Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Lamin Kamara: «Mutlaqo to‘g‘ri yo‘ldamiz va to‘xtamasligimiz kerak»

Lamin Kamara: «Mutlaqo to‘g‘ri yo‘ldamiz va to‘xtamasligimiz kerak»

Baho:
+ | -

Lamin Kamara - Senegal xalqining yana bir yoqimtoy va umidli futbolchisi.

19 yoshli yarim himoyachi fevral oyida mamlakat terma jamoasining Afrika Millatlar chempionatida g‘alaba qozonishida katta rol o‘ynadi. Shuningdek, keyinchalik U-20 jamoasini o‘z toifasidagi Afrika Millatlar kubogida zafar quchishga ilhomlantirdi. Asosiysi, Lamin ushbu turnirning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etildi. Fransiyaning «Mes» klubi bilan shartnoma tuzganiga hali ko‘p bo‘lmagan Kamara endi 20 yoshli futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatiga ham umid bilan qaramoqda va senegalliklar Argentinadan bosh sovrin bilan qaytishlariga ishonmoqda. Professional futbolda Kevin de Bryuyne, Idrissa Guye va Sadio Manedan ilhom oladigan Senegal U-20 jamoasi yetakchisi FIFA rasmiy saytida bergan intervyusida bu borada dangal gapirdi: «Nihoyat, Argentinada o‘tkazilishi aniq bo‘lgan kichik mundialda o‘z qit’amizda bejiz chempionlikka erishmaganimizni ko‘rsatishimiz kerak. O‘ylaymanki, jamoamiz bosh sovrin uchun kurashish salohiyatiga ega».

- Qisqa vaqt ichida 2ta yirik turnir g‘olibiga aylangan va individual sov­rinlarga ham ega chiqqan Lamin Kamara qanchalik uzoqqa borishni mo‘ljallayapti?

- Albatta, to‘xtashni xohlamayman. Ayni payt vujudim ishonchga to‘la. Bu yil o‘z oldimga yuksak marralarga intilish vazifasini qo‘yganman. Jumladan, Senegal termasiga jahonning eng kuchli jamoalari qatoriga kirish yo‘lida yordam berishim kerak. Ushbu maqsadga erishish uchun hali ham jismonan, ham ruhan toblanishim kerak. O‘ylaymanki, yuqori darajali o‘yinlarga loyiq bo‘lishga tayyorman. Ortda qolgan har bir uchrashuv va g‘alaba hamda sovrinlar ta’sirida o‘zimni maqsad sari yaqinlashayotgandek his qilyapman. Faoliyatimda biror jihatga befarq qaramayman, hammasiga e’tiborliman va qattiq ishlashda davom etaman. Zero, bizni oldinda Argentinada o‘tadigan yoshlar jahon chempionati kutmoqda. Mana, yaqinda Senegal futboli tarixida ilk marta Afrika Millatlar kubogi chempioniga aylandik va hozir to‘g‘ri yo‘ldan ketyapmiz. Tabiiyki, jahon futbolida raqobat darajasi juda baland, xususan, yoshlar terma jamoalari miqyosida ham. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, xalqaro maydonda Senegal uchun imkon boricha jon kuydirishimiz va odamlarga biz bilan faxrlanishlari uchun asos berishimiz kerak.

- Xalqaro musobaqalar birin-ketin ketayotgan pallada og‘ir yuklama va bosimni qanday yengasiz?

- Mana, hozirgina Senegal U-23 jamoasidan ham chaqiruv oldim! O‘zi Afrika Millatlar kubogi turniriga tayyorgarlik jarayoni boshlangan payt menda kuchli charchoq bor edi. Lekin mamlakat uchun o‘ynash baxti har qanday charchoqdan ustun. Deylik, yaqindagina Afrika Millatlar kubogi  chempionligini nishonladik va oradan ko‘p o‘tmay, boshqa musobaqa haqida o‘ylay boshladik. Bu ham maroq, albatta. Fursatdan foydalanib, bosh murabbiy Malik Daf va turnir davomida o‘z o‘yinimning eng yuqori nuqtasiga chiqishimga imkon bergan strategiyani amalga oshirgan barcha-barchaga minnatdorchilik bildiraman. Jamoa xodimlari chindan ham, yetarlicha dam olishim va vaqtida tiklanishimga zarur sharoitlar yaratib berishdi. Bunda mendan faqat bitta narsa talab qilindi - murabbiylar shtabi ko‘rsatmalariga amal qilish.

- Senegal oxirgi 13 oy ichida Afrika futbolining qoq markaziga aylandi. Ya’ni Afrika Millatlar kubogi, plyaj futboli, Millatlar chempionati va U-20 birinchiligida birin-ketin g‘alaba rasmiylashtirildi. Ushbu izchil muvaffaqiyatlar siri nima?

