Kecha Bekobod shahrida O‘zbekiston U19 chempionati g‘olibi bo‘lgan “Metallurg U19” jamoasini sharaflash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Superliga hamda Pro liga jamoalari qoshida faoliyat yuritayotgan U19 yoshlar jamoalri o‘rtasida kechgan murosasiz birinchilikda “Metallurg” yoshlari 24 ta o‘yinning 18 tasida g‘alaba qozonishdi. 2 o‘yinda durang qayd etishdi va 4 ta uchrashuvda imkoniyatni boy berishdi. Raqiblar darvozasiga 70 ta gol kiritgan bekobodlik yoshlar o‘z darvozalaridan 35 ta to‘p olib chiqishdi. Uzoq davom etgan va mashaqqatli kechgan mavsum davomida “Metallurg U19” 56 ochko jamg‘ardi va musobaqa jadvalining birinchi pog‘onasini band etdi. Eng yaqin ta’qibchilari – Qashqadaryo viloyati futbol akademiyasi tarbiyalanuvchilari – “Nasaf” hamda “Mash’al” jamoalarini 1 ochkoga ortda qoldirishdi.
“Metallurg U19” muvaffaqiyati tasoddifiy emas. Zero bundan uch yil muqaddam “Metallurg” futbol klubi mutasaddilari – O‘zbekiston metallurgiya kombinati hissadorlik jamiyati boshqaruvi rahbariyati klub qoshida futbol akademiyasi barpo etish g‘oyasini ilgari surishgan va qisqa fursat ichida jahonning eng mashhur klubi – “Real” (Madrid) futbol akademiyasi bilan hamkorlikda faoliyat yurituvchi zamonaviy futbol dargohini ishga tushirishdi. Bu sa’yi harakatlar esa qisqa fursat ichida o‘z mevasini bera boshladi. “Metallurg” futbol akademiyasining birinchi bitiruvchilari – birinchi qaldirg‘ochlari O‘zbekiston U19 chempionatida shohsupaning yuqori pog‘onasini zabt etib, ta’sischilar hamda muxlislar ishonchini oqladi.
“Metallurg U19” jamoasini sharaflash marosimi tantanali tarzda tashkillashtirildi. Dastavval akademiya tarbiyalanuvchilari tomonidan tayyorlangan badiiy qism yig‘ilganlar e’tiboriga havola etildi. Shundan so‘ng Bekobod shahar hokimi Nasrullo Boboyev, “Metallurg” PFK bosh murabbiyi Vesko Steshevich, O‘zPFL musobaqalar o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i Sardor Qudratullayev, “Metallurg” PFK bosh direktori Shavkat Saidovlar “Metallurg U19” jamoasini O‘zbekiston chempionatidagi muvaffaqiyat bilan qutlashdi. “Metallurg U19” jamoasi futbolchilari hamda murabbiylariga chempionatning oltin medallari, diplomlar, O‘zbekiston U19 chempionati Kubogi hamda klub tomonidan ta’sis etilgan esdalik sovg‘alari, pul mukofotlari topshirildi.
“Metallurg U19” jamoasi bosh murabbiyi Shuhrat Yo‘ldoshev murabbiylar shtabi hamda futbolchilar nomidan yig‘ilganlarga, klub rahbariyati, O‘zPFL vakillari, ta’sischilarga va mehmonlarga katta e’tibor va qutlovlar uchun samimiy minnatdorchilik bildirdi.