Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton 2-0 Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

Karlo Anchelotti: «Benzemaning «Real»dagi izi o‘chmaydi»

Karlo Anchelotti: «Benzemaning «Real»dagi izi o‘chmaydi»

Baho:
+ | -

Shubha yo‘q, Karlo Anchelotti hozirdan La Liganing bo‘lajak kampaniyasiga katta umid bilan boqyapti.

Ha, «Real» yakunlangan mavsum «Santyago Bernabeu»ni kutilgan darajada to‘lqinlantirolmadi. Qolaversa, don Karloga har qadamda ehtimoliy iste’fo xavf solib turdi. O‘zi «Madrid»da boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Asosiysi, Florentino Peres boshqaruvidagi rahbariyat yakunda italiyalik mutaxassis bilan kamida yana bir mavsum hamkorlik qilishni ma’qul ko‘rdi. Anchelotti esa doimgidek xotirjam. Uning maxsus matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga qanday javob bergani bunga yaqqol dalil.

- Don Karlo, avvalo Benzemaning ketishi jamoaga qanday ta’sir qilishi haqida gapirsangiz...

- Karim bilan ko‘tarinki kayfiyatda xayrlashdim. Chunki o‘zaro hamkorligimizdan katta qoniqish hissi qoldi. Shubha yo‘q, shunchaki, dunyodagi eng yaxshi hujumchilardan biri emas, balki buyuk futbolchilar qatoriga kiradigan yigitga ustozlik qildim. Benzema tabiatan g‘oyat mehribon, kamtar inson, o‘z o‘rnida o‘ta jiddiy ham. Yo‘q, shunday kalibrdagi ijrochining ketishidan quvonish mumkin emas aslo, lekin uning qaroriga hurmat bilan qarashga majburmiz. Zero, Karim o‘z yo‘lini mustaqil ravishda belgilash huquqiga mutlaqo haqli edi. Hozir hammamizdan talab etiladigani - bu qo‘limizni ko‘ksimizga qo‘ygancha Karimga minnatdorchilik bildirish. Zero, u «Real» uchun chindan ham, aqlga sig‘mas darajada katta xizmat qildi. Qisqasi, Benzema futbol uchun  afsonaviy, unutilmas shaxs, shubhasiz. Uning «Real»da bosgan izlari o‘chmasligi o‘z-o‘zidan tushunarli. Ha,  ketishini jamoada hech kim kutmagandi, lekin takrorlayman, tanlovini tushunishga harakat qilish kerak. Bilaman, Karim so‘nggi palladagina ketishga qaror qildi. Chunonchi, bir kun oldin ham mashg‘ulotlarda odatdagidek ishlagandi, keyin birdan klub bilan xayr­lashish vaqti kelganini aytdi. Nachora, futbolda ba’zan shunday yo‘qotishlarga ham tik boqish talab etiladi. Benzema ayniqsa, oxirgi 4 yillik davr­da ham klub, ham menga nisbatan ideal munosabatda bo‘ldi. Shuning uchun ham unga ta’zim bajo keltirishimiz joiz. Yo‘qotish masalasiga kelsak, Karimsiz qanday o‘ynash borasida bosh qotirishimiz uchun oldimizda yetarlicha vaqt bor. Ishonamanki, keyingi mavsumda yanada raqobatbardosh tarkibga ega bo‘lamiz. Benzema haqida yana bir og‘iz, uning klubdagi faoliyatiga baho berishda shaxsiyatini alohida hisobga olish shart. To‘g‘risi, futbol olamida bunday ko‘lamdagi yulduzning kamtarlikni saqlab qolishi - noyob hodisa. Oxirgi kunlarga qadar Karim tabiati aslo o‘zgarmaganiga alohida e’tibor qaratdim. Ya’ni u diqqat markazida turishni uncha yoqtirmaydi,  mana, muxlislar bilan ham maydonda xayrlashishni afzal ko‘rdi. Buyuk futbolchi, haqiqiy afsona! Boshqa gap ortiqcha.

- Endi mavsum yakuniga to‘xtalsak, «Real»ga bu safar aynan nima yetishmaganini tahlil qildingizmi?

