Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/10 00:00 Valensiya 2-3 Las-Palmas
22/10 00:00 Nottingem Forest 1-0 Kristal Pelas
22/10 15:00 Kvangju 3-1 Johor Dorul Ta'zim
22/10 15:00 Shangxay Port 3-2 Sentrel Kost
22/10 17:00 Buriram Yunayted 1-0 Poxang Stilers
22/10 17:00 Shandong Taishan 2-2 Yokogama Marinos
22/10 19:00 Istiqlol Dushanbe 0-1 Al-Vihdat
22/10 19:00 Sharja 3-1 Sepohon
22/10 21:00 Istiqlol 0-1 An-Nasr (SA)
22/10 21:00 Al-G‘arafa 1-2 Al-Vasl
22/10 21:45 Milan 3-1 Bryugge
22/10 21:45 Monako 5-1 Srvena Zvezda
22/10 23:59 Arsenal 1-0 Shaxtyor
22/10 23:59 Aston Villa 2-0 Bolonya
22/10 23:59 Jirona 2-0 Slovan
22/10 23:59 Yuventus 0-1 Shtutgart
22/10 23:59 PSJ 1-1 PSV
22/10 23:59 Real Madrid 5-2 Borussiya D
22/10 23:59 Shturm 0-2 Sporting
23/10 15:00 Ulsan Xyonde - Vissel Kobe
23/10 15:00 Sanfrechche Xirosima - Sidney
23/10 17:00 Shanghai Shenhua - Kavasaki Frontale
23/10 17:00 Muangtong Yunayted - Sebu
23/10 17:00 Selangor - Chonbuk Motors
23/10 19:00 Ravshan - Traktor
23/10 21:00 Al-Hussayn - Nasaf
23/10 21:00 Shabab al-Ahli - Kuvayt SK
23/10 21:45 Atalanta - Seltik
23/10 21:45 Brest - Bayer
23/10 23:00 Al-Quva al-Javiya - Xolidiya
23/10 23:00 At-Ta'vun - Oltin Asr
23/10 23:59 Atletiko - Lill
23/10 23:59 Yang Boyz - Inter
23/10 23:59 Barselona - Bavariya
23/10 23:59 Manchester Siti - Sparta
23/10 23:59 RB Leypsig - Liverpul
23/10 23:59 Zalsburg - Dinamo Zagreb
23/10 23:59 Benfika - Feyenoord

Jud Bellingem: «Real» ohanrabodek sehrli...»

Jud Bellingem: «Real» ohanrabodek sehrli...»

Baho:
+ | -

«Real» nihoyat, Jud Bellingem transferini rasman e’lon qildi.

Eslatma, «Borussiya» D. klubidan 103 million yevroga sotib olingan angliyalik 19 yoshli yarim himoyachi va «Madrid» o‘rtasidagi shartnoma 2029 yilning yozigacha mo‘ljallangan. «Qirollik klubi» 15 iyun kuni Jud transferini tasdiqlagach, u «Real Madrid Siti» matbuot markazida jurnalistlar qarshisiga chiqdi. «Real» tarixdagi eng buyuk klubdir. Hammaga ham bunday ajo­yib, tarixiy jamoa libosini kiyish nasib etmaydi. Demak, meni bu yerga olib kelganlardan cheksiz minnatdorman. Qaror qabul qilishda pul haqida umuman o‘ylaganim yo‘q. Zero, bunday qadam tashlashda pul muhim emas. O‘zim yaxshi ko‘radigan sport turiga munosabat, his-tuyg‘ular va klubga nisbatan ishonchni birinchi o‘ringa qo‘yaman. Madridliklar xuddi men kabi barcha rasmiyatchiliklar tezda hal etilishini xohlashdi. To‘g‘ri, bu gaplarim bilan boshqa klublarni kamsitish niyatim yo‘q», - dedi mavsum-2022/2023da barcha musobaqalar hisobidan 42ta o‘yinda maydonga tushib, 14ta gol va 7ta assist muallifiga aylangan istiqbolli yarim himoyachi savol-javoblarga kirishishdan oldin.

