Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Grizmann: Olti yillik ajib seriya!

Grizmann: Olti yillik ajib seriya!

Baho:
+ | -

Antuan Grizmann qatorasiga 6 yil davomida Fransiya milliy jamoasining biror o‘yinini o‘tkazib yubormadi!

 Hattoki o‘rtoqlik maqomidagi uchrashuvlarni ham. Bu «Atletiko»ning fransiyalik hujumchisiga xos sovuqqonlikni yana bir bora e’tirof etish uchun yaxshi sabab, albatta. Grizmann oktyabr oyidagi FIFA kunlari avvaliga Yevro-2024 saralashidan o‘rin olgan Niderlandiya termasiga qarshi bahsda ishtirok etdi, keyin shotlandlar bilan bo‘lgan «o‘rtoqlik»da ham maydonga tushdi. Shu tariqa uning Fransiya milliy jamoasidagi uzluksiz seriyasi 82ta o‘yinga yetdi. Boshqacha aytganda, fransuzlar 6 yildan buyon Antuansiz o‘ynamayaptilar. Shunchaki, fantastika!

MisterChip statistik akkaunti ma’lumotiga ko‘ra, milliy jamoalar darajasida ketma-ket 82ta o‘yin - bu jahon rekordi. Oddiy aytganda, futbol tarixida boshqa hech kim bunchalik uzun seriya qayd etgan emas. Taqqoslash uchun aytsak, bu borada Fransiya milliy jamoasiga bog‘liq ikkinchi yuqori natija atigi qatorasiga 44ta o‘yinga tengdir. Ma’lumot uchun, Antuan Grizmann milliy jamoa­da 2014 yilning bahorida debyut qilgandi. U shundan buyon Fransiya bosh jamoasi libosida 125 marta maydonga tushdi. Hozirda gvardiyachilar ro‘yxatida faqat Olivye Jiru (127ta), Lilian Tyuram (142ta) va Ugo Lyoris (145ta)gina Grizmanndan oldinda. Umuman, «Atletiko» hujumchisi debyutidan buyon milliy jamoaning atigi 4ta uchrashuvidan chetda qoldi va ularning barchasi o‘rtoqlik maqomiga ega: Serbiya - 1:1 (2014 yil), Kamerun - 3:2 (2016 yil), Kot-d~Ivuar - 0:0 (2016 yil), Angliya - 3:2 (2017 yil).

Aslida Grizmann tarixi mutlaqo boshqacha rivojlanishi ham hech gap emasdi. Har holda, unda Portugaliya termasini tanlash imkoniyati ham yuzaga kelgandi. Fransiya yoshlar jamoasi 2012 yilning kuzida Yevro-2013 saralashi «pley-off» bosqichida Norvegiya termasi bilan to‘qnash keladi. Fransuzlar dastlab uy uchrashuvida yagona gol evaziga g‘alaba qozonishadi. Javob o‘yini esa 4 kundan keyin Osloda bo‘lib o‘tishi belgilangan edi. Matbuotning aniqlashtirishicha, Vissam Ben Yedder, Antuan Grizmann kabi yetakchilar va yana bir qator futbolchilar dastlabki uchrashuvdan keyin, tunda jamoa lageridan chiqib, Gavr shahridan taksida Parijga yo‘l olishadi va Crystal Lounge klubida g‘alabani o‘zgacha nishonlashadi. Yoshlar termasi Oslo tomon parvozga chiqqan payt bosh murabbiy futbolchilar ichki tartibni qo‘pol tarzda buzishganidan allaqachon xabar topgandi, ammo u jazo chorasi qo‘llashga shoshilmaydi. Javob uchrashuvida esa Kris Mavinga va Yann M~Vila boshlang‘ich tarkibdan joy olishadi, Grizmann hamda Mbay Nyang esa zaxirada maydonga tushishadi. Amalda Fransiya yoshlar termasi o‘yinning 30-daqiqasiga kelib, 0:3 hisobida «yona» boshlagandi. Grizmann ikkinchi bo‘limda, hisob 1:4ga yetgan pallada safga qo‘shiladi va gol urishga ham ulguradi. Biroq fransuzlar ortga 3:5 hisobidagi mag‘lubiyat va Yevropa chempionati yo‘llanmasisiz qaytishadi. Shunchaki, sharmandalik. Oqibatda Fransiya futboli rahbariyati keskin choralar ko‘radi: murabbiy ishdan chetlatiladi, ichki tartibga rioya qilmagan futbolchilarga diskvalifikasiya muddati belgilanadi. Aniqrog‘i, 4 nafar futbolchi (jumladan, Grizmann) 1 yildan ortiq muddatga Fransiya terma jamoalari o‘yinlaridan chetlashtiriladi - 2013 yilning 31 dekabrigacha). Bu holat Antuanning xalqaro faoliyatini keskin burib yuborishi hech gap emasdi. Gap shundaki, Grizmanning kelib chiqishi ona tomondan portugallarga borib taqaladi. Xullas, diskvalifikasiya e’lon qilingach, iqtidorli hujumchi barcha imkoniyatlarni jiddiy ko‘rib chiqishga tushadi. «Diskvalifikasiya e’lon qilingach, Antuan hattoki, Fransiya terma jamoasiga qaytish imkoni yo‘q bo‘lsa, portugaliyaliklar uchun o‘ynash va  fuqarolikni o‘zgartirish haqida o‘ylab ko‘rishini aytgandi. Muhimi, u qaytdi va xayriyatki, hammasi yaxshi ketmoqda», - deydi futbolchining amakisi Joze.

Yana bir e’tiborli voqelik: Grizmann yaqinda Fransiya milliy jamoasi bosh murabbiyi Didye Deshamdan qattiq ranjiganini yashirmadi. Gap shundaki, «abadiy» sardor Ugo Lyoris bahorda milliy jamoa bilan xayrlashgach, Desham bog‘ichni Antuan emas, balki yosh Kilian Mbappega topshirdi. Ma’lum bo‘lishicha, Antuan Yevro-2024da sardorlik bog‘ichida maydonga tushishni xohlagan ekan. O‘zining aytishicha, unda bog‘ichni olish uchun sabablar yetarli. «Ochig‘i, Desham tanlovini qabul qilishim qiyin edi. Axir 32 yoshdaman. Muhimi, menda hali kuch bor, to‘g‘ri, terma jamoadagi faoliyatim yakuniga yaqinlashayotganini yaxshi tushunaman, - deya xafaligini yashirmadi Grizmann yozda. - Dastlabki 1-2 kun bu qarorga ko‘nishim qiyin bo‘ldi. Endi esa Kilianni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman. Qisqasi, o‘zaro munosabatlarda hech narsani o‘zgartirmadim, tabiatan shundayman». Antuan chindan ham, o‘zgarmadi - u hamon milliy jamoa safida!

A.Abduhamitov tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 09:02, 20.11.2023.
O'qildi: 1622 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.