Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton 2-0 Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

7 yilda yoqimtoyga aylangan yoqimsiz

7 yilda yoqimtoyga aylangan yoqimsiz

Baho:
+ | -

2010 yil dekabrining so‘nggi kunlarida Fransiya chempionati 3 haftalik tanaffusga chiqqach, Olivye Jenniferni Londonga olib ketdi.

Shaharni faqat «Notting-Xill» filmi orqali bilgani sababli, ilk oqshom o‘z ma’shuqasi bilan shu tumanga yo‘l oldi. Notting-Xill markazida joylashgan restorandagi kechki tanavvuldan so‘ng, sayr boshlandi.

Sovuqdan qaltiray boshlagan Jennifer mehmonxonaga qaytishni so‘ragan bo‘lsada, Olivye o‘jarlik bilan uni park tomon yetakladi. Chunki film ssenariysi muallifi Richard Kertis bir paytlar shu yerda istiqomat qilgan, kartinadagi moviy rangli eshik bosh qahramon Xyu Grant uyiga olib borardi. Filmning ekranga chiqqaniga 10 yildan oshgani va izg‘irinli oqshomga qaramasdan, park juda gavjum edi. Olivye olomon tarqalishini kutdi, keyin Jenniferni ko‘m-ko‘k eshik yoniga chorladi va qizning qo‘lini so‘radi.

2011 yilning 4 iyunida juftlik Grenobl yaqinidagi Sen-Marten-d~Er ibodatxonasida nikohdan o‘tdi. Maldiv orollaridagi asal oyidan keyin Jiru o‘z faoliyatidagi eng yorqin mavsumni o‘tkazdi: «Monpelye» tarkibida chempionlikka va Liga 1­ning eng yaxshi to‘purari unvonlariga sazovor bo‘ldi.

«Futbolchi bilan qo‘shiqchining qismati bir xil. Agar uning maslahatchilari yomon bo‘lsa, hech narsaga erisha olmaydi. Jiru esa yaxshi insonlar qurshovida. Men birinchi navbatda uning rafiqasini nazarda tutyapman. Olivye shu ketishda uzoqqa boradi», - degandi klub prezidenti Lui Nikollen oltin mavsum yakunida.

Oradan 2 hafta o‘tgach, Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyi Loran Blan Yevro-2012 turniri arafasida o‘yinchilarga o‘z rafiqalari bilan uchrashish imkoniyatini berdi. Bundan foydalangan Jennifer Olivyega agent Mishel Manuelloning iltimosiga ko‘ra tayyorlagan hujjatni uzatdi: «Sen bunga imzo cheksang, bas». Bu hujjat «Arsenal»ning 4 yillik shartnomasi edi.

Keyinchalik Jiru Jenniferni o‘zining eng aqlli maslahatgo‘yi va asosiy tanqidchisi ekanligini, futboldagi muvaffaqiyatlarga u tufayli erishganini e’tirof etdi. Yo‘llangan maktublar bilan avval u tanishib chiqar va keraklilarini saralab olardi. Shuningdek, turmush o‘rtog‘ini turli xavf-xatarlardan himoya qilardi.

Ular Pablo-Neruda maktabida uchrashishgan, Olivye iqtisodiyot, Jennifer esa san’at yo‘nalishida tahsil olishardi. Jennifer ham futbolga befarq emas, «Grenobl» jamoasida to‘p surgan. Lekin fanatizm darajasida emas. Olivye esa bolalik paytidayoq shunchalik kuchli zarba sohibi ediki, bir gal to‘p otasining mashinasi oynasini chil-chil sindirib yuborgan, evaziga yosh futbolchini onasi tarsaki bilan jazolagandi.