- Avvalo, odatiy savol: nega aynan «Real»ni tanladingiz?

- Angliyada «Real»ga nisbatan g‘ayrioddiy hurmat mavjud, jamoaning Yevropada tutgan o‘rni ham ma’lum. «Madrid»ning avvalgi mavsumlardagi o‘yinlari va qayd etgan g‘alabalarini ham ko‘rganman, albatta. Gap dunyo bo‘yicha eng buyuk tarixga ega klub haqida ketmoqda. Bilamizki, jahon futbolida yorqin iz qoldirgan ko‘plab yulduzlar «Real» sharafini himoya qilishgan. Oddiy aytganda, jamoa o‘z o‘tmishi bilan juda jozibali. Takrorlayman, shaxsan o‘zim hamisha «Real» ishtirokidagi o‘yinlarni katta qiziqish bilan tomosha qilganman. Yo‘q, bu yerga jamoaning kattaligi uchungina kelmadim. Ha, «Real» juda ulkan, shuning barobarida o‘yini va umumiy qarashlari ham g‘ayrioddiy. Bunday maftunkor jamoa har qanday futbolchini ohanrabodek o‘ziga tortadi. Qisqasi, «Madrid»ning o‘yin uslubi va g‘oyasi ham g‘ayrioddiy, ham ehtirosli. Bu - men uchun ajoyib imkoniyat.

- Xo‘sh, «Madrid»da o‘ynash masalasida qachon bir to‘xtamga keldingiz?

- To‘g‘risi, klub vakillari birinchi marta aynan qachon aloqaga chiqishganini eslolmayman, lekin o‘sha kuni burilish nuqtasi bo‘ldi. Tabiiyki, «Real» taklifini qabul qilishimda ko‘plab omillar ta’siri bor. Asosiysi esa, 8 yoki 10 oycha oldin yuragim boshqacha ura boshladi, chunki chorlovni sira kutmagandim. O‘sha vaqt qanday g‘ayrioddiy tuyg‘u ichida qolganimni tavsiflab berolmayman.

- 5-raqamni tanlaganingizda qandaydir ma’no bormi yoki...?

- Avvalo «5»ni muammosiz bergani uchun Valyexoga rahmat aytishim kerak. U bilan ilk suhbatdayoq ajoyib yigit ekanligiga amin bo‘ldim. 5-raqam meni o‘zgacha ilhomlantiradi, hammasi Zidan va uning klubda shu raqamli futbolka bilan qoldirgan merosiga bog‘liq. Bunga qadar uzoq vaqt «22» ostida o‘ynadim va qalban shu raqamni ko‘z-ko‘z qilishda davom etaman. Lekin 5-raqamli futbolka boshqacha, baribir. Ayniqsa, «Madrid»da. Shuning o‘ziyoq katta mas’uliyat hisoblanadi. Zidan fenomeniga har doim kuchli havas bilan qaraganman. Zizu men uchun maydonda eng zo‘ri edi. Umid qilamanki, endi Zidan kabi «5» obro‘sini ko‘tarish asnosida uning raqamiga munosib ekanligimni isbotlayman.

- Qiziq, 5-raqamni olish borasida Zidanning o‘zidan ruxsat so‘radingizmi?

- Yo‘q, raqam masalasida uni bezovta qilishni istamadim. Umuman, Zizu bilan oxirgi marta CHL finalidan keyin gaplashgandim. Qaytaraman, «Real»da Zidan raqamida o‘ynab, izidan borishga urinish - sharaf. Zero, unga nisbatan hurmatim cheksiz.

- Karlo Anchelotti bilan suhbatda nimalarni muhokama qildinglar?

