Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Ishonaylik, bu yigitlar g‘alabalari hali oldinda

Ishonaylik, bu yigitlar g‘alabalari hali oldinda

Baho:
+ | -

FIFA rasmiy saytida O‘zbekiston yoshlar termasining ilk o‘yiniga nisbatan «harakatchan» iborasi qo‘llanildi.

Demakki, Ravshan Haydarov shogirdlarining o‘ta jozibali ochilish marosimidan keyin qaynoq muhit va bosim ostida argentinaliklarga qarshi ko‘rsatgan o‘yinlari nafaqat o‘zimiz, balki chetdagilarga ham ma’qul tushgan. Yakunda alamli mag‘lubiyat qayd etilganiga kelsak, bundan fojia yasamaslik kerak. Ishonaylik, yigitlarimiz shu faollikni saqlab qolishsa, chempionat davomida bizni hali g‘alabalar bilan ham siylashadi, albatta.

UzReport TV kanalining JCH-2023 tran­slyasiya huquqini qo‘lga kiritgani oxirgi pallada e’lon qilindi va muxlislarimiz yarim tun bo‘lishiga qaramay, Argentina -O‘zbekiston qarama-qarshiligini katta hayajonda kuzatib borishgani tayin. Shuning uchun o‘yin tafsilotlariga batafsil to‘xtalish shart emas. Faqat Ravshan Haydarov shogirdlari mezbonlarga tetik qarashgani, o‘yinda dadil harakatlanishganini alohida ta’kidlash joiz. Har holda, Mahmud Mahamadjonov 22-daqiqada to‘pni Gomesh Gert nazoratsiz qoldirgan kichikkina tirqishga yo‘llab, hisobni ochishiga qadar ham jamoamiz ijrosida hujumlar ko‘rdik. 27-daqiqada esa Alexo Veliz bosh bilan zarba vositasida oldinroqqa chiqib olgan Otabek Boymurodovni ojiz qoldirdi - 1:1. Keyin Argentinaga parvoz chog‘i termamiz o‘yinini obdon kuzatgan fransiyalik referi Fransua Leteksye (bu haqda uchrashuvda komissar rolini bajargan hamyurtimiz Alisher Nikimbayev o‘z kanalida yozdi) foydamizga penalti belgiladiyu, VAR aralashuvi bilan uni bekor qildi va qarorini mikrofon orqali e’lon qildi yangi qoida bo‘yicha. U shuningdek, «Inter» vakili Valentin Karboni mezbonlarni hisobda oldinga olib chiqishidan oldin argentinaliklar jamoamiz hujumini to‘sishda qo‘pollik ishlatishganiga ham e’tibosiz qaradi go‘yo.

Ikkinchi 45 daqiqalikda yoshlarimiz bir necha marta muvozanatni tiklashga yaqin kelishdi. Eng yaqqol vaziyat esa so‘nggi lahzalarda yuz berdi, faqat Nodir Abdurazzoqov barchasini to‘g‘ri bajardiyu, zarbasiga aniqlik yetishmadi. Xulosa shuki, O‘zbekiston termasi ilk o‘yindayoq JCHga shunchaki, qatnashish uchun bormaganini amalda ko‘rsatdi garchi mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsada. Darvoqe, yoshlarimiz bugun Toshkent vaqti bilan soat 23:00da 1-turda yagona gol evaziga 3 ochko olgan Yangi Zelandiya termasiga qarshi saf tortishadi. Demak, bizni o‘ta muhim o‘yin kutib turibdi. Sarlavhada aytilganidek, yigitlarimiz oldindagi g‘alabalardan birinchisini shu o‘yinda tortiq etsalar, ajabmas. 

«A» guruhining dastlabki 2ta o‘yiniga chiqarilgan chiptalar qisqa vaqtda to‘liq sotildi. Chempionat finalining chiptalari esa atigi 48 soat ichida o‘z egalarini topdi. 

* Turnirning rasmiy to‘pi - Oceanuz ko‘pchilikka yoqmadi. Jumladan, braziliyaliklar jiddiy e’tiroz bildirishdi. 

* Turkiyalik mashhur hakam Junayt Chaqir chempionat startidan oldin O‘zbekiston U-20 termasi bilan seminar o‘tkazdi. Unda futbolchilarga reglament, hakamlik, tibbiyot va media bo‘yicha ma’lumot taqdim etildi. 

Argentina termasi start­dan oldin Yaponiya jamoasiga qarshi nazorat o‘yinida maydonga tushib, 2:1 hisobida g‘alaba qozongandi. Yangi Zelandiyaliklar esa Ekvador U-20 jamoasini yagona gol evaziga dog‘da qoldirishdi. 

Mahmud Mahamadjonov yoshlar mundia­lida gol zavqini tuygan o‘zbekistonlik 12-futbolchi bo‘ldi. Unga qadar Doston Hamdamov (3ta), Aleksandr Geynrix (2ta), Igor Sergeev (2ta), Abbos Maxstaliyev (2ta), Sardor Rahmonov (2ta), Eldor Shomurodov (2ta), Zabihillo O‘rinboyev (2ta), Islom Inomov, Sherzod Karimov, Ivan Nagayev va Diyor Turopovga shunday baxt nasib etgandi. 

* FIFA rasmiy saytida berilgan o‘yin statistikasi bo‘yicha aytsak, O‘zbekiston termasi sardori Umarali Rahmonaliyev 2ta ko‘rsatkich bo‘yicha eng yuqori natija qayd etdi. U o‘yin vaqtida 12,59 km. masofa bosib o‘tdi va 80 marta tezlik oldi. Mahmud Mahamadjonov esa qanot bo‘ylab eng ko‘p oldinga o‘tishga uringan futbolchi bo‘ldi — 33ta urinishidan 21tasi muvaffaqiyatli chiqdi. Shuningdek, Po‘latxo‘ja Xoldorxonov himoya va yarim himoya orasida to‘pni qabul qilish borasida eng yuqori ko‘rsatkich qayd etdi - 20 marta.

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:30, 22.05.2023.
O'qildi: 2093 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.