Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa - Yuventus
23/12 01:00 Betis - Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Ronaldodan o‘zib ketgan futbolchi. Polshada tug‘ilib, Germaniya futboli afsonasiga aylangan Miroslav Kloze haqida

Ronaldodan o‘zib ketgan futbolchi. Polshada tug‘ilib, Germaniya futboli afsonasiga aylangan Miroslav Kloze haqida

Baho:
+ | -

Germaniyalik futbolchi Miroslav Kloze 1978 yilning 9 iyun sanasida Polshaning Opole shahrida sportchilar oilasida tug‘ilgan. Uning otasi futbolchi (etnik nemis), onasi esa gandbolchi (etnik polyak) edi. Keyinchalik Germaniya terma jamoasini tanlagan va Jahon Chempionatlari to‘purariga aylangan futbolchi 45 yoshga to‘ldi. Quyida hujumchining faoliyati haqida so‘z boradi.

Klozelar oilasi 1981 yilda Fransiyaga ko‘chib o‘tadi, 1987 yilda esa folksdoych (1945 yilgacha Germaniyadan tashqarida istiqomat qilgan nemislar) sifatida Germaniya g‘arbidagi Kusel shahriga yo‘l oladi.

"Germaniyaga ko‘chib o‘tganimizda sakkiz yarim yoshda edim va futbol men uchun hamma narsa edi. Futbol men uchun integrasiya vositasiga aylangandi, doim jamoaga birinchi bo‘lib tanlanardim, chunki eng yaxshi o‘yinchi edim. Bu yerda tan olindim va do‘stlar topdim. Bir kun kelib Germaniya terma jamoasida o‘ynash imkoniyatini qo‘lga kiritishimni bilardim va bu men uchun doim stimul bo‘lib kelgan".

Miroslav maktabni tugatgach ota-onasining talabi bilan kollejga o‘qishga kirdi va duradgorlik kasbini oldi. Ammo Kloze futbolni ham unutib qo‘ymadi.

Klozening birinchi jamoasi Germaniya yettinchi ligasida harakat qiladigan “Blaubaxa-Didelkopf” bo‘ldi. O‘sishga erishayotgan futbolchiga beshinchi liga klubi “Homburg” e’tibor qaratdi.

Miroslav yangi klubidagi ilk mavsumida 11 ta gol urdi. Futbolchi shu tariqa “Kayzerslautern” (bir yil oldin Germaniya chempioni bo‘lgan) skautlarining e’tiborini tortdi va 1999 yilda klub bilan shartnoma imzoladi.

Miro avvaliga klubning ikkinchi jamoasi tarkibida o‘ynadi. Tez orada yosh hujumchiga bosh murabbiy Otto Rexagel e’tibor qaratdi va asosiy jamoaga jalb qilishni boshladi

Kloze 2000 yilning 20-oktyabrida “Kayzerslautern” tarkibidagi birinchi golini urdi va keyinchalik tashrif qog‘oziga aylangan salto bilan nishonladi.

Mavsum klub uchun omadsiz o‘tdi, biroq Miro Kloze yaxshi natija qayd etdi. Hujumchi 11 ta gol urdi (to‘qqiz marta Bundesligada, ikki marta UYEFA Kubogida). Shu paytgacha noma’lum bo‘lgan hujumchi nemis futbolining umidi sifatida ko‘rilishni boshladi, muxlislar va klub rahbariyatining sevimli futbolchisiga aylandi. Klozening transfer narxi 10 barobar oshdi.

Miroslavni Polsha terma jamoasi ham, Germaniya terma jamoasi ham o‘z tarkibiga chaqirdi. Birinchi qadam polshaliklardan bo‘ldi. Mamlakat jamoasi bosh murabbiyi yosh hujumchi bilan gaplashish uchun shaxsan Germaniyaga tashrif buyurdi. Biroq Kloze “Bundestim”dan taklif kutayotganini aytib, Polshani rad etdi.

Keyinchalik Kloze o‘sha paytda Rudi Fyollerning (Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi) uni taklif qilish niyatidan xabari borligini, aks holda Polsha taklifi haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishini tan olgandi.

Birinchi gol o‘zini uzoq kuttirib qo‘ymadi. Germaniya terma jamoasidagi debyut uchrashuvida Albaniyaga qarshi o‘yinda (JCH—2002 saralashi) zaxiradan maydonga tushgan Miro jamoasining g‘alaba golini urgandi (2:1). Jahon Chempionatidagi birinchi o‘yinida esa Saudiya Arabistoni darvozasiga uchta to‘p kiritgan va bitta assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygandi.

Guruh bosqichining qolgan ikki o‘yinida – Irlandiya va Kamerun darvozasiga bittadan gol urdi. O‘sha turnirda Germaniya terma jamoasi finalgacha yetib bordi, biroq hal qiluvchi bahsda Braziliyaga 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Turnir yakuniga ko‘ra Kloze beshta gol bilan (barchasi boshi bilan) Rivaldo bilan birga to‘purarlar orasida ikkinchi o‘rinni egalladi. Miro turnirning kashfiyotlaridan biriga aylandi, uni afsonaviy Gerd Myuller bilan solishtirish boshlandi.

