Umuman olganda, Buyuk Britaniyadan kelib, "Barselona" sharafini himoya qilgan futbolchilarni tarix mobaynida juda ham kam uchratish mumkin. Aslida ularning soni 3 ta xolos.
"Barselona" uzoq yillik tarixi mobaynida ko‘plab talantlarni dunyo bo‘ylab o‘ziga jalb etgan. Shuningdek, bu klub ko‘p bor APLdan futbolchi sotib olgan. Biroq, ularning kamdan-kam qismi britaniyaliklar edi. Shunday qilib, faqatgina Britaniya orolidan kelgan britaniyalik futbolchilarning uchtasi "Barselona" libosini kiyadi. Quyida ularning kimligi va taqdiri haqida bilib olasiz.
Stiv Archibald
Archibald "Barsa" sharafini himoya qilgan ilk britaniyalikka aylangan. "Barselona" uning xizmatlari evaziga 1984 yili "Tottenxem" hisobiga 1.15 million funt o‘tkazib bergan. Shotlandiya terma jamoasi a’zosi 80 yillarda "Barselona" bilan Ispaniya chempioniga aylanadi. Hujumchi bu ishni o‘zining ilk mavsumidayoq amalga oshirgan. 1986 yilda esa Archibald ko‘magi bilan "Barselona" YECHL finaligacha yetib borgan. Afsuski, chempionlik unga nasib etmadi. 1987 yilda Archibald "Xibernian"ga ijaraga berilib, 1988 yilda butunlay sotib yuboriladi. Sobiq futbolchi hozir ham Barselona shahrida istiqomat qiladi.
Gari Lineker
Linekerning dovrug‘i Meksikada, 1986 yilda o‘tkazilgan mundialdan keyin oshib ketadi. Negaki, u turnirning "Oltin butsa" sovrinini qo‘lga kiritgandi. Shundan keyin, "Barselona" tezlik bilan harakat qilib, ingliz hujumchisini 2.8 million funt evaziga xarid qiladi. Lineker o‘zining Ispaniyadagi ilk mavsumini 21 ta gol bilan yakunlagan. U hatto, mehmonda "Real" darvozasiga 3 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgandi. Afsuski, "Barselona"ga Yoxan Kroyf murabbiylikka tayinlangach, vaziyat o‘zgargan. Lineker asosiy tarkibdan chiqarib tashlanadi. Oradan ko‘p o‘tmay, 1989 yilda u "Tottenxem"ga yo‘l olgan.
Mark Xyuz
Xyuz ham xuddi Gari Lineker kabi 1986 yilning yozida xarid qilinadi. Ammo futbolchi "Barselona"ga kelganidan keyin ma’lum bo‘ladiki, u hech qachon "MYU"ni tark etishni istamagan. Sobiq Uels terma jamoasi a’zosi o‘sha vaqt haqida shunday eslaydi: "Men boshqa yurt jamoasiga balki pul uchun o‘tishni istagandirman. Ammo bu mening orzumdagi ko‘chish emasdi. O‘sha davrda Italiya futboli katta o‘ringa ega bo‘lgan. Ispaniyada esa "Barselona" va "Real" yaxshi takliflar bera olardi xolos. Agentlar meni yaxshiroq jamoaga katta pulga sotishni istashardi. Afsuski, men "MYU"dagi ajoyib davrimdan ayrilgandim".
Xyuz "Barselona" hujumida bir mavsum harakat qilib, 1987 yilda "Bavariya"ga sotib yuboriladi. U Kataloniyada 36 ta o‘yinda 5 ta gol urgan xolos.
ISMATOV J.