Milanning "Inter" klubi so‘nggi olti yilda YECHL finaliga chiqqan ilk italyan jamoasiga aylandi. Endilikda ular 10 iyun kuni Turkiyaning Istanbul shahrida joylashgan "Otaturk Stadioni"da bo‘lib o‘tadigan finalda "Manchester Siti" bilan to‘qnash keladi. Ha, Italiya klublarining YECHL tarixida o‘ziga yarasha o‘rni bor. Xususan, "Milan" uni yetti marta, "Inter" uch marta, "Yuventus" esa ikki marta yutgan. Ammo so‘nggi yillarda Appenin yarimorolida joylashgan klublarning bu borada omadi chopmayapti. Xususan, so‘nggi 15 yilda faqat bitta Italiya klubi o‘sha mashhur "shalpangquloq kubok"ni boshi uzra baland ko‘tara olgan xolos. Quyida A seriya jamoalarining so‘nggi beshta finalini yodga olamiz.
"Milan" 3-3 "Liverpul" (2005)
YECHL tarixidagi eng esda qolarli final sifatida, 2005 yilgi Istanbuldagi final eslanadi. Haligacha hech kim o‘sha tunda "Milan"ga nima bo‘lganini bilmaydi. Bu haqida sobiq "rossoneri" yulduzi Andrey Shevchenko shunday deydi: "Anchelotti bizga birinchi taymdan keyin shu yo‘sinda o‘ynashni davom ettirishni buyurgandi. Kiyinish xonasidagi muhit yaxshi, hech kim ortiqcha ehtiroslarga berilgani yo‘q edi. Chunki biz qarshimizdagi jamoaning nimalarga qodir ekanidan yaxshi xabardor edik. Umuman olganda, ingliz jamoalarining doimo o‘ziga bo‘lgan ishonchi yuqori bo‘ladi. Bu jihat e’tirofga loyiq. Har safar ular bilan to‘qnash kelganda, ozgina konsentrasiyani yo‘qotish, nimalarga olib kelishini qaytadan eslayman".
"Milan" 2-1 "Liverpul" (2007)
Anchelotti bunda o‘z qasosini olgandi. Istanbuldagi o‘sha mo‘jizaviy oqshomdan ikki yil ӯtib, "Liverpul" yana "Milan"ga finalda ro‘baro bo‘ladi. Mersisaydliklar so‘nggi bosqichga qadar amaldagi chempionlarni, "Barselona"ni va "Chelsi"ni turnirdan chiqarib yuboradi. Finalda har ikki taymda urilgan Inzagining goli, milanliklarga g‘alaba keltiradi. Dirk Kyoytning hisobni qisqartirishi esa hech narsani anglatmas edi.
"Inter" 2-0 "Bavariya" (2010)
2009-10 yilda "Inter" tarixiy trebl qayd etadi. Mahalliy turnirlarda liga va mamlakat kubogi yutiladi. YECHL finali esa Lui van Galning "Bavariya"siga qarshi kechadi. Bahsda Diyego Militoning dubli, "nerazzurilar"ga g‘alaba keltirgan. O‘shanda Joze Mourinyo jamoasi 33 foiz to‘pga egalik bilan bahsni yutib ketgandi.
"Yuventus" 1-5 "Barselona" (2015)
Massimiliano Allegri "Yuve"da o‘z tarixini yaratgan. U 2014-15 yilgi mavsumda jamoani ketma-ket to‘rtinchi skudettoga yetaklaydi. Ammo Berlindagi final turinliklar kutgandek bo‘lmaydi. Negaki, ular oldida kuchga to‘lgan Messi, Suares, Neymar triosi bor edi. Bu uchallasi o‘sha mavsum davomida jami 122 ta gol va 65 ta assistga mualliflik qiladi. Luis Enrike jamoasi mavsumni trebl bilan tugatadi.
"Yuventus" 1-4 "Real" (2017)
"Yuventus" 2015 yilgi yarim-finallarda, bizni finalda El-klasiko ko‘rish baxtidan mosuvo etib, "Real"ni mag‘lub etgandi. Ammo bu ish 2017 yilgi finalda ish bermaydi. Negaki, "qirollik klubi" finalga chiqsa, yutqazish nima ekanini unutardi. 2017 yilgi Kardiff shahridagi finalda ham aynan shunday bo‘ldi. Ronalduning tezkor urgan goliga Mario Manjukich akrobatik uslubdagi zarbasi bilan javob qaytaradi. Ikkinchi bo‘limdagi Kazemiro, Ronaldu va Marko Ansensioning gollari Allegri orzusini Kardiffga ko‘mgandi. "Yuventus" 2018 yilda Ronalduni sotib oladi. Ammo bu narsa YECHLni yutish uchun yetarli bo‘lmaydi.
ISMATOV J.