Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Aleksandr Xomyakov: «Tezkor gollar urishga harakat qildik va bunga erishdik»

Aleksandr Xomyakov: «Tezkor gollar urishga harakat qildik va bunga erishdik»

Baho:
+ | -

Superliganing 7-turidan o‘rin olgan “Andijon” – “Metallurg” (5:0) uchrashuvidan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

— Shak-shubhasiz, erishgan g‘alabamizdan benihoya xursandman. Albatta, ishonchli tarzda zafar quchganimiz meni juda ham quvontirmoqda. Raqiblar darvozasiga beshta gol urdik. Bu o‘z navbatida yigitlarning o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchni qaytarishlariga yaxshi dalda bo‘ladi, deb o‘ylayman. O‘yindan menda juda yaxshi taassurot qoldi. Qolaversa, yigitlarga ham qoyil qolish kerak. Ular maydonda borlarini berib o‘ynashdi. Asosiysi, ular musobaqa jadvalida yuzaga kelgan vaziyatni to‘g‘ri anglagan holda to‘p surdilar va faqat g‘alabagina mavqeimizni yaxshilash mumkinligini teran bilgan holatda maydonga tushishdi. Raqib ustidan osonlik bilan g‘alaba qozondik, deya olmayman. Albatta, “Metallurg” o‘ziga yarasha kuchga ega bo‘lgan jamoadir. Uning tarkibida bir qancha yaxshi futbolchilar to‘p surishadi. Ta’kidlashim joizki, uchrashuv boshidan kiritilgan tezkor gollar vaziyatni o‘zgartirib yuborishga sababchi bo‘ldi. To‘g‘ri, “Metallurg” safida ham kuchli ijrochilar yo‘q emas. Ammo bugun yigitlarimiz nafaqat menda, balki muxlislarda ham yaxshi taassurot qoldirgan holda to‘p surishdi. Ular taktik jihatdan ham ajoyib o‘ynadilar. Futbolchilarga alohida minnatdorlik bildirishim joiz. Chunki barchasi mas’uliyatni chuqur his qilgan holda to‘p surishdi. Xullas, menda hammasi qoniqarli bo‘ldi. Yigitlar o‘yin oldidan bergan ko‘rsatmalarimni to‘g‘ri va oxirigacha yetkazib bajardilar. Shu o‘rinda muxlislarimiz haqida alohida to‘xtalib o‘tmog‘im darkor. Har qanday vaziyatda ham bizni qo‘llab-quvvatlashmoqda. Bugungi erishilgan g‘alabani muxlislarimizga bag‘ishlasak to‘g‘ri bo‘lardi. Bu yutuqdan ruhlangan holda yana yurishda davom etamiz deb umid qilaman.

— Yirik hisobdagi g‘alabani kutgandingizmi?
— Albatta, murabbiy sifatida men ixtiyorimdagi jamoadan har doim g‘alaba kutaman. Bunday paytda raqibning kuchini ham inobatga olamiz. Bugungi bellashuvda biz tezkor gollar urishga harakat qildik va bunga erishdik ham. O‘z navbatida bu gollar o‘yin taqdirini va tizginini qo‘limizda ushlab harakat qilishimizga sabab bo‘ldi. Bugungi bahsda oldindan nimani rejalashtirgan bo‘lsak, barchasini amalga oshira oldik. Bundan faqat xursand bo‘lish mumkin. Yana takrorlayman: raqibimiz anoyi emasdi.

— Rubin Xebay nihoyat gol urdi va xet-trikka erishdi. Bu hujumchi haqida nima deysiz?
— Albatta, bugun xet-trikka erishgan shogirdimda hammasi yaxshi o‘xshadi. Uning uchun juda xursandman. O‘z o‘rnida aytishim joizki, yigitlar uning uchun ishlashdi. Rubin esa yigitlar uchun o‘ynadi. Lekin bugungi uchrashuvda kimnidir alohida ko‘rsatib o‘tishni xohlamagan bo‘lardim. Bu g‘alaba butun jamoaniki hisoblanadi. Futbolchilar o‘yinda borini berib to‘p surishdi. Shuningdek, omad ham biz tomonda bo‘lganini aytib o‘tishim darkor. Umuman olganda, erishilgan g‘alaba barchamizda yaxshi taassurot qoldirdi va o‘ylaymanki, keyingi bellashuvlarda ham shu ruhda davom etishga harakat qilamiz.

— “Andijon” qachon “Bobur Arena”ga qaytadi?
— Stadionda qachon uy o‘yinlarimizni o‘tkazamiz? Men bu savolga javob berishga qiynalaman. Ayni paytda “Bobur Arena”da ishlar olib borilmoqda. Bizga may oyining oxirida ishlar yakuniga yetadi, deb aytishgan. O‘ylaymanki, o‘sha paytga borib va’da ham bajariladi va biz uy uchrashuvlarimizni o‘z maydonimizda o‘tkazsak kerak. Agar hammasi joyida bo‘lsa, uy stadionimizda to‘p surish va muxlislarni xursand qilish juda boshqacha bo‘lardi. Yuqorida aytganimdek, ishqibozlarimiz bizni har qanday vaziyatda ham qo‘llab-quvvatlashyapti. Ulardan faqat minnatdor bo‘lmog‘imiz va quvontiradigan darajada o‘yin ko‘rsatishimiz kerak bo‘ladi. Chunki biz muxlislar uchun o‘ynaymiz va futbol ham aynan ishqibozlar uchun o‘ynaladigan sportning sevimli turidir.

— “Metallurg” o‘tgan turda OKMKni yutgandi. Bugun esa yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi. Raqib haqida yana nima deya olasiz?
— Ha, “Metallurg” o‘ziga yarasha jamoa. Uning kuchli va shuning barobarida kuchsiz tomonlari ham bor. Klub oldingi uchrashuvda g‘alaba qozongandi. Bugun esa biz uning zaif nuqtalarini topa oldik.

“Andijon” matbuot xizmati.

Manba: https://t.me/andijonpfc
Kiritildi: 23:12, 24.04.2023.
O'qildi: 1025 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.