Futbolda sardorlik qilishning o‘z mas’uliyati bor. Sardor, eng avvalo, o‘zi hammaga o‘rnak bo‘lishi kerak. U sheriklarini maydonda va undan tashqarida g‘alabalarga ilhomlantirishga qodir bo‘lishi lozim. Tarixda shunday ajoyib sardorlar bo‘lganki, ular yuqorida qayd etilgan fazilatlarga ortig‘i bilan egalik qilgan. Bunga misol qilib, Toni Adams, Vensen Kompani, Stiven Jerrard va Franchesko Tottilarni keltirish mumkin. Biroq, hayot faqat oq sahifalardan iborat emas. Yana o‘sha tarixga qaytadigan bo‘lsak, ayrim futbolchilar o‘ziga yuklatilgan vazifani uddalay olmagan ham. Ba’zi hollarda ulardan sardorlik bog‘ichi olib qo‘yilgan. Bunga yaqindagina guvoh bo‘ldik. "MYU" sardori Xarri Maguayr Erik ten Xag tomonidan o‘z maqomidan mahrum etilgandi. 30 yoshli himoyachi yangi mavsum oldidan sardorlik bog‘ichisiz qoldirildi. Ko‘p ehtimol, u o‘z jamoasida almashtirsa kerak. Quyida shunday nomlarning ayrimlarini bilib olasiz.
Vilyam Gallas
Gallas 2007 yilda, Tyerri Anri jamoadan ketgach, sardorlik darajasiga chiqariladi. O‘shanda hamma "Arsenal"ning bu qaroridan hayron bo‘lgandi. Negaki, bu nomga loyiqroq bo‘lgan Gilberto Silva hali jamoada edi. Vaqt hammasini to‘g‘irladi. Silva o‘zining yosh jamoadoshlari va kiyinish xonasidagi muhitni tanqid qilib, intervyu bergach, undan sardorlik bog‘ichi olib qo‘yiladi.
Jon Terri
Terri Angliya terma jamoasidagi maqomidan mosuvo bo‘ladi. 2012 yilgi qit’a chempionatidan oldidan futbolchi Anton Ferdinandga nisbatan irqchilik ruhini namoyish etadi. Shu sabab, himoyachi sudga beriladi. Sud uni aybdor deb topadi. Angliya FA esa, Terrini avvaliga sardorlik bog‘ichidan mahrum qiladi. Unga jazo tayinlangach, tez orada Jon Terri xalqaro futbol bilan xayrlashadi.
Pyer-Emil Xyoybyerg
Daniyalik futbolchi "Sautgempton"ning uzoq yillik sardori edi. Ammo yarim himoyachi 2020 yilning iyun oyida ketish istagini bildirgani uchun sardorlikdan mahrum qilinadi. Xyoybyerg kattaroq klubga o‘tishni istayman degan edi. Shu gaplardan bir necha hafta o‘tagach, uni "Tottenxem"ga sotishadi. Xyoybyergdan keyin sardorlik Jeyms Uord-Prouzga nasib etadi.
Granit Jaka
"Arsenal" yarim himoyachisi Unai Emeri davrida, 2019-20 yilgi mavsum oldidan sardor qilib tayinlanadi. Ammo ikki oydan keyin, undan sardorlik olib qo‘yiladi. "Kristal Pelas"ga qarshi rasvo kechgan uy-o‘yinida Jaka zaxiraga olinadi. Unga nisbatan norozi bo‘layotgan muxlislarga qarata futbolchi nomaqbul so‘zlar aytgandi. Bu esa sardorlikdan ayrilish bilan yakun togan. Shveysariyalik futbolchidan olingan bog‘ich Obameyangga beriladi.
Pyer-Emerik Obameyang
Granit Jakadan keyin sardorlik maqomiga chiqqan hujumchi, o‘sha paytning eng yaxshilaridan edi. Uning harakatlari bilan "Arsenal" Angliya kubogini qo‘lga kiritgandi. Gabonlik hujumchi 2020 yilning yozida yangi bitimga imzo chekadi. Hammasi shundan boshlangandi. Mavsum davomida yomon o‘yinlar ko‘rsatganidan keyin, Mikel Arteta Obameyangni jamoadan butunlay chetlatadi. Sardorlik esa Lyakazettga topshiriladi.
Mauro Ikardi
Ikardining "Inter"dagi davri doimo bahsli bo‘lgan. U klubni tanqid ham qiladi. Futbolchining agenti va xotini Vanda Ikardi muxlislarning hurmatsizligi haqida ko‘p bong urardi. Bularning hammasi "Inter" rahbariyatini sabr kosasini to‘ldirdi. Oxir-oqibat, 2019 yilning fevralida hujumchi butunlay jamoadan chetlatildi va undan olib qo‘yilgan sardorlik bog‘ichi darvozabon Xandanovichga topshirildi.
Samyuel Eto'o
Afrika qit’asining barcha davrlardagi eng yaxshi hujumchilaridan biri 2010 yilda Kamerun sardori sifatida Jahon chempionatida ishtirok etadi. Maosh masalasidan janjallar sababli Kamerun FA uni 15 ta o‘yinga jamoadan chetlatadi. Keyinchalik, Eto'o 2014 yilda ham mundialda yurti sharafini sardor sifatida himoya qiladi. Jahon chempionatidan keyin Kamerun terma jamoasida "tozalash" bo‘ladi. Shu sababli Eto'o sardorlikdan quruq qoladi. Bunga javob tariqasida hujumchi terma jamoadan iste’fo beradi.
ISMATOV J.