Jahon Chempionatidan so‘ng Klozega “Manchester Yunayted”, “Yuventus”, “Bavariya” va Dortmundning “Borussiya” klublari qiziqish bildirdi, ammo Miro o‘z jamoasida qolishga qaror qildi. Bu omadli qaror bo‘lmadi, ikki yildan so‘ng futbolchi “Verder”ga o‘tdi.

Klozeni 2006 yilda o‘z uyida bo‘lib o‘tgan Jahon Chempionatida navbatdagi muvaffaqiyat kutib turgan edi. O‘zining tug‘ilgan kunida Kosta-Rika terma jamoasiga qarshi o‘tkazilgan ochilish uchrashuvida futbolchi dubl qayd etdi (yakuniy hisob 4:2). O‘z vatani bo‘lgan Polshaga qarshi ikkinchi o‘yinda u gol ura olmadi. Ekvadorga qarshi uchinchi uchrashuvda esa Miro yana dublga erishdi (yakuniy hisob 3:0).

Hujumchi Shvesiyaga qarshi 1/8 final o‘yinida ikkita golli uzatmani amalga oshirdi va uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Chorak finalning 80-daqiqasida Argentina darvozasiga gol urib, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqardi. O‘yin penaltilar seriyasigacha bordi va yakunda nemislar g‘alaba qozondi. Yarim finalda Germaniya bo‘lajak chempion – Italiyaga imkoniyatni boy berdi. 3-o‘rin uchun bahsda esa Portugaliyani mag‘lub etdi. Kloze 2006 yilgi Jahon Chempionatining eng yaxshi to‘purari bo‘lgandi.

2007 yilda Miro “Verder”ni tark etib, 15 million yevro evaziga “Bavariya”ga o‘tdi.

Kloze 2007 yilning sentyabr oyida Uelsga qarshi o‘yinda birinchi marta Germaniya terma jamoasini sardor sifatida maydonga boshlab tushdi. Hujumchi o‘sha o‘yinda gol ham urdi.

JARda 2010 yilda o‘tkazilgan Jahon Chempionati guruh bosqichi ikkinchi turidan o‘rin olgan Serbiyaga qarshi o‘yinda Kloze qizil kartochka oldi. Angliyaga qarshi 1/8 final uchrashuvining 20-daqiqasida darvozabon Manuel Noyerning uzatmasidan keyin gol urgandi. Hujumchi Argentinaga qarshi chorak final bahsida dublga erishdi, yakunda Germaniya 4:0 hisobida g‘olib bo‘ldi.

Ammo yarim finalda ispanlarga yutqazib, 3-o‘rin uchun kechgan bahsda Urugvayni mag‘lub etgan “Bundestim” yana bronza medallari bilan kifoyalandi.

Miro 2011 yilda shartnoma muddati tugagach, “Bavariya”ni tark etib, Italiyaning “Lasio” klubiga o‘tdi va u yerda futbolchilik faoliyatining oxirigacha (2016) o‘ynadi.

"Myunxenda qiziqarli va muvaffaqiyatli to‘rt yilni o‘tkazdim va buning uchun “Bavariya”ga chin qalbimdan minnatdorchilik bildiraman. Bu jamoa safida o‘ynash men uchun doim sharaf bo‘lgan".

Braziliyada 2014 yilda bo‘lib o‘tgan Jahon Chempionatida Germaniya terma jamoasi g‘alaba qozondi. Miroslav Kloze bu musobaqada ikkita gol urdi. Bular futbolchining mundiallardagi 15 va 16-goliga aylandi. Germaniyalik hujumchi Jahon Chempionatlari to‘purarlari ro‘yxatida braziliyalik Ronaldoni (15 ta gol) ortda qoldirdi.

2016 yilning 1 noyabr kuni Kloze futbolchilik faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi va Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Yoaxim Lyovning terma jamoa murabbiylar shtabiga qo‘shilish taklifini qabul qildi.

Klozening kuchli tomonlari yuqori tezlik va bosh bilan o‘ynash bo‘lgan. Miro jamoaviy o‘yinchi, u yaxshiroq holatda turgan jamoadoshidan to‘pni qizg‘anmasdi. Hujumchi o‘z harakatlarini quyidagicha izohlagan: “Futbolda yakka holda hech narsaga erishib bo‘lmaydi”.

Kloze dastlab markaziy hujumchi bo‘lgan, ammo “Verder”da o‘ynab yurgan vaqtida ko‘p qirrali futbolchiga aylandi, u ham qanotda, ham orqaroqda harakat qila olishini ko‘rsatdi. Karl-Hayns Rummenigge bir paytlar Kloze futbolchi sifatida kamchiligi deyarli yo‘q deb aytgan edi.

Manba: daryo.uz
Kiritildi: 10:55, 10.06.2023.
O'qildi: 1671 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.