Angliya Premyer-ligasi, vanihoyat bugun qaytadi. Ushbu qaytish fantastik ravishda amalga oshirilishi kutilmoqda. Negaki, tur bahslarini "Manchester Siti" va "Liverpul" o‘rtasidagi bahs ochib beradi. Ba’zilar "shaharliklar"ni bu mavsumdagi kuchi hali aniq va ravshan ma’lum bo‘lmagan deb hisoblamoqda. Negaki, bu jamoa hozirga qadar ikki bor mag‘lub bo‘ldi. Qolaversa, Kevin De Bryuynedek juda muhim figura maydonda emas. Buning oqibatini "Chelsi"ga qarshi kechgan 12 tur o‘yinida guvoh bo‘lgandik. O‘shanda "Manchester Siti" ikki ochkodan so‘nggi daqiqalarda ayrilgandi. Shunday ekan, Gvardiola va Klopp to‘qnashuvida favorit yo‘q
Demak, quyida bugungi ajoyib bahs haqida ayrim ma’lumotlarga ega bo‘lasiz.
O‘yin: APL, 13 tur
Manzil: Manchester, Angliya
Stadion: "Etihad"
Start: 12:30 (mahalliy vaqt bilan), 17:30 (Toshkent vaqti bilan)
Hakam: Kris Kavana
VAR: Styuart Atvell
"Manchester Siti" ayni damda 28 ochko bilan peshqadamlikni saqlab turibdi. "Tottenxem"ning so‘nggi turlardagi mag‘lubiyati bu borada "shaharliklar"ga qo‘l keldi. Turnir tepasida zichlik juda ham kuchli. Shu sabab "Manchester Siti" o‘zini xavotirsiz his qila olmaydi. Bir ochko ortda qolayotgan "Liverpul", o‘tgan turda "Brentford"ni 3-0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgandi. Shunday ekan, ushbu qarama-qarshilik super darajada o‘tadi. Agarda VAR hammasini chippakka chiqarmasa, albatta.
Jamoalar sport formasi
Mezbonlar bo‘lmish, "Manchester Siti" barcha musobaqalardagi so‘nggi oltita o‘yindan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. Ular oxirgi marta "Arsenal"ga APLda imkoniyatni boy bergandi.
"Liverpul"da esa vaziyat biroz o‘zgacha. Barcha musobaqalarni qo‘shib hisoblaganda, Klopp shogirdlari uchta oxirgi o‘yinda faqatgina bitta g‘alabaga erishdi. Undan oldin esa "Liverpul" 15 ta o‘yinda 1 ta mag‘lubiyat qayd etgan ("Tottenxem"ga qarshi).
Jarohatlanganlar haqida
Gvardiolada Erling Xoland bilan bog‘liq muammolar mavjud. Norvegiyalik hujumchi terma jamoalar yig‘inidan jarohat bilan qaytgandi. Uning to‘pig‘ida jarohat mavjud. Shunga qaramasdan 23 yoshli futbolchi oldindagi o‘yinga tayyor bo‘lishi aytilgan. Tarkibdagi boshqa futbolchilar, xususan, Rodri, Ake, Ederson, Stounz, Nunyes va Kovachich ko‘rikdan o‘tkazilishi kerak.
Yurgen Klopp tarkibiga beshta futbolchi jarohatdan qaytmoqda. Makallister, Gomes, Gravenberx, Konate va Jonslar o‘yinga tayyor bo‘ladi. Robertson, Tiago va Baychetichlar esa hali ham jarohatlaridan forig‘ bo‘lmadi.
Porlashi kutilayotganlar
"Manchester Siti"ning har bir chizig‘i kuchli. Shu sabab Gvardiola asosiy tarkib borasida qanday qarorga kelishini aytish qiyin. Ammo Bernardu Silvadan aniq foydalanadi. Portugaliyalik oxirgi 6 ta o‘yinda 3 ta gol va 3 ta assist qayd etdi. Silva kuchli oltilik jamoalariga qarshi jami 7 ta gol urgan.
Xoland mezbonlarning asosiy quroli sifatida ko‘rilmoqda. Ammo uni zararsizlantirishda Virjil van Deyk qatnashadi. Niderlandiya terma jamoasi sardori tajribali. Agar u bugun o‘z vazifasini yaxshi bajarsa, mersisaydliklar o‘z uyiga quruq qo‘l bilan qaytmasligi aniq.
ISMATOV J.