Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Germaniya futbolidan g‘aroyib hikoya

Germaniya futbolidan g‘aroyib hikoya

Baho:
+ | -

«Gannover» hujumchisi otasi bosh­qarayotgan kompaniyada ishlash imkoniyati ortidan 27 yoshida futbolchilik faoliya­tini to‘xtatdi. Eng qizig‘i, u professional darajaga atigi 5 yil muqaddam bosh suqqandi. Chindan ham, nodir taqdir! Gap Germaniya chempio­nati ikkinchi divizioni ishtirokchisi Xendrik Vaydandt haqida ketmoqda. Ha, «Gannover» hujumchisi keng miqyosda tanilmagan, ammo u mahalliy doirada chin afsona hisoblanadi. Diqqat qiling, havaskorlar darajasida to‘p sura boshlagan Xendrik professional futbolda 23 yoshida debyut qildi va 5 yildan keyin qo‘qqisdan butsalarini mixga ilishni lozim topdi. Asosiysi, Vaydandt shu qisqa vaqt ichida butun Gannover faxriga aylandi.

Ertaksifat yuksalish

Xendrik 19 yoshida ham futbolda jiddiy maqomga ko‘tarilishni orzu qilmagan. Yigitcha 2014 yili Gannoverdan 25 kilometr uzoqlikda joylashgan shaharcha havaskorlar ligasida mahalliy «Gross Myunsel» klubida jimgina o‘ynab, gollarni qalashtirardi. Bu orada bo‘yi 195 santimetrga teng Vaydandt iqtidorini professional klublardan birgina «Egestorf-Langreder» payqaydi va hujumchi taklifni rad etolmaydi. Shu joyda aytish kerak, «Eges­torf» tarixidagi eng yaxshi natija - bu Nord mintaqasi 4-divizionida o‘ynagani. Aniqroq aytsak, Germaniya futbol tizimining eng past bo‘g‘ini hisoblangan ushbu liga Quyi Saksoniya, Bremen va Gamburg klublarini o‘z ichiga oladi. «Egestorf»ning bunday darajaga ko‘tarilganida ham 3 mavsumda 40ta gol urgan Veydandtning xizmati katta.

Xendrik «Egestorf»da oyiga atigi 400 yevro olsada, aslo nolimasdi. 2018 yilning yozida esa tushuntirish qiyin holat sodir bo‘ladi: futbolchi Nord mintaqaviy ligasi so‘nggi turida «Gannover»ning ikkinchi jamoasi darvozasiga gol urish asnosida raqib murabbiylarini shu qadar qiziqtirib qo‘yadiki, tez orada uni ko‘rikka chorlashadi. Qarangki, mashg‘ulotlar jarayoni yakunida Veydandtni ikkinchi emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri asosiy jamoa tarkibiga qo‘shishni lozim topishadi. Qisqasi, «Gannover» rahbariyati notanish hujumchiga darhol 3000 yevroga teng oylik maoshni o‘z ichiga olgan to‘laqonli shartnoma taklif etadi. Xenni esa mavsumoldi o‘yinlarida 8ta gol uradi va klubning Germaniya kubogi uchun qaydnomasidan joy oladi. Keyin yana bir yangi mo‘’jiza kuzatiladi: turnirning 1/32 final bosqichida «Karl­srue»ga to‘qnash kelgan va xotirjam holda hisobda oldinga chiqib olgan «Gannover» murabbiyi Andre Braytenrayter 82-daqiqada biroz kulimsiragancha, bunga qadar professional darajada rasmiy o‘yin ko‘rmagan 23 yoshli «sirli» hujumchini maydonga tushiradi. Xendrik esa atigi 3 daqiqadan keyin ilk golini nishonlaydi, oradan ko‘p o‘tmay, «dubl»ni rasmiylashtiradi. Kuchli debyut! «Ba’zan futbolda ham shunday ertaknamo lahzalar uchrab turadi», - deya hayratini yashirmagandi «Gannover» menejeri Xorst Xeldt o‘yindan so‘ng. Braytenrayter ham quvonchini yashirib o‘tirmaydi: «Xenni bugun dunyodagi eng baxtli odam. Uning uchun barchamiz xursandmiz». Vaydandtning Bundesligadagi debyuti ham ertakni eslatadi: ikkinchi bo‘lim oxirida zaxiradan maydonga tushgan hujumchi atigi 1 daqiqadan so‘ng «Verder» darvozasini nishonga oladi. Umuman, «notanish» qahramon mavsum-2018/2019da chempionatning o‘zida 6ta gol uradi, ammo «Gannover» yakunda quyi ligaga tushib ketadi. Muhimi, Vaydandt shu-shu butun Gannover yoqimtoyiga aylanadi.

Qo‘qqisdan keskin burilish

Eng qiziq tomoni, Xendrik shunday ajoyib faoliyatini 27 yoshidayoq to‘xtatishga qaror qildi. Nima uchun? Hammasi oddiy: u otasi bilan soliq inspeksiyasida ishlamoqchi. Buning uchun Vaydandtda tegishli magistrlik ma’lumoti bor. E’tiborlisi, hujumchi futbolchilik faoliyati davomida tahsil olgan. Xendrikning xayrlashuv chog‘i «Gannover» muxlislariga ta’sirli murojaat yo‘llagani ham diqqatga sazovor: «Sizlarga shuni ma’lum qilmoqchimanki, uzoq emas, balki juda yorqin va voqealarga boy futbolchilik faoliyatimni «Gannover»da yakunlashni ma’qul ko‘rdim. Bu haqda bir necha hafta obdon o‘yladim. Ayrimlar bilishadi, soliq tizimida ishlash uchun o‘qiganman. Endi hayotimning yangi bosqichini boshlamoqchiman. Futbolda emas, balki otamga tegishli soliq inspeksiyasida qiziqarli vazifaga kirishaman. Ortga nazar tashlaganimda, futboldagi qisqa tarixim, sizlarning qo‘llab-quvvatlashingiz va klubda yo‘llarimiz kesishgan barcha-barchani entikish bilan eslayman. Qisqasi, ushbu qisqa sarguzashtni hech qachon unutmayman». Ha, futbol olami shunday ajib tarixlar bilan ham go‘zal.

Ravshan IBROHIM tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 10:19, 28.05.2023.
O'qildi: 1273 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.