xag, Tomas Frank, Yurgen Klopp, Stiv Kuper, Gari O~Nil va Ruben Selyes - bular xizmat daftarchasiga hali iste’fo tamg‘asi bosilmagan murabbiylar.
*** Iste’folar soni bo‘yicha Roy Xojson peshqadamlardan biri, albatta. Bunda ajablanadigan tomoni yo‘q. Axir 75 yoshli mutaxassis murabbiylik faoliyatini o‘tgan asrning 70-yillari boshlagan. Ispaniyalik Xulen Lopetegi esa iste’fo bo‘yicha juda «barqaror». Har holda, u faoliyati davomida 5 bora «haydalish» kuyini eshitishga ulgurdi. Ya’ni «Rayo Valyekano», «Portu», «Real» va «Sevilya» klublaridan tashqari, Ispaniya terma jamoasidan ham haydaldi.
*** Skott Parker APLdagi iste’fodan keyin Belgiyaning «Bryugge» klubi boshqaruvini qo‘lga oldi va u bilan xayrlashishga ham ulgurdi.
*** Bukmekerlar joriy mavsum yakuniga qadar kamida yana 1ta iste’fo ro‘y berishiga shubha qilishmayapti. Xususan, «Nottingem Forest» bosh murabbiyi Stiv Kuperning kursisi juda omonat. Zero, uning jamoasi qatorasiga 10ta o‘yindan buyon g‘alaba nimaligini bilmayapti va turnir jadvalidagi holati ancha tahlikali. Ko‘rinishidan, antirekord yaqin orada yana yangilanadi.
A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi