Buyuk Britaniyaning eng boy odami bo‘lmish Ser Jim Retkliff "MYU"ning 25 foiz aksiyasini xarid qildi. Endi esa u klub ichida bir qancha o‘zgarishlarga qo‘l urishi aniq. Bu o‘zgarishlar klub tuzilmalari, murabbiylar shtabi va futbolchilar bilan yuz beradi. Quyida Retkliff tomonidan sotib yuborilishi aytilgan yulduzlarni bilib olasiz.
1. Jeydon Sancho
Angliya terma jamoasi a’zosi sentyabr oyida kechgan "Arsenal"ga qarshi bahsdan beri maydonga tushmadi. Bunga Sanchoning ten Xagni tanqid qilgani va uni yolg‘onchiga chiqargani sabab bo‘lgan edi. Hozirga qadar hujumchi Erik ten Xagdan kechirim so‘rashni inkor qilib kelmoqda. Bu muammo esa Retkliff tomonidan nafaqat futbolchini, balki murabbiyni ham ishdan haydash bilan yechilishi mumkin.
2. Kazemiro
Besh bor YECHLni yutgan braziliyalik, "Real" yarim himoyasida uzoq vaqt katta ishni bajarib kelgandi. Ammo u bu mavsumda "MYU" safida keraklicha jamoaga yordam bera olmayapti. Muxlislar ham Kazemironi sotib yuborish tarafdori. Uning o‘rni esa yosh Kobi Meynu bilan to‘ldirilmoqda. Kazemiro katta maosh oladi. Modomiyki, uning foydasi jamoaga tegmas ekan, demak, u ketishi kerak.
3. Antoni
"Manchester Yunayted" tarixidagi eng qimmat ikkinchi futbolchi bo‘lgan Antoni o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlay olmadi. Bir yarim yil davomida 85 million funtlik hujumchi jami 8 ta gol va 3 ta assist qayd etdi xolos. 22 yoshlining yomon sport formasi va katta maoshi, uning taqdirini xavf ostiga qo‘yishi aniq.
4. Rafael Varan
Varan faoliyati davomida jahon chempioni bo‘lishdan tashqari, 4 bor YECHL bosh sovriniga ega chiqqan. Ammo so‘nggi paytlarda u "MYU"da muammolarga duch keldi. Xususan, himoyachi ten Xag bilan kelishmay qolgani aytilmoqda. Shu sababali, Varan kelajagi haqida o‘ylay boshladi. Yanvarda ketish, futbolchi va klub uchun optimal yechim bo‘ladi.
5. Xarri Maguayr
Maguayr bir necha oy oldin juda uyatli ahvolga tushgan edi. Hamma narsa uning ziyoniga ishlay boshlaydi. Yozda Maguayr "Vest Xem"ga o‘ta olmay qoladi. Shunga qaramay, u o‘ziga kela oldi. Ammo Retkliff Maguayr bilan xayrlashishni istab qolishi mumkin. Negaki, uning maoshi juda baland.
6. Andre Onana
Onananing "MYU"dagi debyut mavsumi rasvolardan rasvo kechmoqda desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Kamerunlikning maydondagi harakati, muxlislarning De Xeaning qadriga yetishlariga olib kelmoqda. Agarda Onana o‘zini o‘nglab olmasa, u ham yanvarda sotib yuboriladi.
7. Brunu Fernandesh
Portugaliyalik yulduz "MYU" safidagi eng barqaror futbolchilardan biri sanaladi. U 2020 yilning qishida "Sporting"dan xarid qilinadi. Ammo Fernandeshning maydondagi bolalarcha qiliqlari va bo‘lar-bo‘lmasga e’tiroz bildirishi, muxlislarni jahlini chiqarmoqda. Ba’zilar undan sardorlik bog‘ichini olib qo‘yish kerak desa, qolganlar esa uni sotish lozim deb biladi. Retkliff bu borada yakuniy qarorni beradi. Balki, Brunu qishda emas, yozda sotuvga qo‘yilar...
ISMATOV J.