Kirish Ro'yxatdan o'tish
02/07 00:00 Portugaliya 0-0 Sloveniya
02/07 06:00 AQSh 0-1 Urugvay
02/07 06:00 Boliviya 1-3 Panama
02/07 21:00 Ruminiya 0-3 Niderlandiya
03/07 00:00 Avstriya 1-2 Turkiya
03/07 06:00 Braziliya - Kolumbiya
03/07 06:00 Kosta-Rika - Paragvay

Saudiyaga yo‘l olgan navbatdagi iqtidor, Azarga kelgan kutilmagan taklif — Kechaning eng muhim transfer yangiliklari

Saudiyaga yo‘l olgan navbatdagi iqtidor, Azarga kelgan kutilmagan taklif — Kechaning eng muhim transfer yangiliklari

Baho:
+ | -

26 avgust kuni jahon futbolidagi eng muhim transfer yangiliklari dayjesti bilan tanishing.

Saudiya Arabistoni klubi ispaniyalik superiqtidor bilan shartnoma imzoladi

"Al-Ahli" yarim himoyachi Gabriel Veyga bilan shartnoma imzolaganini rasman e’lon qildi. Transfer summasi 40 million yevroni tashkil etdi. Shartnoma uch yil muddatga imzolandi. Ilgari Veyga "Selta"da o‘ynagan. Unga Yevropaning bir qancha top-klublari jiddiy qiziqish bildirishgan edi, xattoki futbolchi "Napoli"ga o‘tishga yaqin turgandi. Lekin u oxir-oqibat Saudiya Arabistoni variantini tanladi. "Al-Ahli"da Veyga yiliga taxminan 12 million yevro oladi ("Napoli" 5 baravar kam taklif qildi). Oldinroq Madridning “Real” klubi yarim himoyachisi Toni Kroos Gabrielning Saudiya klubiga o‘tishini “sharmandalik” deb atagan edi.

"Chelsi" Petrovich bilan shartnoma imzoladi

"Chelsi" serbiyalik darvozabon Jorje Petrovich bilan shartnoma imzolaganini e’lon qildi. Transfer summasi 16 million yevroni tashkil etdi. 23 yoshli futbolchi bilan shartnoma yana bir mavsumga uzaytirish imkoniyati bilan 2030 yilning yoziga qadar tuzilgan. O‘tgan mavsumda Jorje MLSda yilning ikkinchi eng yaxshi darvozaboni deb topildi. Petrovich Serbiya terma jamoasida ikkita o‘yin o‘tkazdi.

"Brayton" Kaysedoga o‘rinbosar topdi

"Brayton" "Lill" yarim himoyachisi Karlos Baleba bilan shartnoma imzolash bo‘yicha kelishuvga erishdi, deya xabar beradi insayder Fabrisio Romano. Jurnalistning fikricha, transfer summasi 27 million yevro + bonuslar sifatida 3 million yevro bo‘ladi. Baleba bilan shartnoma shartlari kelishib olindi, yarim himoyachi tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. 19 yoshli futbolchi Liga 1da "Lill"ning asosiy tarkibida 23 ta o‘yinda maydonga tushdi. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, kamerunlik futbolchining narxi 5 mln yevro. Baleba "chaykalar" safida "Chelsi"ga APL uchun rekord darajadagi 133,5 mln yevro evaziga ketgan Kaysedoning o‘rnini egallaydi.

Sanches "Inter"ga qaytdi

Chililik hujumchi erkin agent sifatida “Inter” bilan shartnoma imzoladi. Shartnoma muddati - bir yil. Bungacha Aleksis Sanches klub safida 109 ta o‘yinda maydonga tushib, 20 ta gol urgan va 3 ta sovrinni qo‘lga kiritgan. U 2019/2020 yilgi mavsumda va 2020 yilning 1 sentyabridan 2022 yilning 10 avgustiga qadar “Inter” safida o‘ynagan. Chililik futbolchi o‘tgan mavsumni "Marsel"da o‘tkazdi va u yerda barcha turnirlarda 44 ta o‘yin o‘tkazib, 18 ta gol va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi. U faoliyati davomida "Barselona", "Arsenal", "Manchester Yunayted" va "Inter" klublarida ham o‘ynagan.

