Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa - Yuventus
23/12 01:00 Betis - Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Haykallar bilan «o‘ralgan» stadion!

Haykallar bilan «o‘ralgan» stadion!

Baho:
+ | -

«Manchester Siti» barcha jabhalarda yetakchilik o‘rnatishga shunchalik berilib ketganki, hattoki, stadion atrofini o‘z futbolchilari haykallari bilan to‘ldirishga urinmoqda. Aniqrog‘i, «Ittihod» stadioni atrofi klub afsonalari sharafiga o‘rnatilgan yodgorlik figuralari bilan to‘lmoqda. Deylik, yaqinda yana 3ta haykal shu maskandan joy oldi.

APLning amaldagi chempioni o‘tgan asrning 60-70-yillari klub safida javlon urgan afsonalar - Kolin Bell, Frensis Li va Mayk Sammerbi sharafiga haykal o‘rnatdi. Mazkur trio 1968 yili Angliya Birinchi divizionida zafar quchgan qudratli jamoa safida to‘p surgandi. Umumiy hisobda aytsak, Bell - Li - Sammerbi uchligi 1000tadan ko‘proq o‘yinda chamasi 300tacha gol urgan «shaharliklar» libosida. Ular xususan, «Manchester Siti»ning Angliya kubogi (1969 yil), Liga kubogi (1970 yil) va Yevropa Kubok egalari kubogi (1970 yil)ni qo‘lga kiritishiga ham katta hissa qo‘shishgan. Lekin e’tiborni ko‘proq jalb etayotgan jihat muvaffaqiyatlar salmog‘i emas, balki «Siti»ning uy stadioni atrofida futbolchilarga yodgorlik o‘rnatish bobida Yevropa top-klublari orasida yetakchi bo‘lib olganidir. Rasman olganda, zikr etilgan trio haykali - bitta kompozisiya. Biroq «Siti» shundan hisob-kitobda ham hammadan oldinda. Zero, «Ittihod» atrofidagi haykallar soni 5taga yetdi. Agar futbolchilar soni bo‘yicha hisoblansa, 7ta! Bu esa rekord ko‘rsatkichdir.

Xo‘sh, «Manchester Siti» arenasida kimlar yuksak e’tirofga sazovor bo‘lishgan va «shaharliklar» bu borada qaysi klublar bilan zimdan tortishmoqdalar? «Ittihod» atrofidagi dastlabki yodgorlikka jamoaning sobiq darvozaboni Bert Trautmann munosib ko‘rildi. Germaniyalik kiper asosan Angliya kubogi-1956 finalidagi qahramonligi evaziga shunday sharafga erishdi. Bert o‘shanda «Birmingem»ga qarshi kechgan o‘yin (3:1)ning so‘nggi 17 daqiqasida jarohat bilan harakatlangan bo‘lsada, darvozada o‘ta ishonchli turgandi. Keyingi 3ta haykal - zamonaviy «Siti»ning shonli davri vakillariga tegishli. Ispaniyalik David Silva esa alohida figuraga munosib topilgan dastlabki yulduz bo‘ldi. «Siti»da 10 yil davomida o‘ta yorqin o‘yin ko‘rsatgan David 2020 yili «shaharliklar» bilan xayrlashdi.SHundan so‘ng klub rahbariyati unga nisbatan chuqur hurmatni ravo ko‘rdi. Darvoqe, endilikda David Silva haykalga loyiq ko‘rilganlar orasida faoliyatini davom ettirayotgan yagona futbolchidir. Yana bir figura egasi - Vensan Kompani esa «Bernli»ni APLga qaytarish asnosida murabbiylikda ham nom qozonishga ulgurdi. Belgiyalik sobiq futbolchi «Itti­hod»ga tashrifi chog‘i o‘z sharafiga o‘rnatilgan haykalni faxr bilan ziyorat qilishi tayin. Zamonaviy «Manchester Siti»dan haykalga munosib topilgan uchinchi futbolchi - bu Serxio Aguero. Argentinalik hujumchi (aytgancha, u «Siti» tarixidagi eng yaxshi to‘purardir) sharafiga alohida sana munosabati bilan haykal o‘rnatishdi. Aniqrog‘i, Aguero urgan chempionlik golining 10 yillik yubileyi sharafiga. Eslatma, aynan uning goli jamoaga APLdagi dastlabki chempionlikni keltirgandi.

