Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

«Barsa»ning noyob topilmasi

«Barsa»ning noyob topilmasi

Baho:
+ | -

Ayni pallada Joau Kanselu «Barselona»ning bosh qahramoni bo‘lib turibdi.

«Portu»ga qarshi bahs arafasida jamoa qaltis vaziyatda qolgandi: o‘z maydonidagi bellashuvda jiddiy raqibni yengish talab etilar, aks holda pley-off bosqichi masalasi mavhumligicha qolardi. Qatorasiga uchinchi marta guruhdan chiqa olmaslik Xavi uchun kuchli zarba bo‘lishiga shubha yo‘q.

Amalda o‘yinning 30-daqiqasida hisobni ochdilar, xavotir bejiz emasligi isbotlandi. Biroq ayni shu pallada Balde yo‘qligi sababli chap qanot himoyachisi pozisiyasida to‘p surayotgan Kanselu katta sahnaga chiqdi. Avvaliga Joau ajoyib aniq zarbasi bilan hisobni tenglashtirdi, 2-bo‘limda esa Feliksni samarali uzatma bilan ta’minladi - 2:1. «Barsa» guruhdagi yaqqol peshqadamga aylandi. Kanseluni ijaraga olingani klubning omadi ekanligini hozirning o‘zida tasdiqlash mumkin, uning to‘liq xarid qilinishi esa, «Barsa» uchun yozgi transfer darchasidagi birinchi darajali vazifa bo‘ladi.

Joau futbolni barvaqt tark etishiga  sal qolgandi

2012 yilda Kanselu «Benfika»ning asosiy tarkibidagi debyutini «Jil Visente»ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida portugaliyalik mahalliy vunderkind nishonladi. «Vunderkind» iborasi anchadan beri futbolchining noyob iqtidori belgisi bo‘lmay qoldi. Lissabon klubi, umuman, Portugaliya har yili futbol olamiga ko‘plab megaiqtidorlarni tayyorlab bermoqda. Boz ustiga, Joau 2013 yil yanvarida avtohalokat tufayli faoliyatini yakunlashi ham mumkin edi. Yarim tunda u otasi Jozeni safarga kuzatib, onasi Filomena va ukasi Juan bilan qaytayotganida mashinasi yo‘ldan chiqib ketdi. Ukasi va o‘zi yengil jarohat olishdi, lekin onasi vafot etgandi. Og‘ir judolikka chiday olmagan futbolchining ko‘ngli futboldan sovidi, mashg‘ulotlarga bormay qo‘ydi, «Benfika»da debyutini nishonlashga ham ulgurmagandi. «O‘zimni muayyan vazifani ado etadigan robotdek his eta boshladim: o‘yin - uyga qaytish. Onamdan judo bo‘lgach, futbolni yoqtirmay qoldim. Faqat shunga majbur ekanligim sababli maydonga tushardim», - deydi Joau.

Otasining talabi bilan Kanselu faoliyatini davom ettirdi, «Benfika»da to‘p surish bilan judolikni unuta olmadi va 20 yoshida «Valensiya»ga yo‘l oldi. To‘rt yildan keyin esa «Inter» orqali «Yuventus»ga o‘tdi. Lekin samarali harakatlarni amalga oshirgan bo‘lsa ham, o‘yini nafaqat o‘zi uchun, balki mutaxassislar uchun ham talab darajasida emasdi.

Taajjubki, jismonan baquvvat, risoladagidek texnika va tezlik sohibi «A» seriyasida topa olmagan o‘yinini APLda namoyish etdi. Ha, eng kuchli ligada!

Kanselu APLda o‘ziga xos futbolchiga aylandi

Avvaliga futbolchining «Manchester Siti»ga o‘tishi ko‘pchilikni ajablantirdi: nima uchun Gvardiolaga o‘ng qanot himoyachisi kerak bo‘lib qoldi va nima uchun «Yuve» Joauni Daniloga almashtirdi?