Azmun Mourinyoning shogirdiga aylandi

"Roma" eronlik hujumchi Serdar Azmun bilan shartnoma imzolaganini elon qildi. Futbolchi "Bayer"dan 2024 yilning yoziga qadar 12 million yevroga sotib olish huquqi bilan ijaraga olingandi. Azmun yangi jamoasida 17-raqam ostida o‘ynaydi. Bungacha Serdar Eronning “Sepaxon”, shuningdek, Rossiyaning “Rubin”, “Rostov” va “Zenit” jamoalarida ham to‘p tepgan. Sankt-Peterburg jamoasi tarkibida Azmun 4 karra Rossiya chempioni, ikki karra Superkubok sohibi va bir marta mamlakat kubogini yutgan.

Azar uchun Premyer-ligada kutilmagan variant!

Eden Azar yana Premyer-ligaga qaytadimi? Bo‘lishi mumkin! The Guardian xabariga ko‘ra, belgiyalik vingerga "Kristal Pelas" qiziqish bildirmoqda. Eden - erkin agent, shuning uchun "burgutlar" uni osonlik bilan o‘z safiga qo‘shib olishlari mumkin. "Pelas" "Galatasaroy"ga ketgan Vilfrid Zaxaga o‘rinbosar qidirmoqda, Azar variantlardan biri. Avvalroq Azarga MLS, Braziliya va Saudiya Arabistonida qiziqish bildirilayotgani xabar qilingandi. Amerika ligasida unga "Vankuver", Braziliya chempionatiga esa “Botafogo” qiziqish bildirmoqda. Azarga Saudiya Arabistoni klubidan ham taklif tushgan.

"Inter" hujumchisini ijaraga berdi

“Inter”ning argentinalik hujumchisi Xoakin Korrea “Marsel”ga o‘tdi. Klub va futbolchi 2024 yilning yoziga qadar ijara shartnomasi tuzgan. "Marsel" Korreani 10 million yevroga sotib olishi mumkin, provansliklar esa ijara uchun 2 million yevro to‘laydi. Agar "Marsel" keyingi mavsumda Chempionlar ligasiga yo‘llanma olsa, sotib olish majburiy holga aylanadi. Korrea fransuz klubida sobiq jamoasi "Inter"ga ketgan Aleksis Sanchesning o‘rnini egallaydi.

Tarixdagi eng qimmat futbolchilardan biri Qatarga ketadimi?

Fabrisio Romanoning xabar berishicha, "Aston Villa" yarim himoyachisi Filippe Koutinyo "Al-Duhail"ga o‘tishga tayyor. 31 yoshli braziliyalik qatarliklar bilan shartnoma shartlari bo‘yicha kelishuvga erishdi. Biroq “Al-Duhail” hali “Aston Villa” bilan kelishuvga erishgani yo‘q. Qatar va Saudiya klublari allaqachon Koutinyoga ko‘z tikishgan, ammo bu borada eng jiddiyi "Al-Duhail" bo‘lib turibdi. Filippe o‘tgan mavsumda "Aston Villa" safida barcha turnirlarda 22 o‘yinda maydonga tushib, bitta gol urgan. Transfermarkt futbolchining bozor narxini 10 million yevroga baholagan.

Ramos Turkiyaga boradimi?

Ispaniyalik afsonaviy himoyachi Serxio Ramos avvalroq “Beshiktosh” variantini rad etgandi. Shunga qaramay, u Turkiya Superligasiga o‘tishi mumkin. Nikolo Skiraning so‘zlariga ko‘ra, 37 yoshli himoyachiga "Galatasaroy" qiziqish bildirmoqda. Turkiya grandi Ramosga yiliga 10 million yevro maosh taklif qilmoqda. Serxio o‘tgan mavsumni "PSJ"da o‘tkazdi va hozirda erkin agent.

Kiritildi: 06:19, 27.08.2023.
O'qildi: 14926 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.