2023/24 yilgi mavsum so‘nggi 20 yil ichida ilk bor Messi va Ronaldusiz o‘tayotgan davr hisoblanadi. Bu ikki nom, qariyb ikki dekada davomida Yevropaning top ligalarida to‘purar bo‘lib keldi. Ular birgalikda deyarli liga bahslarida 1000 ta gol urdi. Ammo hozir biz yangi davr bo‘sag‘asidamiz. Bu davrda esa mutlaqo yangi nomlar kashf etiladi. Quyida hozirga qadar Yevropada gollar borasida kimlar yetakchilik qilayotganini bilib olasiz.
10. Dushan Vlaxovich – 4 ta
"Yuventus" joriy yilda hech qanday yevrokuboklarda ishtirok etmaydi. Shu sababli bu jamoa faqatgina Italiya chempionligi uchun harakat qiladi. 4 ta turdan keyin turinliklar 10 ochko jamg‘ardi. Bunda jamoaga Vlaxovich yordam bermoqda. Hozirda u 4 ta golga mualliflik qilmoqda.
9. Kevin Berens – 4 ta
"Union Berlin" yangi mavsumda YECHLga adashib chiqib qolmaganini isbot etmoqda. Bu klub so‘nggi ikkita turda 4-1 hisobida raqiblarini taslim etdi. Bunda, jamoa hujumchisi Berensning xizmatlari katta, albatta. U "Mayns" darvozasiga xet-trik yo‘llagandi.
8. Olivye Jiru – 4 ta
Faxriy hujumchi yangi mavsumni ham yuqori darajada boshladi. Ayni damda uning hisobida 4 ta gol va 2 ta assist bor. Shunga qaramay, oxirgi turda "Milan" ashaddiy raqibiga qarshi 5-1 hisobidagi yomon natija qayd etdi. Ko‘ramiz, Pioli shogirdlari bunga qanday javob berarkin...
7. Evan Fergyuson – 4 ta
Irlandiya terma jamoasi a’zosi mavsum avvalida jarohat olgandi. Shunga qaramay, u ikkita o‘yinda maydonga tushdi. Bu o‘yinlarda 19 yoshli hujumchi 4 ta golga mualliflik qildi. Ular ichida "Nyukasl"ga qarshi xet-trik bor. Fergyuson hozir butun Yevropa nazarida turibdi.
6. Jud Bellingem – 5 ta
Angliya terma jamoasi a’zosi La-liganing dastlabki 4 ta turida gol urdi. Uning "Real" g‘alabasiga qo‘shayotgan hissasi o‘ta katta. Bellingem o‘z jamoasi bilan 5 ta turda beshta g‘alaba bilan peshqadamlik qilib turibdi. Endigina 20 yoshga kirganiga qaramay, Jud o‘ziga sarflangan pullarni to‘laqonli oqlay boshladi.
5. Lautaro Martines – 5 ta
Argentinalik jahon chempioni yangi mavsumda sermahsullik namoyish etmoqda. Martines "Monsa", "Kalyari" va "Fiorentina" bilan o‘yinlarda gol urgan. Ammo "Milan"ga qarshi darvozaga yo‘l topa olmadi. Ammo uning jamoasi yirik g‘alabaga erishdi.
4. Yonas Vind – 5 ta
Vind o‘tgan mavsum davomida 5 ta gol urgandi. Ammo "Volfsburg" hujumchisi yangi mavsumning 1 oyida bu natijaga darrov erishdi. 24 yoshli futbolchi gigantlar tomonidan jiddiy kuzatilsa kerak. Daniya terma jamoasi a’zosiga da’vogarlar ko‘p bo‘ladi.
3. Erling Xoland – 7 ta
Xoland doimo bunday jadvallarning avvalida yuradi. U yangi mavsumda ham raqib darvozasi oldida o‘ta sovuqqonlik bilan harakat qilmoqda. Norvegiya terma jamoasi a’zosi shu yo‘sinda yana "Oltin butsa"ga loyiq topilsa kerak. Harxolda, 5 ta turdan keyingi statistikalar shunga ishora qilmoqda.
2. Kilian Mbappe – 7 ta
Mbappe 2017 yildan beri bir mavsumda o‘rtacha 24 ta gol urib keladi. Uning eng yaxshi natijasi 2018/19 yilda qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda Mbappe 33 ta gol urgan. U butun Yevropada Xolandga yagona raqobatchi sifatida qaralmoqda. 4 tagina o‘yinda maydonga tushgan bo‘lsada, Mbappe 7 ta gol urishga ulgurdi. Messi va Neymarsiz "PSJ"ning asosiy quroli faqatgina Mbappe bo‘ladi.
1. Seru Girassi – 8 ta
Girassi nomini ko‘pchilik tanimasligi mumkindir. Ammo u yaxshi darajaga ega hujumchi ekanini Bundesligada isbotlay oldi. "Shtutgart" vakili yozda "Renn"dan olib kelingandi. 27 yoshli gvineyalik futbolchi yangi mavsumda 4 ta o‘yinda 8 ta gol urib, Germaniya futbolida allaqachon shov-shuv ko‘tardi. Uning harakatlari bilan "Shtutgart" Bundesligada oldingi o‘rinlarda bormoqda.
ISMATOV J.