Xabaringiz bor, «Navbahor» Osiyo Chempionlar ligasi (OCHL) “D” guruhi, 1-turidan o‘rin olgan bahsda safarda Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubiga qarshi maydonga tushadi.
Bo‘lajak raqib to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’tiboringizga havola etamiz.
“Al-Hilol” Saudiya Arabistoni poytaxti – Ar-Riyod shahri sharafini himoya qiladi va jamoa 1957 yil, 15 oktyabrda tashkil topgan.
Dastlab ushbu klub “Al-Olimpiya” (Olimpiya klubi) deb nomlangan va 1958 yil, 3 dekabr kuni o‘sha paytdagi Saudiya Arabistoni qiroli Saud ibn Abdulaziz Al Saudning qaroriga ko‘ra, “Al-Hilol”ga o‘zgartirilgan hamda ushbu so‘z arab tilidan tarjima qilinganida, yarim oy degan ma’noni anglatadi.
Ta’kidlash joizki, “Al-Hilol” asos solinganidan buyon, 66 ta turli darajadagi sovrinlarni qo‘lga kiritgan va ayni paytga kelib, sovrinlar borasida nafaqat, Saudiya, balki, Osiyoda ham tengsiz klub sanaladi.
Aytish lozimki, jamoa 18 karra (Saudiya Arabistonida eng ko‘p) Saudiya Arabistoni chempioni va 4 karra Osiyo Chempionlar Ligasi (OCHL, 1991/1992 yillar mavsumi, 1999/2000 yillar mavsumi, 2019, 2021 yillar) g‘olibi hisoblanadi.
Bundan tashqari, “Al-Hilol” 2 marta Osiyo Kubok egalari kubogi (1997, 2002 yillar), 2 marta Osiyo superkubogi (1997, 2000 yillar), shuningdek, 2 marta Arab Chempionlari kubogi (1994, 1995 yillar), 1 martadan Arab Kubok egalari kubogi (2001 yil) va Arab superkubogi (2001 yil), 2 marta Fors ko‘rfazi mamlakatlari klublari o‘rtasidagi chempionlar kubogi (1986, 1998 yillar) hamda Saudiya – Misr superkubogi (2001 yil)ni qo‘lga kiritgan.
Kezi kelganida yana shuni ham aytish joizki, “Al-Hilol” Caudiya futbolidagi barcha sovrinlarni qo‘lga kiritgan, Saudiya Arabistoni Premyer ligasining ilk chempioni (1976/1977 yillar mavsumi), Saudiyani boshqargan barcha qirollar davrida “Qirol kubogi”ni qo‘lga kiritgan Saudiyaning ilk jamoasi hisoblanadi (mamlakatning ayni paytdagi qiroli Salmon ibn Abdulaziz Al Saud Saudiya Arabistonining 7-qiroli hisoblanadi).
“Al-Hilol” shuningdek, bir mavsum davomida “xet-trik”ka erishgan, ya’ni, 3 ta sovrinni qo‘lga kiritgan (chempionlik, kubok va superkubok) dastlabki Saudiya Arabistoni, arab va Osiyo klubi hisoblanadi.
E’tiborlisi, “Al-Hilol” 2009 yilda Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federasiyasi (IFFHS) talqiniga ko‘ra, Osiyoning XX asrdagi eng yaxshi klubi, deb topilgan.
Bo‘lajak raqibimizni o‘tgan mavsumlar davomida bir qator mashhur xorijlik murabbiylar boshqarishganini ham ta’kidlash joiz.
“Al-Hilol”ni shuningdek, jamoamizni “lochinlar” deb atashgani kabi, “Etakchilar” deb atashadi.
Bo‘lajak raqibimiz o‘tgan mavsumda Saudiya Arabistoni Premyer-ligasida “Al-Ittihod” (Jidda) va “Al-Nasr” (Ar-Riyod) klublaridan so‘ng, 3-o‘rinni egallagan, OCHL yo‘llanmasini esa Qirol kubogining 2022/2023 yillar mavsumi sohibi sifatida qo‘lga kiritgandi.
Ayni paytda “Al-Hilol” tarkibida 8 nafar legioner to‘p tepmoqda. Bular: darvozabon – Yassin Bunu (Marokash, 32 yosh), himoyachilar – Kalidu Kulibali (Senegal, 32 yosh), Chan Xyon Su (Janubiy Koreya, 31 yosh), yarim himoyachilar – Ruben Nevesh (Portugaliya, 26 yosh), Sergey Milinkovich – Savich (Serbiya, 28 yosh) va braziliyalik hujumchilar – Neymar (31 yosh), Malkom (26 yosh) hamda Mishael Oliveyra (27 yosh).
Jamoani ayni paytda portugaliyalik murabbiy Jorje Jezush boshqarmoqda. Mazkur mutaxassis “Al-Hilol”da 2018 – 2019 yillarda ham murabbiylik qilgan.
Bo‘lajak raqibimiz o‘z uy uchrashuvlarini 1987 yilda qurib bitkazilgan, 67 000 (oltmish yetti ming) nafar muxlisga mo‘ljallangan Qirol Fahd nomidagi xalqaro va 1971 yilda ochilgan, o‘z bag‘riga 22 500 (yigirma ikki ming besh yuz) nafar tomoshabinni sig‘dira oladigan Shahzoda Faysal bin Fahd stadionlarida o‘tkazadi.
“Navbahor”ga qarshi kechadigan ertangi o‘yin ham Shahzoda Faysal bin Fahd o‘yingohida bo‘lib o‘tadi.
Ta’kidlash joizki, o‘tgan oyda start olgan Saudiya Arabistoni Premyer-ligasining joriy mavsum uy o‘yinlarini “Al-Hilol” mazkur stadionda o‘tkazmoqda.
Eslatib o‘tamiz, “Al-Hilol” – “Navbahor” bellashuvi 18 sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 23:00 da start oladi.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.