Oldimizdagi xalqaro tanaffus dunyoning eng ko‘zga ko‘ringan, yosh va talantli o‘smirlari uchun esda qolarli bo‘lishi kutilmoqda. Negaki, ular o‘z terma jamoalarida ilk bor maydonga tushish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Quyida ularning eng yaxshilariga to‘xtalib o‘tmoqchimiz.
Koul Palmer ("Chelsi") – Angliya – 21 yosh
Palmer Sautgeyt tomonidan chaqiruv oldi. Negaki, inglizlarning ko‘plab asosiy tarkib vakillari jarohatlar sababli safdan chiqishgan edi. Bu esa, o‘z navbatida Palmerga imkoniyat taqdim etdi. 21 yoshli hujumchi "Manchester Siti"ga qarshi o‘yinda so‘nggi daqiqalardagi goli bilan "Chelsi"ga bir ochko olib bergandi. Bu mavsumda Palmer 4 ta gol va shuncha assistga mualliflik qilganini alohida ta’kidlash joiz. Uni tez orada Malta va Makedoniya terma jamoalariga qarshi bahslarda ko‘rib qolsak, ajab emas.
Riko Lyuis ("Manchester Siti") – Angliya – 18 yosh
Palmer kabi Lyuis ham jarohatlanganlar o‘rnini bosish uchun chaqiruv oldi. "Shaharliklar" futbolchisi qanot himoyasi va yarim himoyada o‘ynay oladi. Lyuisning moslashuvchan va ko‘pfunksiyali ekani kelajakda unga katta yordam beradi. Hozircha, esa kelayotgan saralash bahslarida Sautgeytdan unga o‘yin vaqti berishini kutib qolamiz.
Endrik ("Palmeyras") – Braziliya – 17 yosh
Yosh bo‘lishiga qaramay, Endrik Braziliya chempionatida bu mavsum allaqachon 12 ta gol va 1 ta assist qayd etib ulgurdi. U keyingi yozda "Real"ga ketadi. 17 yoshli hujumchi Braziliya tarkibida debyut qilishi kutilmoqda. Jamoani esa oldinda Argentina va Kolumbiyaga qarshi rasmiy o‘yinlar kutib turibdi.
Varren Zair-Emri ("PSJ") – Fransiya – 17 yosh
Zair-Emri bugungi kunda Fransiyada eng ko‘p muhokamaga sabab bo‘layotgan nomlardan biriga aylangan. U shu yoshida "PSJ"da doimiy asosiy tarkibga kiritilmoqda. Hozirga qadar o‘smir futbolchi 15 ta bahsda 2 ta gol va 5 ta assistga mualliflik qildi. Ayni damda esa Varren Didye Deshamning Jahon chempionlari safiga chaqiriq oldi. U Gresiya yoki Gibraltarga qarshi o‘yinda debyut qiladi.
Josh Doyg ("Verona") – Shotlandiya – 21 yosh
Doyg 12 ta turning sakkiztasida maydonga tushirilgandi. Uning "Verona" safidagi harakatlari Stiv Klarkning e’tiborini tortdi. Shu sabab Doyg Shotlandiya safiga chaqiruv oldi. U, endilikda, Norvegiya yoki Gruziya bilan o‘yinda maydonga tushiriladi. Shotlandiya allaqachon Yevro-2024ning final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan.
Mett O'Rayli ("Seltik") – Daniya – 22 yosh
O'Rayli oktyabrdagi yig‘inda ham ishtirok etgandi. Ammo u zaxiradan maydonga tushmagan. Unda Shimoliy Irlandiya yoki Sloveniyaga qarshi bahsda debyut qilish imkoni mavjud. Bu mavsumda hujumchi 6 ta gol va 7 ta assistga mualliflik qildi. Daniyada yana bir yulduz yetishmoqda deyish mumkin.
Joau Pedru ("Brayton") – Braziliya – 22 yosh
Endrik bilan birgalikda Pedruga ham imkoniyat taqdim etilishi mumkin. 22 yoshli hujumchi APLda, bu mavsum davomida 6 ta golga mualliflik qildi. Braziliya tarkibidagi jarohatlanganlar sababli Pedruga imkon taqdim etilishi aytilgan. Neymar, Risharlison, Jezus va Kunyalarning yo‘qligi sababli Pedruda yaxshigina imkoniyat bo‘ladi.
ISMATOV J.