Ular eski tanishlar: 7 yil oldin ham birga suratga tushishgan. 2016 yili «Barselona» akademiyasining umidli tarbiyalanuvchisi hisoblangan niderlandiyalik Xavi Simons Menxengladbaxning «Borussiya» klubi rasmiy maskoti bilan suratga tushgandi. Oradan 7 yil o‘tib, eski tanishlar yana uchrashishdi. Bu safargi ko‘rishuv Bundesliga 5-turidan o‘rin olgan «Borussiya» M. - «RB Leypsig» o‘yini (0:1) vaqtiga to‘g‘ri keldi.
7 yil farqi bilan suratga olingan ikki surat e’lon qilingach, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari turli-tuman hazilaralash izohlar qoldirishdi. Mana, ESPN postiga nisbatan yozilgan luqmaga e’tibor qarating: «Maskot mutlaqo o‘zgarmabdi, Simons esa...». Darhaqiqat, hujumkor yarim himoyachi shu 7 yil oralig‘ida juda ko‘p voqealarni boshdan kechirdi: «PSJ» safiga qo‘shildi, keyin PSVga o‘tdi, yaxshigina mavsum ta’sirida Parijga qaytdi va darhol ijara kelishuvi asosida «RB Leypsig»ga yo‘l oldi. Qarangki, Xavi Germaniya chempionatida darhol asosiy tarkibning muhim futbolchilaridan biriga aylandi.
«Borussiya» timsoli - toychoq Yunterga kelsak, unga «Gladbax» afsonasi Gyunter Netser sharafiga nom tanlangan. Ya’ni Yunter - bu Gyunterning nemischa shevadagi talaffuzi. Maskotga 1973 yili aynan afsonaviy hujumchiga tegishli bo‘lgan 10-raqamli forma berilgan. Ma’lumot uchun, o‘tgan asrning 70-yillari butun Germaniyada eng kuchlilar qatoriga ko‘tarilgan «Borussiya» tarbiyalanuvchisi «Real» tomonidan sotib olingan birinchi nemis futbolchisi bo‘lgandi. Netserning fiziologik xususiyatlaridan biri shuki, u naq 47 o‘lchamli poyafzal kiygan.
FAKT
Xavi Simons «RB Leypsig»ning Bundesligadagi dastlabki 6ta o‘yinida 3ta gol va 4ta assist muallifiga aylandi. Ijara kelishuvi mavsum oxirigacha mo‘ljallangan. Aytgancha, «RB Leypsig» rahbariyati hozirdan niderlandiyalik vunderkindni kamida yana bir yil olib qolishni o‘ylamoqda. Demak, Simons hali Menxengladbaxda «Borussiya» maskoti bilan qayta ko‘rishishi va yana birga suratga tushishi ham mumkin.