- Birinchi muloqotdayoq uning chindan ham, aql bovar qilmas murabbiy ekanligiga amin bo‘ldim. Anchelotti qo‘lga kiritgan sovrinlar hammasini aytib turibdi. Endi mash­g‘ulotlar jarayonida uchrashishni intiqlik bilan kutaman. U meni o‘z jamoasida ko‘rishni xohladi - bu katta gap. Zero, don Karlo dunyodagi eng yaxshi murabbiylardan biridir, shubhasiz.

- Endi maydon markazida Kroos va Modrich kabi aslar bilan birga harakatlanasiz...

- Bunisi faoliyatim uchun o‘ta zalvorli tajriba bo‘lishiga aminman. Har ikkisi aqlga sig‘maydigan darajada kuchli ijrochidir. Ishonamanki, Kroos va Modrich qarashlari, tajribasi yanada yuksalishimga qo‘l keladi. Ulardan imkon qadar ko‘proq o‘rganishga intilaman. Tajriba va yoshlik kombinasiyasi g‘ayrioddiy ko‘rinadi. Bilaman, Toni ham, Luka ham nafaqat futbolchi, balki shaxs sifatida yuksakda. Shunday ekan, jamoaviy mashg‘ulotlarni sabrsizlik bilan kutaman.

- Yakuniy qaroringizni yaqinlaringiz qanday qarshi olishdi?

- Otam yig‘lab yubordi. Vaholanki, u uncha-munchaga ko‘z yoshi to‘kmaydi. Demak, meni «Real»da ko‘rish otam uchun o‘ziga xos lahza bo‘ladi. O‘zi ota-onamga g‘urur bag‘ishlashni yaxshi ko‘raman. Umuman, bitim oilam roziligi bilan tuzildi. Klub bunda yaqinlarimga cheksiz hurmat ko‘rsatdi va ular juda baxtiyorlar. Chunki meni bu yerda ko‘rish yaqinlarim uchun ko‘p narsani anglatadi.

- Ma’lumki, «Real»da bosim darajasi juda baland. Bunga tayyormisiz?

- Ha, katta klubga kelganimni bilaman, shunday ekan, haqiqiy professional ekanligimni ko‘rsatishim kerak. Agar sen 15-16 yoshda bo‘lsang va kattalar davrasida o‘ynashingga to‘g‘ri kelsa, barchasini tezda o‘rganishing talab etiladi. Bu qandayligini yaxshi bilaman va «Madrid»da ham barchasini to‘g‘ri davom ettirishdan umidvorman. Kelajakdan umidim juda katta va yildan yilga o‘yinimni yaxshilab borishim kerak. Qaysi darajada o‘ynashim zarurligi, mendan nimalar kutishayotganini yaxshi bilaman. JCH tezkor o‘rganish maktabi vazifasini o‘tadi, bu yerga esa g‘alaba qozonish, o‘yin uslubimni rivojlantirish uchun keldim. Bosim esa hamma joyda bor, uni yuksak ishonch va umidlar bilan yengib o‘tish mumkin. O‘rganishdan to‘xtamayman va bu muammolarni chetlab o‘tishimga yordam berishiga ishonaman. Transfer bahosi meni aslo bezovta qilmaydi, ishoning, hattoki, summani aniq bilmayman. Shunchaki, «Real»ga eng yuqori cho‘qqida turishda yordam bermoqchiman. Buning uchun faqat maydonda gapirishim kerak, chunki hisobchi yoki advokat emas, futbolchiman.

- Xo‘sh, o‘zingizni maydonning qaysi nuqtasida ko‘r­yapsiz?

- Mohiyatan universal yarim himoyachiman. Qobiliyatlarim chegarasi katta va buni «Real»da ham ko‘rsata olishdan umidvorman. Qaysi pozisiya­da o‘ynamay, jamoaga yordam berib, g‘alabalarga munosib hissa qo‘shsam, bas.

- «Real» infratuzilmasida sizni nima ko‘proq hayratda qoldirdi?

- Sovrinlar xonasi kuchli taassurot qoldirdi. U yerda CHLning naq 14ta kubogi porlab turibdi axir.

