Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

«Jirona»ning kelajagi porloq murabbiyi

«Jirona»ning kelajagi porloq murabbiyi

Baho:
+ | -

«Jirona» joriy mavsumda shonli tarixni yaratishda davom etmoqda.

Ortda qolgan 14 tur natijalariga ko‘ra, «oq-qizil ranglilar» «Real Madrid» superklubi bilan bir xil ochko jamg‘argan holda, La Liga turnir jadvalini boshqarib bormoqdalar. Shu paytga qadar jamoa faqat 3 marta - YECHLda to‘p surayotgan «Real», «Real Sosyedad» va «Atletik»ka qarshi uchrashuvlarda ochko yo‘qotdi.

Mazkur muvaffaqiyat me’mori - ko‘pchilikka Michel nomi bilan tanilgan Migel Anxel Sanches Munyos. 47 yoshli madridlik murabbiy o‘z jamoasining tomoshabop, hujumkor o‘yinlari bilan muxlisu-mutaxassislar e’tiborini tortdi. La Liga doirasidagi «Atletik»ka qarshi bahs uning «Jirona»dagi 52-uchrashuvi bo‘ldi. Shu paytgacha jamoa uning rahbarligida 24ta g‘alaba, 12ta durang va 16ta mag‘lubiyatga imzo chekdi. Hozirda Michel g‘alabalar foizi bo‘yicha (46 foiz) klub tarixidagi eng yaxshi natijani rasmiylashtirdi.

Biroq murabbiy muvaffaqiyatdan havolanib ketmasdan, yuksak natijalarga faqat tinimsiz mehnat bilan erishish mumkinligini shogirdlariga ta’kidlab, o‘zi ham shu tartibga rioya qilmoqda. «Jirona»ga qadar Michel faqat «Rayo Valyekano» va «Ueska» klublarida ishlagan va ularni oliy divizionga olib chiqqandi. Biroq bu jamoalar debyut mavsumdayoq Segundaga tushib ketishgan, murabbiy esa iste’foga yo‘l olgandi.

Omadsizlikdan tegishli xulosa chiqargan mutaxassis ilk mavsumdayoq «Jirona»ni elitaga olib chiqdi. Kataloniya klubi Segundada marraga 6-o‘rin bilan yetib kelgan, lekin pley-off bosqichida La Liga vakilidan ustun kelgandi.

2022|23 yillar mavsumini «Jirona» 10-o‘rinda yakunladi. Joriy mavsumni shu qadar samarali o‘tkazmoqdaki, endi unda yevrokubok musobaqalarida to‘p surish orzusi paydo bo‘ldi. Tasavvur qiling: 2021|22 yillar mavsumining 12 turidan keyin Segundada 19-o‘rinni band etgan jamoa elitadagi 14 turdan keyin peshqadamlikni davom ettirmoqda.

Darvoqe, shu paytgacha «Jirona» La Ligada qatorasiga uch mavsumni o‘tkazgan emas. Buni juda yaxshi biladigan Michel faqat xalqaro musobaqalar yo‘llanmasi emas, boshqa rejalar xususida ham bosh qotirmoqda: «Asosiy maqsadimiz - jamoaning elitadagi o‘rnini mustahkamlash. Umid qilamanki, jamoamiz turnir jadvalining yuqori qismida barqaror to‘p surishga qodir. Ochkolar jamg‘arish esa - kurash. Muvaffaqiyat kaliti har kuni amalga oshirilishi shart bo‘lgan samarali mehnatda ekanligini barcha shogirdlarim tushunishlari va shunga rioya qilishlarini istayman».

«Jirona»ning shiddatli startida hujumchilarning ulushi himoya chizig‘i vakillariga nisbatan ancha salmoqli bo‘ldi. Kataloniya klubi urilgan gollar soni bo‘yicha (32ta) yetakchilik qilmoqda. Xavfli vaziyatlarni yaratish (34ta) bobida esa ikkinchi natijaga ega. Buning asosiy sababi shuki, Michel o‘z davrida «Rayo Valyekano» tarixidagi eng yaxshi to‘purarlari safida bo‘lgandi. Endi u merganlik mahoratini shogirdlariga singdirmoqda.