Shubhalar o‘rinli ekanligi tez orada isbotlandi. Dastlabki 5ta o‘yinda Kanselu atigi 90 soniya maydonda bo‘ldi. Oz o‘yin amaliyotini Gvardiola Joauning mavsumoldi tayyorgarligida bo‘lmaganligi bilan izohladi. Bu o‘rinli argument: Pep jamoasida yangi o‘yinchilar bir yillik adaptasiyadan o‘tadilar. Biroq murabbiy faxriy Uokerni zaxirada qoldirib bo‘lsada, Joauni maydonga tushirdi.

Asta-sekin Gvardiolaning loyihasi bo‘y ko‘rsata boshladi: Kanselu - chap qanot himoyachisi. Joau yangi pozisiyada ilk bor «Vulverxempton»ga qarshi maydonga tushdi, yakuniy 2ta turda esa 180 daqiqa to‘p surdi. Shu tariqa u doimiy chap qanot o‘yinchisiga aylandi.

Portugaliyalik iqtidor «shaharliklar»ning sermahsul faoliyatida muhim murvatlardan biri bo‘ldi, o‘tgan mavsumdagi treblga ham hissa qo‘shdi. Lekin jamoaga ulkan manfaat keltira olmadi. Sababi - murabbiy bilan til topisha olmadi. Jumladan, APLdagi 7ta o‘yinda 630 daqiqa o‘rniga atigi 247 daqiqa to‘p surgani kelishmovchilik ko‘lami jiddiyligidan dalolat. Shu bois, yanvarda Kanselu «Bavariya»ga «surgun» qilindi.

«Bavariya»dagi to‘mtoq ishtirok va «Barselona»dagi renessans

Myunxenda ham Kanseluning ishlari yurishmadi. Chap qanotda Alfonso Devis hukmron, o‘ngda esa Pavar yetakchi edi. Joau hujumkor qanot o‘yinchisi yoki qanot himoyachi rollarida to‘p surdi. YECHLning pley-off bosqichida deyarli maydonga tushmadi.

Xullas, futbolchini bu tarzdagi ishtirok qoniqtirmadi, klub esa katta maosh olishidan norozi edi. Yakunda futbolchi Manchesterga qaytdi, kelishuv haqida gap bo‘lmagani sababli, tomonlar yangi ish joyi topishga kirishdilar. Ayni shu pallada o‘ng qanot himoyachisiga mushtoq bo‘lgan, lekin moliyaviy inqirozga duch kelgan «Barselona» paydo bo‘ldi. Jamoa Joauni zudlik bilan ijaraga oldi.

Xavi xuddi Pep kabi uni o‘ng qanotga belgilash bilan birgalikda, «Siti»dagi erkinliklarini ham qoldirdi. Kezi kelganda Joau markazga o‘tadi, ba’zan Romeu yoki De Yong bilan duetda to‘p suradi. Qisqa vaqt ichida debyutant bir qator natijalarga erishdi: YECHLdagi «Portu»ga qarshi bahsda bittadan assist va golni amalga oshirdi, ichki chempionatda 0:2 hisobidagi «Selta»ga qarshi bellashuvni ham samarali uzatma va gol evaziga 3:2ga aylantirdi.

Aftidan, Kanselu hozir juda baxtiyor: «Murabbiy menga erkinlik bermoqda, bundan behad mamnunman. Men o‘zimni qanotlarda ham, markazda ham qushdek yengil his etyapman. Bu men orzu qilgan klub. U haqda barcha o‘rtoqlarim biladilar, «kumirlarim» «Barsa»da o‘ynashgan», - deydi Kanselu.

Joauning Kataloniyadagi faoliyati o‘ta muhim bosqich deyish mumkin: «Betis» darvozasiga yo‘llagan debyut golini u marhuma onasiga bag‘ishladi. Futbolchining o‘zi esa Xavi hamda klub prezidenti Joan Laporta uchun o‘ta qimmatli o‘yinchi. Hozir ular Kanseluning transferi uchun mablag‘ jamg‘arishmoqda. Bunday javohirni qo‘ldan boy berish - jinoyat!

Sodiq SOBIR tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:46, 01.01.2024.
O'qildi: 7144 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.