4 farzandning kenjasi bo‘lgan Olivye akasi Romenga havas qilar, onasi bilan doimo uning o‘yinlarini tomosha qilardi. Biroq 16 yoshida Fransiyaning kelajagi porloq markaziy himoyachilari safiga ko‘tarilgan va o‘smirlar terma jamoasida Anelka, Anri, Trezege bilan yonma-yon to‘p surgan Romen yarim yo‘lda to‘xtab qoldi. Olivyening aytishicha, akasi «Oser» rahbariyati bilan kelisha olmay qolgan va alamiga chiday olmay, o‘z oyog‘iga o‘q uzgan ekan. Oqibatda Romen futbolni tark etdi. Lekin ruhiyatini tushirmadi va diyetolog ixtisosi bo‘yicha tahsil oldi. O‘qishdan bo‘sh vaqtlarida Olivyega murabbiylardan ko‘ra kuchliroq talabchanlik va ota-onasidan ko‘ra jo‘yali maslahatlar bilan futbol sirlarini o‘rgatdi. Tez orada 14 yoshli ukasi Rona-Alp terma jamoasi tarkibida Fransiya chempionatida g‘olib chiqdi. Akasining faoliyatini barbod qilgan «Oser»ning taklifini esa rad etdi. Lekin o‘yinni u jamoadoshlaridan yaxshiroq his etishini, bu esa gollardan muhimroq ekanligini hayotida ilk marta aynan «Oser» murabbiyi Rishar Bualondan eshitdi.

Ota-onasi yonida qolgan Jiru «Grenobl» yoshlar tizimida shug‘ullana boshladi. Shu bahonada Jennifer bilan aloqani tiklab oldi. Biroq bo‘lajak rafiqasi ham, yoshlikdagi boshqa ko‘ngilochar tadbirlar ham uning futbolga qiziqishi va o‘yinlariga ziyon yetkaza olmadi: tug‘ilgan kun bahonasida do‘stlari uni tungi klubga olib ketishdi, bazm tufayli juda kech uyquga yotdi. Ertasiga esa xet-trikka erishdi.

21 yoshida zaxiraga  «botib» qoldi va agent ko‘magida Uchinchi ligaga o‘tdi

«Grenobl» bilan shartnoma imzolash arafasida Olivye tizzasidan jarohat olib, 3 oyga safdan chiqdi. Oqibatda, 2005|06 yillar mavsumini yorqin o‘tkaza olmagan bo‘lsada, unga 2500 yevrolik oylik maosh bilan 3 yillik shartnoma imzolashdi. Biroq murabbiy Siril Shapyuiga ishonch bildirgach, u zaxirada qolib ketdi. Oxir-oqibat, agent Garo Xachikyan Jiruni yaqinda Liga 2ni tark etgan «Istr» klubiga joyladi. Oylik maoshning 8000 yevroga ko‘tarilgani hujumchiga mustaqil hayot kechirish imkoniyatini bergani sababli, Uchinchi ligada o‘ynashga rozi bo‘ldi. Tez orada xolavachchasining avtomashinasini sotib oldi va uzoq kutilgan shaxsiy erkinlikka ega bo‘ldi. Bundan ruhlangan Jiru mavsumni «Istr»ning eng yaxshi to‘purari maqomida yakunladi. Keyin jamoa Liga 2ga qaytgach, «Tura»ga o‘tdi. Yangi jamoada esa «Grenobl» sobiq direktori Maks Marti va «Arsenal»dagi bo‘lajak sherigi Loran Kosyelniga duch keldi. Muhimi, xizmat yuzasidan Istrga kelgan Jennifer bilan uchrashdi.

Keyin Olivye «Seltik»ka o‘tish taraddudiga tushdi. Agentlari esa uni «Monpelye» sohibi Lui Nikollenga tavsiya etishdi. Shu tariqa Jiru undan Liga 1ga yo‘llanmasini tortib olgan jamoa a’zosiga aylandi. Keyinchalik Olivye Luining taklifi bo‘lmaganida bunday muvaffaqiyatga erisha olmagan bo‘lishini tan olgandi. O‘shanda u elitadagi dastlabki 6ta o‘yinda birorta gol urmaganida ham sohib unga imkoniyat bergandi. To‘g‘ri, yangi muhitga moslashish oson bo‘lmadi, uni tinmay tanqid qilishdi. Bosh murabbiy sovuqqonlik bilan debyutantni yoqladi: Jiruning faolligi tezligidan muhimroq. Nihoyat, Olivye Hasan Kabzening raqobatini yengib, mavsumni 25ta gol va 10ta assist bilan yakunladi. 

