Hujumkor futbolchining saviyasiga faqat uning gollari va assistlari soniga qarab baho berib bo‘lmaydi.
Chunki bu ko‘rsatkichlar uning o‘yin uslubi, taktik mahorati va jamoa uchun nechog‘li muhimligi xususida to‘liq tasavvurni bera olmaydi. Lekin Dominik Soboslai o‘yinlarini befarqlik bilan, unga havas qilmagan holda tomosha qilishning iloji yo‘q. Vengriyalik iqtidor kuchli zarbasi va yuksak texnik mahorati bilan tanildi. Lekin o‘ta samarali mavsum «Ko‘hna qit’a» grandlari e’tiborini shu futbolchiga qaratdi. O‘rta chiziqni kuchaytirishga qaror qilgan «Liverpul» boshqa jamoalarga nisbatan jiddiyroq qiziqish bildirib, 60 mln. funtdan voz kechdi. Klub shu paytgacha markaz o‘yinchisi uchun bunchalik ko‘p mablag‘ sarflagan emasdi 22 yoshli Dominik Aleksis Makallisterdan keyin «qizillar»ning yozdagi ikkinchi xaridi bo‘ldi.
Yevropadagi shakllanish
Soboslaining APLga o‘tishi uning «Red Bull» tizimidagi 5 yillik hamkorligiga nuqta qo‘ydi. Futbolchi 16 yoshida (2016) o‘z yurtini tark etib, Avstriyaning «Lifering» klubiga, keyin «RB Zalsburg»ga, undan «RB Leypsig»ga o‘tdi. Bir qarashda, yigitchaning faoliyati barqaror rivojlanib borgandek ko‘rinadi. Biroq uning Germaniyadagi hayoti anchayin qiyin boshlandi: 2020 yil dekabrida Leypsigga jarohat bilan kelib, keyingi yilning avgustigacha maydonga tusha olmadi. O‘zining ilk to‘liq mavsumi - 2021|2022da Dominik ko‘proq (16 marta) zaxiradan maydonga tushib, ishonch qozona olmadi. Mavsum nafaqat futbolchi, balki jamoa uchun ham murakkab kechdi: klub «Red Bull» uslubiga sadoqatli Jessi Marsh o‘rniga Domeniko Tedeskoni taklif etdi.
Soboslai o‘sha mavsumni 6ta gol va 8ta assist bilan yakunladi. 2022G‘23 yillar mavsumida esa, qahramonimiz yangilangan «Leypsig»ning muhim bo‘g‘iniga aylanib, sermahsulligini oshirdi. Dominik mavsumni Germaniya Kubogi finalida «Ayntraxt» darvozasini ishg‘ol etish bilan yakunladi, uning jamoadagi nufuzi qanchalik oshganini tasdiqlaydigan ko‘rsatkich - o‘yin amaliyoti bo‘yicha markaziy himoyachi Villi Orbandan keyin 2-o‘rinni egallagani.
Dominikning Yurgen Klopp uchun muhim bo‘lgan ustunligi - universalligi. «Leypsig»da u markaziy va hujumkor yarim himoyachi, o‘ng va chap qanot vingeri, hatto hujumchi pozisiyalarida to‘p surdi. Kloppga turli hududlarda samarali o‘ynaydigan o‘yinchilar yoqadi, «qizillar»ning ko‘pchilik o‘yinchilari bir-birlarining o‘rnini to‘ldira oladilar.
Jessi Marsh, Soboslaining «Leypsig»dagi sobiq ustozi: «Iqtidorlar xususida gapiradigan bo‘lsam, uning pozisiyasida yaxshiroq to‘p sura oladigan o‘yinchi yo‘q. Kimdir kuchliroq, kimdir mohirroq, boshqasi taktika ustasi yoki himoyada ishonchli o‘ynaydi. Lekin Dominik o‘zgacha, chunki u zikr etilgan barcha fazilatlarni puxta egallagan. U Erling Xoland darajasidagi o‘yinchi».
Aytgancha, «Zalsburg»dagi hamkorlik davrida bu ikki tengdosh (Erling atigi 3 oyga kattaroq) futbolchi do‘stlashib olishgan, maydonda va uning tashqarisida a’lo darajada harakat qilishgandi.
