Kirish Ro'yxatdan o'tish
08/05 00:00 PSJ 0-1 Borussiya D
09/05 00:00 Real Madrid 2-1 Bavariya
10/05 23:45 Frozinone - Inter
11/05 00:00 Nissa - Gavr
11/05 00:00 Brest - Reyms
11/05 00:00 Alaves - Jirona

Ginnes rekordlari kitobi nima deydi?

Ginnes rekordlari kitobi nima deydi?

Baho:
+ | -

Shaxsiy natijalar har qanday futbolchi uchun jamoaviy sovrinlar oldida yoqimli bonus hisoblanadi.

Mashhur Ginness rekordlar kitobiga kiritiladigan natija ko‘rsatish esa futbolchi uchun o‘z ismini tarixga muhrlab qo‘yishning yana bir ajoyib varianti. Qiziq, futbol olamining rekordlar daftarida nima gap? Bu masalaga alohida e’tibor qaratgan sports.ru sayti Ginness rekordlar kitobi sahifalarini varaqlab chiqdi. Eslatma, oldinroq gazetamizda maxsus sertifikatli va amaldagi rekordlar haqida ma’lumot bergandik. Bugun esa Ginness kitobida qayd etilgan natijalar (ularning ayrimlari keyinchalik yangilangan) haqida so‘z boradi.

Bugungi futbolda Lionel Messi va Krishtianu Ronalduni o‘zaro taqqoslash uchun mavzu hamisha topiladi. Misol uchun, Ginness rekordlar kitobiga kirish borasida ham aynan argentinalik va portugaliyalik yulduz hammadan oldinda. Hozirgi holat bo‘yicha aytsak, jahon rekordlari sanog‘i bo‘yicha Lionel Messi asosiy raqobatchisidan ozgina oldinda - 41:40. Xullas, Ginnes rekordlar kitobining rasmiy akkaunti tomonidan berilgan eng ko‘p rekord o‘rnatgan 5 nafar futbolchi ro‘yxatiga qarasak, Messi 1-o‘rinda. Argentinalik hisobida nufuzli ma’lumotnoma kitobiga kiritilgan 41ta natija bor. Leoning rekordlari xilma-xil. Deylik, u CHLda 50ta gol marrasiga eng tez yetishgan futbolchi sifatida kitob­dan joy olgan. Ma’lumot uchun, argentinalik hujumchi turnirdagi 50-golini 24 yoshida nishonlagan. 2012 yili esa Messi CHLdan o‘rin olgan Leverkuzenning «Bayer» klubiga qarshi bahsda «penta-trik» qayd etib, turnirning 1ta uchrashuvida eng ko‘p gol urgan futbolchi maqomini oldi. Lionel shuningdek, Ispaniya La Ligasidagi o‘yinlar soni bo‘­yicha ham rekordchi hisoblanadi - naq 520ta!

Krishtianu Ronaldu asosiy raqobatchisidan uzoqda emas. Portugaliyalikning 40ta ko‘rsatkichi Ginness rekordlar kitobida ro‘yxatga olingan. Krish jumladan, CHLda eng ko‘p gol urgan futbolchi hisoblanadi - 140ta. Bundan tashqari, portugaliyalik 2016/2017 va 2017/2018 yillar mavsumlarida CHLning qatorasiga 11tadan o‘yinida gol quvonchini tuygan. Portugaliya faxri 2018 yili JCHda «xet-trik» qayd etgan eng yoshi katta futbolchi bo‘lganini ham aytish o‘rinli. U Rossiya mundialida Ispaniya termasiga qarshi bahsda 3ta gol urgandi 33 yoshu 130 kunligida.

Ko‘p karra rekordchi futbolchilar ro‘yxatining keyingi qatori Robert Levandov­skiga tegishli. Lekin polshalik goleador Messi va Ronaldudan ancha orqada. Raqamlarda aytsak, Levagolning 9ta natijasi rekordlar kitobiga kiritilgan. Qolaversa, u deyarli barcha rekordlarini 2015 yili «Volfsburg»­ga qarshi kechgan mashhur o‘yin­da rasmiylashtirgan. Esingizda bo‘lsa, Levandovski o‘sha bahsga zaxiradan qo‘shilib, qandaydir 9 daqiqa ichida «penta-trik» qayd etgandi! Oddiy aytganda, «Bavariya»ning sobiq hujumchisi bir urinishda eng tezkor «xet-trik» (3 daqiqa 22 soniya), eng tezkor «poker» (5 daqiqa 42 soniya) va eng tezkor «penta-trik» (8 daqiqa 59 soniya) muallifi sifatida rekordchiga aylangandi.

Levandovskidan keyin Ginnes rekordlar kitobiga 5 marta kirgan Kilian Mbappe bor. Jumladan, Kilian «Oltin to‘p» uchun eng yosh da’vogar sifatida qayd etilgan. Binobarin, fransiyalik futbolchi 18 yoshu 293 kunligida oliy individual sovrin uchun nomzodlarning rasmiy ro‘yxatidan joy olgandi. U shuningdek, muayyan mavsum CHL guruh bosqichida eng ko‘p gol urgan futbolchi hisoblanadi. Jahon chempionati finalida ko‘p gol urish bo‘yicha rekord ham Mbappega tegishli. Albatta, esingizdadir, u Qatar mundiali hal qiluvchi uchrashuvini 3ta gol bilan bezagandi.

Top-5da Neymar ham bor. Braziliyalik hisobiga 4ta jahon ko‘rsatkichi yozilgan. U xususan, Olimpiada o‘yinlarida urilgan eng tezkor gol muallifi hisoblanadi. Ney 2016 yili Gonduras termasi darvozasini o‘yinning 14-soniyasida ishg‘ol qilgandi. Braziliyalik yulduzning «Barselona»dan «PSJ»ga transferi futbol tarixidagi eng qimmatbaho kelishuv bo‘lib turganini ham unutmaslik kerak. Eslatma, Parij grandi o‘shanda transferga kosmik summa - 222 mln. yevro to‘lagandi.



 D.ALIMOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 16:01, 27.08.2023.
O'qildi: 4430 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.