«Bavariya»ga o‘tishi mumkin edi, biroq u «Arsenal»ga yo‘l oldi

Jiruning «Tuluza»ga qarshi o‘yiniga «Arsenal» skauti va «Bavariya» sport direktori tashrif buyurishgandi. Myunxenliklar kelishuvga erishgandek edilar, lekin so‘nggi pallada Manjukichni tanladilar. Olivyega esa «Chelsi» ham talabgor bo‘lsada, u «Arsenal»ni afzal ko‘rdi. Oradan bir necha yil o‘tgach, Arsen Venger APLga Anri va Anelkadan keyin uchinchi fransiyalik snayperni tayyorlab berganini faxr bilan tilga olgandi. Vaholanki, Jiru Londondagi debyutini 6ta golsiz o‘yin bilan boshlagandi. Jumladan, «Monpelye»ga qarshi bahsni ham. Qisqa vaqt ichida APLga moslashib olgan hujumchi dastlabki 2 mavsumda 39ta gol va 24ta assistni rasmiylashtirdi, «Arsenal» esa 4-o‘rinni egalladi. Keyingi mavsumda Jiru «Arsenal»ning YECHLdagi gollari bo‘yicha Bergkampdan o‘zib ketdi.

Fransiya mezbonligida o‘tgan Yevro-2016 turniri Olivye uchun noxush mojaro bilan boshlandi. U terma jamoada Karim Benzema o‘rnini band etgandi. Kamerunga qarshi bahsda jamoa 3:2 hisobida g‘alaba qozongan, Jiru gol urgan bo‘lsada, fransiyalik muxlislarning ta’na-dashnomlariga duch keldi. Chorak finalda Islandiya darvozasiga urgan 2ta gol evaziga Jiru 1958 yilda «Oltin to‘p» sohibiga aylangan afsonaviy Raymon Kopadan terma jamoadagi gollar bo‘yicha o‘zib ketdi. Portugaliyadan qabul qilingan alamli mag‘lubiyatni esa, Ronalduning jarohat tufayli maydonga tusha olmagani bilan izohlagandi.

Yevrodan keyin Venger vatandosh shogirdiga dam berib, oldingi chiziqda Aleksis Sanchesdan foydalandi. Startga qaytgach, Jiru qatorasiga 4ta o‘yinda gol urdi, 2017 yil yanvarida u chayon uslubida Ueyn Xennessi darvozasini zabt etganida, jamoadoshi o‘sha gol yilning eng chiroyli goli bo‘lishini taxmin qilgandi. Darhaqiqat, Jiru «Pushkash» mukofotiga sazovor bo‘ldi. Lekin zaxiradan maydonga tushgan holda ko‘rsatilgan sermahsul o‘yinlar ham Jiruga ko‘proq o‘yin amaliyotini bermadi. Boz ustiga, Venger Aleksandr Lyakazettni xarid qilgach, jokerlikdan zerikkan Olivye o‘zi uchun jamoa qidira boshladi va «Everton» sohibi Bill Kenrayt hamda bosh murabbiy Ronald Kuman bilan uchrashdi. Biroq tez orada Kuman iste’foga chiqdi, Olivye esa «Borussiya Dortmund», «Sevilya» va «Roma» takliflarini rad etib, Notting-Xillga yaqinroq bo‘lgan «Chelsi»ga yo‘l oldi. Keyin yangi jamoasi bilan o‘zi uchun odatiy bo‘lib qolgan Angliya kubogini qo‘lga kiritdi.

Zafarli finaldan 2 kun avval Olivye JCH-2018da ishtirok etishini TVdagi xabarlar dasturidan bilib oldi

Mundial arafasidagi o‘rtoqlik uchrashuvida Olivye bilan AQSH terma jamoasi o‘yinchisi Mett Myazganing boshlari to‘qnashib ketdi va Jiru qoshining ustki qismidan jarohat oldi. Unda JCHni o‘tkazib yuborish xavfi yo‘q edi. Biroq mundial startidan bir kun avvalgi mashg‘ulotda u boshi bilan Kantening tizzasiga yiqildi. Kechqurun esa Deshamdan noxush ko‘rsatma oldi:

- Ertaga o‘yinni zaxiradan boshlaysan;

- Jarohat olganim uchunmi? Meni avaylamoqchimisiz?