Lekin «oq-qizil ranglilar» jamoasining himoya chizig‘i talab darajasida emas  o‘tkazib yuborgan gollari o‘rtacha hisobda bittadan ko‘proq. Demak, mukammallikka erishish yo‘lida avvalo, ishonchli himoyani tashkil etish lozim. Hujumkorlik potensiali esa murabbiyning fikricha, jamoa uchun yetarli: «O‘yinning hujum fazasi meni tashvishlantirmaydi. Chunki biz har qanday raqibga muammo yarata olamiz, buning uchun yetarli resurslarga egamiz». Hujum chizig‘i xususida murabbiy haq. Jamoa safidan joy olgan Artyom Dovbik hozir 7ta gol urib, La Liga to‘purarlari safida bormoqda, «Jirona»ning yetakchi to‘purari maqomida. Biroq Savio, Aleish Garsiya, Deyli Blind, Yanxel Errera va Viktor Sigankov kabi o‘yinchilar ham oldingi chiziqning muhim ijrochilari hisoblanadi. Boz ustiga, ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin. Garchi jamoa o‘ziga xos uslubda to‘p sursada, uning tarkibida qandaydir vazifani ado etadigan alohida ijrochi yo‘q. O‘yinning turli bosqichlarida har bir futbolchi o‘zining kuchli jihatlaridan samarali foydalangan holda o‘ynashga intiladi.

Kataloniya klubi tarkibida nomdor o‘yinchilar bo‘lmasada, har qaysi pozisiyada o‘z vazifasini talab darajasida bajara oladigan ijrochilar yetarli. Qo‘shimchasiga, ular maydonning istalgan hududida samarali to‘p sura oladilar. Masalan, qanot himoyachilari vinger rolini bemalol o‘ynashlari mumkin. Ehtimol, hozir Ispaniyada Ian Koutu-Arnau Martines tandemidan yaxshiroq juftlik yo‘qdir. Sigankov va Saviolar qatori Dovbik ham oldingi chiziqning eng muhim murvatlaridan biri. Artyom o‘ta tajovuzkor, baquvvat va mahoratli hujumchi, darvozaga teskari turgan holida ham yaxshi o‘ynaydi. Har qanday raqib uchun uni to‘xtatib qolish juda qiyin. Soxta to‘qqizlik pozisiyasidagi harakatlari esa raqib darvozasi oldida qo‘shimcha xavf-xatar yaratadi. Michel ixtiyoridagi rangbaranglik va variantlar shodasini inobatga olganda, jamoaning hujumkor uslubi a’lo darajada va mavsumning qolgan qismida ham shunday davom etsa kerak. 

Darhaqiqat, «oq-qizil rang­lilar» asl jamoa maqomida ter to‘kishmoqda. Bu bosh murabbiyning xizmatlari samarasi, albatta. Vaholanki, «Jirona» Oriol Romeu, Tati Kastelyanos va Rodrigo Rikelme kabi boshlang‘ich tarkibning muhim o‘yinchilaridan judo bo‘lgandi. Biroq Enrike Karsel rahbarligidagi sport bo‘limi transfer bozorida samarali xaridlarni amalga oshirdi, Michel esa qudratli jamoani shakllantirdi. Hozir «Jirona» chinakamiga ajoyib davrni o‘tkazmoqda. Murabbiyning amaldagi shartnomasi 2026 yilgacha mo‘ljallangani esa bu jamoa va uning ijodkor murabbiyi haqida ko‘plab qiziqarli hikoyalar yozish imkoniyatini beradi. Klub mutasaddilari va murabbiylar shtabi kamtarlik bilan elitada mustahkam joy olishni asosiy maqsad sifatida e’tirof etishmoqda. Muxlislar esa jamoani xalqaro arenada ko‘rish orzusidalar. Biz esa ko‘p sonli muxlislar orzusi ro‘yobga chiqishi tarafdorimiz. Shunda fidoyi murabbiy va uning tirishqoq jamoasini kelajagi porloq ittifoq sifatida e’tirof etganimiz o‘z isbotini topadi.

S.RAHMONOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:58, 06.12.2023.
O'qildi: 3845 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.