- Oldingizda APLga qaytish variantlari ham yo‘q emasdi...

- Termadagi jamoadoshlarim Angliyaga qaytishimni xohlashdi, buni qadrlayman, albatta. Lekin o‘zim qulay zonadan chiqishni xohladim. Chunki APLga qaytsam, oson yo‘ldan yurgandek bo‘lardim. Qolaversa, «Real» o‘lchamidagi klubga o‘tish - o‘zgacha imkoniyat. Menimcha, to‘g‘ri yo‘lni tanladim, binobarin, o‘zimni aynan «Real» libosida ko‘rishni xohladim.

- Endi Angliya milliy jamoasidagi rolingiz o‘zgarmaydimi?

- Ispaniyada o‘ynash orqali qimmatli tajriba olaman, chunki La Liga va APL o‘rtasida farq bor, baribir. Ha, Premyer-liga boshqacha, bu haqda jamoadoshlarim bilan ko‘p gaplashganman. Lekin terma jamoamizga ispancha futbol ko‘nikmasi ham zarar qilmaydi, menimcha. 

- Garri Keynning ham «Madrid»ga kelishi kutilayotgandi...

- Garri - jahon darajasidagi hujumchi va terma jamoamiz sardori. Uni ham futbolchi, ham inson sifatida qadrlayman. Kelish-kelmaslik esa o‘ziga bog‘liq. Bu haqda maslahat berishga ojizman.

- Shuningdek, Mbappe ham «Real»ga tobora yaqinlashayotgandek...

- Shubhasiz, o‘z o‘rnida dunyo­dagi eng yaxshi futbolchilardan biri. Keling, yaxshisi yakunni kutaylik. O‘z fikrimni bildirsam, Kilian tengsiz ijrochi va u bilan birga o‘ynashni xohlardim. Buni kim ham xohlamaydi?

Bellingem - 4-Qimmatbaho yosh futbolchi

Jud Bellingem futbol tarixida 21 yosh toifasidagi eng qimmatbaho futbolchilar reytingida 4-o‘rinda qayd etildi. Barcha futbolchilar orasida esa 5-o‘rin endi angliyalikka tegishli. Chunonchi, bonuslar hisobiga uning transfer summasi 134 mln. yevroga yetishi mumkin. Aytish kerak, «Real» o‘z tarixida hali biror futbolchiga bu qadar ko‘p to‘lamagan. Umuman, Bellingem transferi ortidan futbol tarixidagi eng qimmatbaho 10ta kelishuv ro‘yxatida o‘zgarish kuzatildi. Aniqrog‘i, Pol Pogba (2016 yili «Yuventus»dan «MYU»ga) top-10dan chetga chiqdi.

FUTBOL TARIXIDAGI ENG QIMMATBAHO10ta TRANSFER (BONUS TO‘LOVI BILAN)

1. Neymar («Barselona»  «PSJ», 2017 yil) - 222 mln. yevro

2. Kilian Mbappe («Monako»  «PSJ», 2018 yil) - 180 mln. yevro

3. Filippe Koutinyo («Liverpul» «Barselona», 2018 yil) - 160 mln. yevro

4. Usmon Dembele («Borussiya» D. «Barselona», 2017 yil) - 147 mln. yevro

5. Jud Bellingem («Borussiya» D.  «Real», 2023 yil)  - 134 mln. yevro

6. Joau Felish («Benfika»  «Atletiko», 2019 yil) - 126 mln. yevro

7. Enso Fernandes («Benfika»  «Chelsi», 2023 yil) - 121 mln. yevro

8. Antuan Grizmann («Atletiko»  «Barselona», 2019 yil) - 120 mln. yevro

9. Jek Grilish («Aston Villa»  «Manchester Siti», 2021 yil) - 117 mln. yevro

10. Romelu Lukaku («Inter»  «Chelsi», 2021 yil) - 115 mln. yevro

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 20:30, 25.06.2023.
O'qildi: 3852 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.