Marko Roze davrida Dominik ko‘proq 4-2-2-2 yoki 4-2-3-1 sxemalarida o‘ng qanot yarim himoyachisi pozisiyasida to‘p surdi. Biroq u tipik vinger emas, keng hududda to‘p suradigan kreativ yarim himoyachi. Muhimi, u chap qanotda ham risoladagidek o‘yin ko‘rsatadi. Masalan, Marko Rossi Vengriya terma jamoasida undan aynan shu pozisiyada foydalanadi. Qaysi qanotda bo‘lishidan qat’iy nazar, Soboslai jamoadoshlarini keskin uzatmalar bilan ta’minlashi yoki qudratli «zambaragi» yordamida darvozani nishonga olishi mumkin. Bundesliganing so‘nggi mavsumida faqat Leroy Sane jarima maydonchasi tashqarisidan undan ko‘proq zarba yo‘lladi. Lekin o‘sha zarbalarining atigi 2tasi golga aylandi. Dominik esa 20-30 metrli masofadan aniq zarba yo‘llaydi. Shu bois, uning ijrosidagi jarima zarbalari ko‘pincha gol bilan tugaydi. Aytishlaricha, Dominik mashg‘ulotdan keyin qo‘shimcha ravishda 200 martadan to‘pni to‘siqlar ustidan oshirgan holda darvozaga yo‘llashni mashq qilgan ekan.
Soboslai ko‘proq hujum chizig‘ining qanotida to‘p surishini inobatga olsak, xavfli vaziyatlarni sodir etishda krosslardan foydalanishi tabiiy hol. Biroq u jarima maydonchasi ichida ham raqiblarini shoshirib qo‘yadi. To‘g‘ri, u hali mallasoch daho darajasiga chiqmagan, lekin ko‘p jihatlari Kevin De Bryuyneni eslatadi. Texnik mahorat bobida e’tiroz yo‘q, ammo bosim ostida eng maqbul qarorni topishga bir oz qiynaladi.
Jismoniy holati
Dominik - qanot o‘yinchisi. Lekin yakkakurashlarda raqibini ortda qoldirishga har doim muvaffaq bo‘lavermaydi. Qisqa masofada yuqori tezlikka erisha olmaydi, ammo ochiq bo‘shliqqa to‘pni aniq yetkazib berishi bilan bu kamchiligini sezdirmaydi. Bundesliga ma’lumotlariga ko‘ra, Soboslai 35,2 km.|s. tezlik bilan 506 nafar kasbdoshlari orasida 31-o‘rinni band etgan. Risoladagidek ko‘rsatkich. Oxirgi mavsumda u 863ta sprintni amalga oshirib, 7-natijani qayd etdi. Ha, so‘nggi yillarda Germaniya chempionatidan APLga o‘tgan bir qator futbolchilar - Timo Verner, Kay Xavers, Jeydon Sancho va Nabi Keyta kutilganidek yorqin o‘yin ko‘rsata olmadilar. Dominikning texnik va jismoniy ko‘rsatkichlari uning ishonchni oqlay olishiga umid uyg‘otmoqda.
Taktik mahorat
Faoliyatining ilk bosqichida Soboslai himoyaviy o‘yindagi e’tiborsizlik va intizomsizlik uchun e’tirozlarga duch kelgandi. Biroq o‘tgan mavsumda u to‘p bilan va to‘psiz harakatlanishda sezilarli o‘zgarishlarni namoyish etdi. Ma’lumki, «Red Bull»ning barcha jamoalari yuqori pressingga asoslangan tig‘iz futbolni xush ko‘rishadi. Demak, Dominik Yurgen Klopp uslubiga moslashishda muammolarga duch kelmaydi. O‘tgan mavsumda faqat «Bavariya» «Leypsig»ga nisbatan ko‘proq yuqori pressing bilan to‘p surdi. Soboslai o‘yinning o‘tish fazasida hal qiluvchi rolni ijro etdi: to‘pni yo‘qotganidan keyin ham o‘z pozisiyasida qolib, jamoadoshlaridan omadli kotrpressingdan keyin to‘p uzatishlarini kutdi.
Xo‘sh, «Liverpul»da nima bo‘ldi?
O‘tgan mavsumning yakuniy bosqichida «qizillar» gibrid sxemasiga o‘tishgach, hujumkor fazadagi yumushlar Fabinyo, oldinga intilayotgan Trent Aleksander-Arnold va 2 nafar «sakkizlik» zimmasiga tushdi. Ular hujumchilarni qo‘llab-quvvatlab turishdi. Endi Dominik Soboslai Aleksis Makallister bilan Kloppning yangi tizimida hujumkor xavbeklar rolini o‘ynaydilar. Dominikning «zambarak» zarbalari esa quyi blok bilan himoyalanadigan raqiblarga qarshi o‘yinlarda asqotishiga shubha yo‘q. Qahramonimiz «Zalsburg»dalik davridayoq mish-mishlar uni Yevropa grandlariga yo‘llagandi. Endi Dominik Germaniyadagi yorqin qadamini Angliyada davom ettirsa, ajabmas!
MUHAMMADSODIQ tayyorladi