- Yo‘q, bu taktik qaror. Umidsizlikka tushganingni hech kimga bildirma.

Shundan keyin Jiru uzoq vaqtgacha uxlay olmadi. Jamoa­doshlari esa Avstraliyaga qarshi bahsda uyg‘ona olmadilar. Boshini boylab olgan Olivye 70-daqiqada Grizmann o‘rniga maydonga tushib, Pogbani samarali uzatma bilan ta’minladi. Natijada fransuzlar turnirni 2:1 hisobidagi g‘alaba bilan boshlashdi. Yekaterinburgdagi Peruga qarshi o‘yinda Mbappe uning assistini golga aylantirdi. Aslida, Olivye to‘pni darvozaga yo‘llagan, Kilian tegmasa ham gol bo‘lishi aniq edi. Qozonda bo‘lib o‘tgan Argentinaga qarshi bellashuvda yana Mbappe g‘alaba goli muallifi bo‘ldi. Biroq bu gal Jiru to‘pni aynan unga yo‘llagandi. Umuman, Olivye mundialda gol urmadi, lekin Xorvatiyaga qarshi bellashuv oxirida o‘z o‘rnini Fekirga bo‘shatib berganida, muxlislar uni gulduros qarsaklar bilan kuzatib qo‘yishdi. 

Mundialdan chempion maqomida qaytgan Jiru noyabr oxirigacha APL doirasida gol ura olmadi, Iguain kelgach, deyarli maydonga tushmadi. Lekin YELda eng yaxshi to‘purar unvonini oldi, «Arsenal»ga qarshi finalda hisobni ochib, Azarni 2ta assist bilan ta’minladi, 4:1.

Yarim yildan keyin yangi bosh murabbiy Frenk Lempard Abraxamga ishonch bildirishini bilgach, yana jamoa izlay boshladi. «Inter» bor pulini Eriksenga sarflab bo‘lgandi, Mourinyoning «Tottenxem»ga taklifini «Arsenal»ga hurmati yuzasidan rad etdi va lokdaun davrida qadr­doni Rober Pires va tennischi Jeremi Shardi bilan velosipedda sayohatga chiqdi. Yakunda restartga ajoyib sport formasida qaytib, 11ta o‘yinda 7ta gol urdi. Didye Desham 2022 yil bahoriga qadar Jiruni chaqirmagani bois, u butun e’tiborini klubdagi faoliyatiga qaratdi va «Milan» 2011 yildan beri armon bo‘lib kelayotgan skudettoni qo‘lga kiritishda yordam berdi.

Qatarda Jiru JCHlari tarixidagi eng keksa fransiyalik futbolchi bo‘ldi va terma jamoa to‘purarlari ro‘yxatida Tyerri Anridan o‘zib ketdi. Yarim yil avval esa fransiya­lik bolakaylarning sevimli qahramonlari reytingida Lyoris, Mbappe va Grizmann­larni ortda qoldirib, pesh­qadam bo‘lib oldi.

Yuksak unvonni oqlashga qasd qilgan Olivye o‘zining odatiy merganlik va uzatmalar ustasi qobiliyati yoniga superqahramon maqomini qo‘shib qo‘ydi - uning «Jenoa»ga qarshi o‘yindagi darvozabonlik mahoratini qanday baholash mumkin?

Yaqinda Patris Evra Olivyega yetarlicha baho berilmaganligini mazax qilgandek bo‘lgandi: «Uning nomi Jirudinyo yoki shunga o‘xshash bo‘lganida, uni durustroq baholashardi».

Xo‘sh, endi kim Jiruni kam baholangan deya oladi?

S.RAHMONOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:56, 29.11.2023.
O'qildi: 2443 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.