«Otam yulduzlik kasaliga chalinishimga yo‘l qo‘ymaydi» - O‘zbekistonning ayni paytdagi asosiy iste’dodlaridan biri Abduqodir Husanovning iqtibosi...
Husanov 1998-2010 yillar mobaynida O‘zbekiston chempionatining bir qator klublarida faoliyat yuritgan, O‘zbekiston terma jamoasi safida 12ta o‘yinda maydonga tushgan himoyachi Hikmat Hoshimovning o‘g‘lidir. Hoshimov yaqinda «Bunyodkor»da murabbiylik qilardi, hozir esa klub rahbariyatida lavozimlardan birini egallab turibdi. Aynan u Abduqodirga bobosi sharafiga familiya berishga qaror qildi. Darhaqiqat, O‘zbekistonda ko‘pchilik «tanish-bilish» deb ataladigan narsaga, ya’ni qarindosh-urug‘chilikka nisbatan yomon ko‘z bilan qarashadi. Bu orqali Abduqodirni turli gap-so‘z, mish-mishlardan himoya qilib, futbolni to‘g‘ri rivojlantirishga yo‘naltirishdi.
... Va ma’lum bo‘lishicha, bu bejiz emas ekan...
Husanov 5 yoshidan Toshkent maktablaridan birida o‘qishni boshladi, so‘ngra O‘zbekistondagi eng yaxshilaridan biri bo‘lgan «Bunyodkor» akademiyasida tahsil oldi. Abduqodir yosh bo‘lishiga qaramay, tengdoshlari orasida yaqqol ajralib chiqdi va markaziy himoyachi pozisiyasini tanlab, Yegor Krimes hamda Islom To‘xtaxo‘jayev an’analarining davomchisi sifatida qaraldi.
18 yoshida Husanov yosh futbolchilarni rivojlantirish bilan shug‘ullanadigan Belarusning «Energetik-BGU» klubining maxsus loyihasi ishtirokchisiga aylandi. 2022 yil yakunlariga ko‘ra, «talabalar» («Energetik-BGU» laqabi) o‘rtacha yoshi bo‘yicha Yevropaning eng yosh 5ta klubi qatoriga kirdi - 21,43 yosh. Husanovdan tashqari, u yerda O‘zbekistonning yana bir qator yosh iste’dodlari ham faoliyat olib borishdi: Humoyunmirzo Iminov, Shahboz Umarov, Shahzod Ubaydullayev. Hozirda esa «Buxoro» klubi bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyevning o‘g‘li Amirbek o‘sha yerda o‘ynamoqda. Ammo, albatta, Bobur Abduxoliqovni ham e’tirof etmasdan iloj yo‘q. Chunki u mamlakatning o‘tgan chempionatining bosh tupurariga aylangandi.
«Energetik-BGU» kutilmaganda mamlakat Oliy ligasi favoritlari guruhiga kirdi. Ammo jamoa tarkibi har mavsum yangilanaverardi. Bir qator futbolchilar jamoani tark etishdi va ularning o‘rniga boshqalar kelishdi. Shu jumladan, yurtdoshlarimiz ham. Ta’kidlash joiz, klub katta byudjetga ega emas edi va ba’zi hollarda futbolchilar hatto tekinga o‘ynashardi. Ha, ha. Ko‘pchilik yosh futbolchilarga maoshlarini agentlari to‘lashardi va buning evaziga «talabalar» o‘yin vaqtini va’da qilishardi. Qizig‘i shundaki, bu loyiha sovun ko‘pigi kabi bir deganda yo‘qolib qoldi. 2022 yili «Energetik-BGU» tarixida birinchi marta butun mavsumda chempionat yetakchilari qatorida o‘tkazgan va hatto ba’zan 1-o‘rinda yurdi. Yakunda esa kumush medallariga sazovor bo‘ldi. Biroq, BFF nazorat-tartib komissiyasi joriy yilning 11 maydagi qarori bilan «Energetik-BGU» kelishilgan o‘yinlarni tashkil etish, shuningdek, Oliy liga jamoalarini noqonuniy moliyaviy rag‘batlantirish aybi bilan medallaridan mahrum qilindi.
