Gruziyalik Gabriel Siguaga «Yangi Xvicha» sifatida qarashmoqda. U 19 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 15:00da Tbilisidan 25 kilometr uzoqlikdagi Rustavi shahrida geografiya fanidan yakuniy imtihonga kirdi. Bu vaqtda yigitchani atigi 5 soatdan keyin Gruziya poytaxtida boshlanadigan Yevropa Chempionlar Ligasi saralash bosqichi o‘yini kutayotgandi. Ha, ko‘pchilik hammasini to‘g‘ri tushungandir - 18 yoshli Gabriel shunchaki, oddiy maktab bitiruvchisi emas, balki Tbilisi «Dinamo»sining asosiy yarim himoyachisi!
Xullas, Sigua imtihondan chiqib, to‘g‘ri poytaxtga yo‘l oldi va CHL saralashi birinchi bosqichi javob o‘yinining 57-daqiqasida maydonga tushdi. To‘g‘ri, yigitchaning shoshilinch rejim bo‘yicha harakatlangani «Dinamo»ga naf keltirgani yo‘q - gruziyaliklar 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchrab, «Astana»ni keyingi raundga kuzatib qo‘yishdi, o‘zlari esa kurashni KL saralashida davom ettiradigan bo‘lishdi. Aytish joiz, bundan bir hafta oldin Qozog‘istonda o‘tkazilgan dastlabki uchrashuvning 57-daqiqasida aynan 18 yoshli markaziy yarim himoyachi hisobni tenglashtirib, «Dinamo» ortga katta umid bilan qaytishini ta’minlagandi. Yana bir jihatni e’tiborga olish kerak: Gabriel Rustavidan Tbilisiga mikroavtobusda yetib oldi. Bu yarim soatlik yo‘l demakdir. Ehtimol, unga charchoq biroz xalaqit bergandir javob bahsida...
Umuman, Siguaning «Dinamo»da debyut qilganiga hali 1 yil ham bo‘lgani yo‘q. To‘g‘rirog‘i, u jamoa safida ilk marta 2022 yilning avgustida, Gruziya kubogi 1|16 finalidan o‘rin olgan «Samtredia»ga qarshi o‘yinda zaxiradan maydonga tushdi. Endi Gabrielning hozirgi statistikasiga qarang: 31ta o‘yin, 5ta gol va 4ta samarali uzatma. Sigua ayniqsa, 2023 yil bahoridan katta tezlik oldi - 4 mart kuni «Dinamo»da gollari hisobini ochdi, oy oxirida esa Gruziya milliy jamoasida debyut qildi. Fransiyalik murabbiy Villi Sanyol yigitchani Mo‘g‘uliston termasiga qarshi kechgan o‘rtoqlik o‘yini ikkinchi yarmida sinab ko‘rdi. May oyida esa Gabriel o‘rta ta’lim maktabidagi tahsilni tugatdi va iyunda U-21 toifasidagi Yevropa chempionatida qatnashdi. Ahamiyatli tomoni, u yakunda Gruziya va Ruminiyada tashkillashtirilgan turnirda maydonga tushgan eng yosh futbolchi bo‘ldi. Sigua bunga qadar yoshlar termasining atigi 2ta o‘rtoqlik o‘yinida ishtirok etgandi. Gruziyaliklar uchun muvaffaqiyatli yakunlagan qit’a chempionati guruh raundida esa Portugaliya termasiga qarshi bahsda 1 daqiqagina harakatlandi.
Gabriel 30 iyun kuni 18 yoshga to‘ldi. Ertasiga Gruziya yoshlar termasi qit’a birinchiligi 1|4 finalida isroilliklarga juda alamli tarzda yo‘l bo‘shatdi. Sigua esa Yevropa chempionatidan keyin ham dam olgani yo‘q, hisobi - 4 iyul kuni Gruziya superkubogi finalida zaxiradan maydonga tushdi. Asosiysi, aynan u Batumi «Dinamo»si bilan bo‘lgan o‘yinni, aniqrog‘i, sovrinni o‘z jamoasi tomon sudradi. Ya’ni 77-daqiqada hisobni tenglashtirdi, penaltilar seriyasida esa hal qiluvchi zarbani golga aylantirdi. Shu tariqa Gabriel «Dinamo»da ikkinchi sovrinni qo‘lga kiritdi - bolakay 2022 yili Gruziya chempioniga aylangan edi (mamlakatda turnirlar «bahor-kuz» tizimi bo‘yicha o‘tkaziladi).
Bu hali hammasi emas. Yuqorida ta’kidlandi, Gabriel iyul oyi yarmida CHLda ham debyutini nishonladi. Asosiy fakt shuki, Qozog‘istonda «Astana» darvozasiga urilgan gol Siguani «Dinamo» rekordchisiga aylantirdi. Aniqroq aytganda, u Tbilisining dongdor jamoasi tarixida yevrokuboklarda gol urgan eng yosh futbolchi bo‘ldi. Chindan ham, faoliyatning ta’sirchan boshlanishi. Hozirda Siguani kimsan Xvicha Kvarasxeliya bilan taqqoslashmoqda, garchi «Napoli» yulduzi mutlaqo boshqa pozisiyada o‘ynasada. Tushunarliki, Sigua shu ketishda Gruziyada uzoq vaqt qolmasa kerak-ov...