- La-Ligani alohida olsak, ehtimol, raqobatbardoshlik va ozgina ishtiyoq kamlik qilgandir. Vaholanki, tarkibimiz avvalgi mavsumdagiga nisbatan kuchliroq edi. Faqat barqaror o‘yin ritmiga tushishda qiynaldik. Bunda mavsum o‘ta murakkab tus olganini ham unutmaslik kerak. Deylik, JCHdan so‘ng, yanvarda Ispaniya superkubogi uchun o‘ynadik, Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatiga bordik, fevraldan milliy liga va CHLda kurash keskinlashdi. Demoqchimanki, o‘ta tig‘izlik oqibatida barqarorlikni ushlab qololmadik va oqibatda ligada muhim ochkolarni yo‘qotdik. Lekin umumiy qaraganda, mavsum yomon o‘tgani yo‘q, endi navbatdagisi yanada yaxshiroq kechishiga aminman. Qisqasi, 10 iyul kuni yanada ko‘proq motivasiya, ishtiyoq va istak bilan qaytamiz.

- Marko Asensioning jamoadan ketish qaroriga qanday munosabatdasiz?

- Asensioda «Real»ning kelajagida qanday rol bajarishi borasida aniq tasavvur yo‘q emasdi. U bilan o‘zaro suhbatda barchasini to‘g‘ri tushuntirishga harakat qildim, albatta. Klub ham futbolchiga qolishni taklif etdi. Biroq o‘zi shartnomasi muddati yakunlanganidan kelib chiqib, faoliyatida boshqacha tajriba ko‘rishni istadi. Jamoadan ketgan boshqa futbolchilar masalasida ham xuddi shu gap: klub hech kimni haydagani yo‘q, faqat qaysidir yigitning kelishuvi tugadi, ba’zilar yangicha sinovga moyillik sezishdi. 

- Azar va Marianoga hattoki, oxirgi o‘yinda ham imkoniyat bermadingiz...

- Oxirgi o‘yinda tarkibga 5 nafar o‘rinbosarni qo‘shdik. Har qanday holatda ham, maqsad g‘alaba qozonish va chempionatni 2-o‘rinda yakunlash edi. Qolaversa, Azar va Marianoda zaxiradan maydonga tushish ishtiyoqi uncha sezilgani yo‘q, lekin bunda ularni ayblash noo‘rin. Futbolda klub bilan xayrlashuv turlicha bo‘ladi, tushunish kerak, ikkisi ham oxirgi bahsda boshqalar kabi katta e’tiborga ega emasdi. Faqat qo‘shimcha qilishim joiz, Eden ham, Mariano ham oxirgi kungacha jiddiylik va professio­nallikni me’yorida ushlab qoldi. Demoqchimanki, ular professional sifatida hurmatga loyiqlar, chunki oxirgi kungacha o‘zlarini maksimal darajada yaxshi tutishdi. Yakuniy o‘yinda qatnashmaganliklari esa mutlaqo boshqa masala.

- Shuncha yo‘qotishdan ke­yin qanday transferlar haqida o‘ylayapsiz?

- Eden, Mariano, Asensio va Benzemadek 4 nafar hujumchidan birdaniga ayrilish - katta yo‘qotish, shubhasiz. Endi harakatni jiddiylashtirish talab etiladi, lekin shoshma-shosharlik yaramaydi aslo. Vaqt bor, rahbariyat gol urish salohiyati va boshqa yigitlar bilan yaxshi munosabat o‘rnatish fazilatiga ega hujumchi qidirmoqda. Seleksiya jarayonida oldingi chiziqda yetakchi rolga ancha moslashgan ikki yosh iqtidorimiz borligini hisobga olamiz, albatta. Aytish shart emas, Vinisius va Rodrigo bu yil sezilarli ravishda oldinga siljishdi. Har ikkisining yaqin orada Asensio va Benzema kabi qo­yilmaqom o‘ynaydigan hujumchi bo‘lishiga shubha yo‘q.

- Ta’til vaqti nimalar haqida o‘ylaysiz?

- Odam ta’tilda nimani o‘ylaydi? Qanday dam olish, hordiq chiqarishni-da... Axir mavsum juda uzoq davom etdi, jamoani har uch kunda rasmiy o‘yinga tayyorlash katta kuch oldi. O‘zi odatga ko‘ra, o‘yindan oldin kechasi bilan uxlolmay qiynalib chiqaman, anchadan buyon shunday. Demak, ta’til vaqti miyani futboldan ozgina tozalashda zararli tomoni yo‘q. Muhimi, klub ishonchli qo‘llarda va nima qilish kerakligi haqida allaqachon gaplashib ham olganmiz.

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 12:55, 01.07.2023.
O'qildi: 1770 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.