«Siti»ning maydon tashqarisidagi antiqa musobaqa bo‘yicha raqobatchilariga kelsak, birinchisi - «MYU». Ha, navbatdagi yodgorliklar majmuasini tomosha qilish uchun Manchesterdan chetga chiqish shart emas. Qolaversa, «MYU» laureat futbolchilar soni bobida «Siti» bilan bemalol bahslashishi mumkin. Gap shundaki, «Old Trafford» yonida yaqin o‘tmishda yorug‘ dunyoni tark etgan Bobbi Charlton, Jorj Best va Denis Lou xotirasiga o‘rnatilgan mashhur «Muqaddas uchlik» skulpturasi qad rostlagan. Uning ro‘parasida esa ser Mett Basbi haykali bor. U 1950-1960 yillar «MYU»ni boshqarish asnosida naq 13ta sovrin yutgandi. «MYU» rahbariyati shuningdek, Jimmi Myorfiga ham yodgorlik o‘rnatgan. Uels­lik mutaxassis 23 kishi umriga zomin bo‘lgan Myunxen aviahalokatidan keyin 8 nafar futbolchisidan ayrilgan jamoani vaqtinchalik boshqargan va 3 oydan keyin Angliya kubogi finaliga olib chiqqandi. Nihoyat, «MYU» afsonaviy ser Aleks Fergyusonni ham unutmagan, albatta. Shotlandiyalik mutaxassisning haykali 2012 yili ochildi. «Qizil iblislar» tarixidagi eng sermahsul murabbiy jamoani salkam 26 yil bosh­qardi. E’tiborli jihat: «MYU» asosan sobiq ustozlari hurmatini o‘rniga qo‘yayotgan bo‘lsa, «Siti» hozircha faqat futbolchilarni sharaflash bilan ovora...

Uy stadionini haykal bilan «o‘rash» missiyasiga qiziqayotgan yana bir klub - bu «Arsenal». Umuman, «to‘pchilar» alohida kompozisiyalar soni bo‘­yicha hammadan oldindalar. 2011 yili «Emireyts» yaqinida Ken Frayar haykali paydo bo‘ldi. U 12 yoshidan klub tizimida ishlagan va butun hayotini «kanonirlar»ga bag‘ishlagandi. Frayar keyinchalik boshqaruv a’zosi va klub direktori lavozimida ham faoliyat yuritdi, 2020 yili esa faxrli prezident maqomiga munosib ko‘rildi. Haykalda Frayarning 1945 yilgi fotosurati tasvirlangan. Ya’ni o‘smir yigitchaning «Xayberi» stadioni yonidagi ko‘chada to‘p ortidan yugurayotgani aks ettirilgan. «Arsenal»ning 125 yillik yubileyi sharafiga o‘rnatilgan 3ta yodgorlikning «tug‘ilgan» sanasi - 2011 yil dekabr. Kompozisiya klub tarixida yorqin iz qoldirgan 3 nafar taniqli shaxsga bag‘ishlangan. Birinchisida 2002 yili «Tottenxem» darvozasiga urgan golini nishonlayotgan Tyerri Anri aks etgan, ikkinchisida esa «Arsenal»da 19 yil to‘p surgan va klub tarixida ikkinchi yaxshi to‘purarga aylangan Toni Adams. Ma’lumot uchun, 22 yoshida sardorlik bog‘ichini qo‘liga olgan hujumchi «to‘pchilar» bilan 10ta nufuzli sovrin yutgandi. Haykalda Adamsning 1998 yili «Everton» darvozasiga urgan golini nishonlayotgani tasvirlangan. O‘sha gol «Arsenal»ni shohsupaga olib chiqqandi. Uchinchi figura Gerbert Chepmenga atalgan. Gap jismoniy tayyorgarlik va taktika borasida o‘ziga xos uslublar yaratgan taniqli mutaxassis haqida ketmoqda. 1925-1935 yillar oralig‘ida «Arsenal» sezilarli taraqqiyotga erishib, 5 mavsumda 4 marta chempionlikka erishgandi Chepmen boshqaruvida. 2014 yilga kelib, Dennis Bergkamp ham haykal bilan sharaflandi. Niderlandiyalik afsona 11 yil davomida «Arsenal»ning jami 423ta o‘yinida qatnashib, 120ta gol urdi, 3 marta chempionlik zavqini surdi va Angliya kuboklarini 4 bora boshi uzra baland ko‘tardi. Nihoyat, shu yilning yozida «Emireyts» oldida Arsen Venger haykali ham qad rost­ladi. Fransiyalik murabbiy Londondagi 22 yillik faoliyatida 3 marta chempionlikni ta’minlash asnosida klub ramziga aylangan edi. Xullas, shu bilan «Emireyts» stadioni atrofidagi murabbiy va futbolchilar nusxalari soni 6taga yetdi.

S.RAHMONOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:46, 05.01.2024.
O'qildi: 1679 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.