- Tabiiyki, bundan ham ko‘prog‘ini xohlaymiz. Qaytaraman, Senegal futboli to‘g‘ri yo‘lga tushib oldi va endi sur’atni pasaytirmasligimiz kerak. «Katta»larimiz - Sadio Mane avlodi bizga orzu qanday amalga oshirilishini ko‘rsatib berdi. Ya’ni aynan milliy jamoa misolida g‘alaba nimaligi teran angladik. Chempionlikka erishganingizda hammasi zo‘r bo‘ladi - odamlar baxtiyor, siz ham jismonan juda tez tiklanasiz. Bosh vazifa hammamizga ayon - Senegal xalqiga faxr tuyg‘usini  ulashish. Unutmaslik kerak, ushbu oltin davrdan oldin jamoalarimiz ko‘plab finallarda imkoniyatni boy bergandi. Xususan, 2019 yili Afrika Millatlar kubogi bosh sov­rinini alamli tarzda jazoirliklarga topshirdik. U-20 jamoasi esa 2015, 2017 va 2019 yillar qatorasiga 3ta finalni boy berdi. Muhimi, o‘sha mag‘lubiyatlar barcha - o‘yinchilar, murabbiylar va rahbarlar uchun o‘ziga xos saboq bo‘ldi. Milliy assosiasiya yillar davomida katta ishlarni amalga oshirdi va taraqqiyot uchun to‘g‘ri yo‘nalish tanladi, kerakli sharoitlar yaratdi. Endi shu harakatlar samarasini amalda ko‘rsatishimiz shart.

- Keyingi qadam - Argentina maydonlarida tashkillashtiriladigan U-20 toifasidagi jahon chempionati. Senegallik yoshlar nimalarga intilmoqdalar?

- Bo‘lajak JCHga Afrika chempioni maqomida boramiz. Hozirgi jamoa va Afrika Millatlar kubogida namoyish etilgan futbol bilan kichik mundialda ham nimagadir da’vo qila olamiz. Ishonchimiz komil, ushbu musobaqaga yaxshi tayyorgarlik ko‘ramiz. Ha, hozir kamtarlikni unutmaslik kerak, lekin cho‘chiydigan narsaning o‘zi  yo‘q.

- Aytingcha, qaysi yulduzlar o‘yinlari sizni o‘zgacha ilhomlantiradi?

- Avvalo, Idrissa Guyeni tilga olaman - bosh kumirim. Biz ko‘p gaplashganman. 5-raqamni olganimda ham, Idrissaga yaqinlashish xohishi bor. Menga yana Federiko Valverde va Kevin de Bryuyne ijrosidagi o‘yinlar yoqadi.

- Idrissa Guyeni eslatdingiz. Abdu Diallo esa «Tvitter»da Mamadu - Lamin Kamara juftligini aynan Guye va Sheyxu Kuyate o‘rtasida shakllangan tandemga o‘xshatdi. O‘sha taqqosni ko‘rdingizmi?

- Ha. Ammo aniqlik kiritish uchun aytaman, men Guyedan jussaliroqman, Mamadu esa Sheyxudan. Albatta, katta avlod vakillarining bizni kuzatib, qo‘llab-quvvatlayotganlarini ko‘rish juda yoqimli. Bunday taqqoslar bizni maydonda imkoniyat doirasidan ham ko‘proq darajada o‘ynashga undaydi.

- Mana, Fransiyaning «Mes» klubi bilan shartnoma tuzdingiz. Aynan shu klubni tanlashingiz sababini aytsangiz...

- Gap shundaki, «Mes» oldingi klubim - «Generasion Fut» bilan uzoq yillardan buyon samarali hamkorlik qiladi. Bilishimcha, «Mes» rahbariyati meni ham muntazam kuzatib kelgan va Afrika Millatlar chempionatidan keyin shartnoma tuzish jarayo­nini tezlashtirdi. Nega aynan «Mes»ni tanladim? Sadio Manening Yevropadagi birinchi klubi bo‘lgani uchun! Shuningdek, bu jamoada Papa Matar Sarr ham o‘ynagan. Klub va Senegal futboli o‘rtasida yaqin aloqa mavjud. Tanlovimdan xursandman, chunki «Mes» faoliyatimni rivojlantirish uchun juda qulay klub ekanligini bilaman. U-23 toifasidagi Afrika Millatlar kubogi saralashidan ke­yin Fransiyaga yo‘l olaman. Hozirdan klub safida shug‘ullanish onlarini sabrsizlik bilan kutyapman.

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 08:54, 28.04.2023.
O'qildi: 1206 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.