O‘zbekiston milliy terma jamoasining Osiyo kubogi nimchorak final bosqichi doirasida Tailandga qarshi bahs olib borib, g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Birinchi bo‘limda to‘la ustunlik terma jamoamiz tomonida bo‘ldi. Oston O‘runov ikkita juda qulay imkoniyatdan foydalana olmadi. Uchrashuvning 37-daqiqasida esa Diyor Xolmatovning chiroyli uzatmasidan keyin Aziz Turg‘unboyev raqib jarima maydoni ichida to‘pni ko‘kragi bilan to‘xtatdi va darvozani ishg‘ol qildi.
Ikkinchi bo‘limda tailandliklar o‘yinni kuchaytirib, hujumga tashlanishdi. Zaxiradan maydonga tushgan Supachok Sarachat 58-daqiqada olis masofadan zarba berib, hisobni tenglashtirdi. Yusupov burchakka kirayotgan to‘pni qaytara olmadi.
O‘zbekiston oradan 7 daqiqa o‘tib yana oldinga o‘tib oldi. Jarima maydoni tashqarisida Masharipovdan uzatma qabul qilgan Fayzullayev 20 metrlardan aniq zarba bilan darvozani ishg‘ol qildi.
O‘yinning so‘nggi daqiqalarida O‘zbekiston butun jamoa bo‘lib himoyalanishga majbur bo‘ldi va hisobni ushlab qoldi.
Chorak finalda jamoamizga Qatar raqiblik qiladi. O‘yin 3 fevral, shanba kuni 20:30da boshlanadi.
Osiyo kubogi-2023, nimchorak final
O‘ZBEKISTON - TAILAND - 2:1 (1:0)
Gol: Azizbek Turg‘unboyev (37), Abbos Fayzullayev (65) — Supachok Sarachat (58)
Ogohlantirish: Abduqodir Husanov (88)
O‘zbekiston: O‘tkir Yusupov, Abduqodir Husanov, Umar Eshmurodov, Rustam Ashurmatov, Farrux Sayfiyev, Diyor Xolmatov, Odil Hamrobekov, Aziz Turg‘unboyev (Zafarmurod Abdurahmatov 81), Jaloliddin Masharipov (Jamshid Iskanderov 81), Oston O‘runov (Hojimat Erkinov 67), Abbos Fayzullayev (Jamshid Boltaboyev 90+1)
Tailand: Xammay, Bunmatan, Dolah, Yuyen (Chamratsamee 82), Chayded, Mikelson, Pumichantuk (Promsrikayev 75), Xemvibun, Pompxun (Autra 82), Charoyenrattanaprirom (Sarachat 46), Kanitsribumpxen (Muyeanta, 46)