Husanovga qaytamiz. Shuni ta’kidlash kerakki, Belarus chempionati maqomiga qaramay, yosh himoyachi ikki marta yirik futbol skautlari va statistikachilari ko‘ziga tushdi. O‘zbek himoyachisi ikki yil ketma-ket «CIES Football Observatory»ning jahonning eng yaxshi yosh futbolchilari reytingiga kiritildi. Uning ajralib turadigan tomonlaridan biri, o‘z hududini tashlab jamoa hujumini qo‘llashga chiqishdan qo‘rqmaslikdir. Bu paytda albatta, uni himoyadagi sheriklari sug‘urtalashadi. Bu O‘zbekiston yoshlar terma jamoasida ham, «Energetik»da ham yaqqol ko‘rinib turadi. U yaxshi boshlang‘ich tezlikka ega va bir necha bor to‘p uchun kurashda raqiblaridan qanday ustun turishni ko‘rsatdi.
Husanov foydasiga aniq fakt: u 90 daqiqada mobaynida to‘pni olib qo‘yish va qaytarish bo‘yicha Belarus chempionatining yetakchilaridan biri bo‘lgan. Husanov ikkinchi qavatda ham yomon ishlamaydi, garchi bu yo‘nalishda darajasini yanada ko‘tarishi kerak. Bunga esa 19 yoshli himoyachining salohiyati yetarli. Shuningdek, u jarima zarbalarini ham samarali bajara oladi, uzun uzatmalar aniqlik koeffisenti ham havas qilarli.
Husanov bosim ostida o‘zini yaxshi his qiladi. Bunday hollarda futbolchi shunchaki to‘pdan qutulishga shoshilmaydi, balki himoyada turib ham o‘yinni o‘z zimmasiga oladi va darhol raqib darvozasi tomon xavf yaratishga harakat qiladi.
O‘zbekiston U-20 terma jamoasida Husanov omili agar hal qiluvchi bo‘lmasa, hech bo‘lmaganda belgilovchi bo‘ldi. Termaning qo‘shimcha vaqtda isroilliklarga mag‘lub bo‘lganligida uning umuman aybi yo‘q. Bunga asosan hujum chizig‘i vakillari va darvozabon javob berishlari kerak.
Minskdagi faoliyati boshida Husanov rus tilini tushunardi xolos, lekin tez orada gapirishni ham boshladi. Bu esa uning boshqa mamlakat va futbolga yaxshi moslashishi haqida gapiradi. Va endi «Lans»da shu salohiyati yangi muhitga maksimal darajada moslashishga imkon beradi. Uning oldida yorqin misol bor - Eldor Shomurodov. «Shoma» ham Yevropa safari oldidan rusiyzabon chempionatda unga ishonadigan va o‘ynashga imkon beradigan murabbiy qo‘l ostida o‘ynadi. Shundan keyingina Yevropaga yo‘l oldi. U yerda esa Shomurodov o‘yin vaqti qandayligiga qaramay, mehnatsevar futbolchi sifatida esda qoldi.
Ha, o‘yin vaqti haqida nima deyish mumkin? Husanovda shunday bo‘ladimi? Hozir Fransiya klubida 3ta markaziy himoyachilar - argentinalik Fakundo Medina, avstriyalik Kevin Danso va tajribali fransuz Jonatan Gradilar bor. Shu bilan birga, «Lans» 3-4-2-1 sxemasi bo‘yicha o‘ynashini ta’kidlash kerak. Demak, o‘zbek futbolchisi uchun o‘yin vaqti mavjudligiga kafolat bor. «Lans» Chempionlar Ligasida o‘ynaydi va gigantlar uchun ancha xavfli raqib bo‘lishi mumkin. Jamoaning 3ta frontda kurash olib borishigi hisobga olsak - Husanovda imkoniyat katta.
Qachonlardir Vitaliy Denisov «Uzbekskaya kuxnya» blogiga intervyu berib, unda o‘z orzu-maqsadlari haqida gapirgandi. Ulardan biri «Chempionlar Ligasi madhiyasini bevosita ishtirokchi sifatida eshitish» edi. Afsuski, Denisov bunga erisha olmadi. Shomurodov ham. Ammo endi klublar miqyosidagi eng yirik turnirda o‘zbek futbolchisi bor va bundan yurtdoshlarimiz qanday xursand bo‘lishadi.
Yevdokim RAIMOV