Avgust oyi oxirida Pol Pogba A Seriyaning birinchi tur o‘yindan so‘ng doping-testdan o‘tdi. Turinning “Yuventus” klubi futbolchisining qonida erkaklik gormoni testosteron darajasi oshgani aniqlangan. Bir oy o‘tgach, Pogba ikkinchi sinovdan o‘tdi. Doping natijasi yana ijobiy bo‘ldi. Bugun ijobiy doping testlari va futbolchilar bu vaziyatlardan qanday chiqib ketgani haqida so‘z yuritamiz.
Pogbani nima kutmoqda?
Pol Pogba eng ko‘p maosh oladigan "Yuventus" futbolchisi. Uning maoshi yiliga 8 million yevroni tashkil qiladi. 30 yoshli futbolchi ko‘plab mukofotlarga, jumladan 2018 yilgi jahon chempioni unvoniga ega. Doping mojarosi boshlanganidan keyin Pol klub safida atigi ikkita o‘yinda qatnashdi. O‘yin vaqti - 52 daqiqa. "Yuventus" rahbariyati buning oqibatini tushundi va shular qatorida Pogba ishtirok etgan o‘yinlarning bekor qilinishi ham bor edi. Futbolchining o‘zi ikki yildan to‘rt yilgacha diskvalifikasiya qilinishi mumkin. Klub shartnomani bir tomonlama bekor qilishga haqli. Pogbaning o‘zi endi vaziyatdan chiqish yo‘lini aybini tan olishda ko‘rmoqda. Bu jazoni yarmiga qisqartiradi, ya’ni kamida bir yil Pol o‘yindan tashqarida qolishi mumkin. Bu uning maydonga qaytishi boshqa davlatda sodir bo‘lishi mumkinligini anglatadi. Masalan, Saudiya Arabistonida Pogbaga yiliga 100 million yevro taklif qilingan edi.
Italiyada doping
Italiya korrupsiya mojarolari bilan mashhur. Apennin yarim orolida doping sinovlari bundan kam emas. Edgar Devids glaukoma tufayli himoya ko‘zoynak taqish bilan mashhur edi. Ammo 2001 yilda uning karerasi xavf ostida edi. Uning qonida taqiqlangan anabolik nandrolon topilgan. Devids turli shikoyatlar bilan murojaat qilib, uning tanasiga giyohvand moddalar qanday kirib qolganini bilmasligiga qasam ichgan va 5 oy futboldan chetda qolgan.
Marko Borrello diskvalifikasiyadan keyin ham karerangizni rivojlantirish mumkinligining yorqin namunasidir. Dastlab "Milan" forvardi doping iste’mol qilgani uchun 8 oyga futboldan chetlatish bilan tahdid qilingandi. Uch oy futbolsiz qolgan Borrello nafaqat o‘yinga qaytdi, balki Italiya terma jamoasiga chaqiruv olib, yangi bosqichga chiqdi.
Mojaro faqat Italiyada emas
Adrian Mutu Ruminiya terma jamoasining Georgi Xadjidan keyingi asosiy futbol yulduzlaridan biri edi. Ammo "Chelsi"dagi o‘yinlari paytida ruminiyalikda kokain borligi aniqlangan. Mutu yetti oylik diskvalifikasiya vaqtida "Yuventus" bilan shartnoma imzoladi. Shundan keyin Mutu "Fiorentina"ga ko‘chib o‘tdi va u yerda eski ishini davom ettirdi. Natijada, qonidan sibutramin topilganidan keyin 9 oylik diskvalifikasiya qilingan va faoliyati tugagan. Hozirda Adrian Mutu Ozarbayjonning “Neftchi” klubini boshqarmoqda.
Rio Ferdinand bugungi kunda taniqli sharhlovchi va tahlilchi. Futbolchilik faoliyati davomida u dunyoning eng yaxshi himoyachilaridan biri bo‘lgan. Ammo 2004 yil boshida u halokatli xatoga yo‘l qo‘ydi. U doping-testga kelmadi, buning uchun u 7 oyga diskvalifikasiya qilindi va hatto 2004 yilgi Yevropa chempionatini o‘tkazib yubordi.