2007 yilning yozida Nani Krishtianu Ronaldu ortidan "MYU"ga yo‘l oladi. U ham "Sporting"dan xarid qilingan edi. Hujumchi o‘zining APLdagi debyut mavsumini ikkita titul bilan yakunlaydi. Nani, keyinchalik yetti yil davomida "qizil iblislar" safida jami 4 ta APL, Jahon chempionati va ikkita liga kubogini boshi uzra baland ko‘tardi. Bu shuni anglatadiki, Nanining xaridi "Manchester Yunayted" uchun omadli bo‘lgan. Quyida 2007 yilning yozida Nani bilan sotib olingan nomlar va ularning taqdiriga qisqacha nazar tashlaymiz.
Karlos Teves
"MYU" muxlislari Teves haqida unchalik ham hayajon bilan gapiravermaydi. Ko‘pchilik uning bu jamoada harakat qilganini ham eslay olmasligi mumkin. Ammo hujumchi "qizil iblislar"ning eng omadli mavsumlaridan biri bo‘lgan 2007-08 yilda Fergyuson xizmatida edi. Argentinalik futbolchi, o‘shanda Krishtianu Ronaldu va Ueyn Runi bilan dahshatli uchlikni hosil qilgan. Teves "Vest Xem"dan olib kelinadi va "MYU"da darrov asosiy tarkib futbolchisiga aylanadi. Uning bu ko‘chishi ijara asosida edi. Shu sabab uning transfer huquqiga ega jamoasi, hujumchini "Manchester Siti"ga sotib yuboradi.
Anderson
"Portu"da katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan futbolchi, o‘z baxtini Angliyadan izlashga ahd qiladi. Anderson "MYU"ga Nani bilan bir kunda olib kelinadi. "Golden Boy" sohibiga aylangan futbolchi, birinchi mavsumni yaxshi o‘tkazadi. Yarim himoyachi "Old Trafford"da muxlislar yoqimtoyiga aylangan. Afsuski, Andersonning faoliyati jarohatlar sabab pastlay boshladi. Yillar o‘tib, u asosiy tarkibdan tushib qoladi. 2014 yilda Anderson "Fiorentina"ga ijara asosida yuboriladi. U yerdan, u o‘z vataniga, Braziliyaga ketadi. Anderson Amerikada "Internasyonal" safini to‘ldiradi.
Ouen Xargrivz
Yana bir nom bu Xargrivzdir. Hujumchi "Manchester Yunayted"ga 2007 yilda "Bavariya"dan tashrif buyurgan. U jamoaga sovrinlarga chanqoq holda keladi. Ha, Fergyuson uni yaxshi xarid sifatida ko‘rmasligini bildirgandi. Biroq, Xargrivzga daraja emas, balki jarohatlar eng katta to‘siq sanalgan. Ingliz yarim himoyachisi ilk mavsumda yaxshi daraja namoyish etadi. U 2008 yilgi YECHL finalidagi penaltilar seriyasida o‘z zarbasini mukammal ijro etgan. Afsuski, oldin aytilganidek, Ouenga jarohatlar yo‘l bermadi va 2011 yilda uni "MYU"dan ketishga majbur qildi.
Tomash Kushchak
Polshalik darvozabon "MYU"ga butunlay begona emasdi. U "Vest Brom"dan ijaraga olinadi. Tomash o‘sha davrda Edvin van der Sardan ko‘p narsa o‘rganadi. Futbolchi "qizil iblislar" safida jami 32 ta o‘yinda maydonga tushadi. Kushchak besh yil davomida hech qachon asosiy tarkibga kira olmagan. Shu sababli u bilan 2012 yilda xayrlashiladi. Nima bo‘lgan taqdirda ham darvozabon "MYU" bilan uch marta APLda zafar quchgan. Qolaversa, Kushchak 2010 yilgi liga kubogi finalida "Aston Villa"ga qarshi asosiy tarkibda maydonga tushadi.
ISMATOV J.