«Valensiya»ning La Ligadan pastga tushib ketishiga bir qadam qoldi va bu Ispaniya chempionati tarixiga jiddiy zarba bo‘ladi. Quyida «los ches»ning istiqbollari haqida fikr yuritamiz.
«Valensiya» Ispaniyaning eng buyuk klublaridan biri. Elitadan chiqib ketmagan jamoalar ichiga «Real Madrid», «Barselona» va «Atletik Bilbao» kiradi. «Valensiya» olti karra mamlakat chempioni hisoblanadi, «Barselona», «Real» va «Atletiko»dan tashqari chempionlikni qo‘lga kiritgan oxirgi jamoa bo‘lib turibdi. «Los Ches» Kubok egalari kubogi va UYEFA kubogini qo‘lga kiritgan hamda ikki marta Chempionlar ligasi finaliga chiqqan. Biroq klubning hozirgi holatiga qarash yanada achinarli.
«Valensiya» quyi ligaga tushib ketish arafasida turibdi. «Los Ches» hozirda 17-o‘rinni egallab turibdi. Jamoa pastga tushib ketish zonasidagi «Xetafe» bilan bir xil ochkolarga ega, ammo Ruben Baraxa shogirdlari o‘zaro natijalar bo‘yicha yuqoriroqda turibdi. Qolaversa, «ko‘rshapalaklar» «Espanyol»dan uch ochko oldinda, ammo kataloniyaliklarda bitta ko‘p o‘yin bor. Barselonadagi birinchi davrada ular 2:2 hisobini qayd etdi, javob o‘yini esa so‘nggi turda bo‘lib o‘tadi va omon qolish uchun kurashda hal qiluvchi bo‘lishi mumkin.
«Valensiya» juda notekis mavsum o‘tkazmoqda. J amoaning butun chempionatda to‘qqizta g‘alabasi bor, ulardan to‘rttasi 8-turgacha qo‘lga kiritilgan. Umuman olganda, taqvimga ko‘ra, «Valensiya»ning turnir yakuniga qadar jon saqlab qolish uchun kurash olib borishini tasavvur qilib ham bo‘lmas edi. Biroq keyingi o‘n to‘rtta uchrashuvda «Los Ches» faqat bir marta g‘alaba qozondi. Ayniqsa, jahon chempionatidan keyingi segment halokatli bo‘ldi. Jahon chempionatidan keyingi sakkiz turda «ko‘rshapalaklar» bor-yo‘g‘i 1 ochko qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lishdi.
To‘g‘ri, «Valensiya» so‘nggi paytlarda kuchayib borayotgandek. To‘rt turda Ruben Baraxaning shogirdlari ikki marta g‘alaba qozonishdi va bir marta durang o‘ynashdi, faqat «Kadis»dan uchralgan mag‘lubiyat umumiy ko‘rinishni biroz buzib yubordi.
«Valensiya»ning endigi taqvimi juda murakkab. Oldindagi beshta o‘yinda «ko‘rshapalaklar» uch marta mehmonga boradi. Qolaversa, «Selta» keyingi bosqichda elitadan joy olish masalasini o‘zi hal qilishi kerak, «Betis» esa Yevropa Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashmoqda. «Malyorka»ga sayohat biroz osonroq ko‘rinmoqda. Shu bilan birga, ikkita uy uchrashuvidan biri «Real»ga qarshi, ikkinchisi esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqib «Espanyol»ga qarshi o‘tkaziladi.
Shu bilan birga, jadvaldagi zichlik «Valensiya»ning foydasiga ishlashi mumkin, shuning uchun har qanday muvaffaqiyatli natija darhol imkoniyatlarni jiddiy ravishda oshirishi mumkin. «Ko‘rshapalaklar» «Valyadolid» va «Kadis»dan bir ochko, «Almeriya»dan ikki ochko va «Selta»dan besh ochko ortda qolmoqda. Aslida, yettita jamoa Segundaga tushib ketmaslik uchun kurashmoqda.
Afsuski, joriy mavsum mahsuli Piter Limga tegishli rahbariyat faoliyatining mantiqiy natijasidir. Savdo harakatlari, tushunarsiz xaridlar, o‘z-o‘zidan va har doim ham tushuntirib bo‘lmaydigan murabbiylar o‘zgarishi muxlislarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, rahbariyat klubning moliyaviy muammolarini hal qilish uchun hech narsa qilmayapti. Oxirgi uch mavsumda «Valensiya» o‘yinchilarini 145 million yevroga sotdi va 26 nafarini sotib oldi. Shu bilan birga, klubning skautlik xizmati arzon futbolchilarni topish va ularni muvaffaqiyatli sotish yo‘lida u qadar yorqin ishlamayapti.