Argentina terma jamoasi va "Napoli" klubi afsonasi Diyego Armando Maradona 2020 yil yurak xurujidvn vafot etdi. Oradan 2 yil o‘tib Argentina terma jamoasi mundial g‘olibi, 2023 yilgi mavsumda esa "Napoli" 33 yillik tanaffusdan so‘ng "Skudetto"ni qo‘lga kiritdi. Neapolliklarning oxirgi chempionligi aynan Maradona to‘p surgan paytlarga to‘g‘ri keladi.
Shonli tarix
Ta’kidlab o‘tganimizdek, Neapol klubi o‘tgan asr boshida so‘nggi marta mamlakat chempioniga aylangan edi. O‘sha vaqtlar "Napoli" tarkibida Maradona, Zola, Chiro Ferrara kabi mashhur futbolchilar 1987 va 1990 yillarda klubning ikki marta mamlakat chempioni bo‘lishiga o‘zining katta hissasini qo‘shdi. Shundan so‘ng jamoa 33 yil mavsumlarni "Skudetto"siz yakunladi.
Har safar nimadir yetmasdi
Shonli tarixga ega bo‘lishiga qaramasdan, klub XXI asrni deyarli sovrinlarsiz o‘tkazishga majbur bo‘ldi. Jamoaga bir qancha jahon darajasidagi futbolchilar olib kelindi: Marek Gamshik, Edinson Kavani, Gonsalo Iguain, Dris Mertens shular jumlasidan. Ammo mazkur yulduzlar bilan ham neapolliklar mamlakat chempioni maqomiga erisha olmadi. Jamoaning eng yaxshi natijasi 2014 yilda vise chempionga aylangani xolos edi. O‘shanda "Yuventus" bilan shiddatli raqobatga kirishib ham oxirida bosh sovrinsiz qoldi.
Spaletti davri
2021 yilda neapolliklarni Luchiano Spalletti qabul qilib oldi. Murabbiyinig dastlabki mavsumidayoq klub Italiya chempionatini 3-o‘rin bilan yakunladi. Jamoa rahbarlari esa bu natijadan qoniqib Spalettiga imkon berishga qaror qildi. Shuningdek, murabbiy xohlagan bir qator futbolchilar bilan tarkib kuchaytirildi.
Uzoq kutilgan chempionlik
"Napoli" 2022/23 yilgi mavsumni yaxshi boshladi. Jamoa ketma-ket o‘yinlarda g‘alaba qayd etib, kerakli bo‘lgan ochkolarni qo‘lga kiritdi. Yo‘lidan chiqqan raqibni ayab o‘tirmadi. Jamoaning yangi hujum tandemi Osimxen va Xvicha gol, assistlarni qalashtirib tashladi. Mavsum yarmida Osimxen jarohat olib, bir qancha o‘yinlarni o‘tkazib yuborganiga qaramay, klub muhim ochkolarni yig‘ishda davom etdi. Mavsum yakuniga bir qancha tur qolganda esa neapolliklarning chempion bo‘lishi tobora aniqlashib qoldi. 33-turda durang natija ham jamoaning g‘olibligini ta’minlar edi. "Udineze" ga safar uyushtirgan neapolliklar, dastlab erta gol o‘tkazib yuborishdi. Ikkinchi taym so‘nggida Osimxen klubning chempionlik golini kiritdi. Shu tariqa, "Napoli" o‘z tarixida 3-marta mamlakat chempioniga aylandi.
Mana shunday tarixiy natijani Neapol klubi afsonasi Diyego Armando Maradona ko‘rmasdan bu dunyoni tark etgani albatta dilni biroz xira qiladi. So‘nggi bora klub aynan uning davrida chempionlikni qo‘lga kiritgandi. Bilmadim, balki bu klubda "yangi Maradona"lar yetishib chiqayotgandir va Neapol ko‘chalarida bayramlar endi boshlanayotgandir...