Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

138 yoshga to‘lgan «Luton Taun» haqida

138 yoshga to‘lgan «Luton Taun» haqida

Baho:
+ | -

Ishonish qiyin, lekin «Luton Taun» klubi 138 yoshdan o‘tdi.

Shu davr ichida u Janubiy futbol ligasida birinchi bo‘lib o‘z futbolchilariga o‘yin uchun maosh bergan jamoa maqomidan bir nafar o‘yinchisining bahosi «shlyapado‘zlar»ning butun bir tarkibidan qimmatroq bo‘lgan «Brayton», «Everton», «Nyukasl» kasbdoshlarini yenga oladigan saviyali jamoa darajasiga ko‘tarildi. Darvoqe, anchayin ajabtovur taxallus va timsolni klub shaharchada yaxshi rivojlangan bosh kiyimlari korxonasidan olgan. Endi jamoa bilan tanishuvni boshlaymiz.

TARIXI

Tashkil etilgan 1885 yilning 11 aprelida rasman e’lon qilingan «Luton Taun» Angliyaning ko‘hna klublaridan biri. U bilan nomdosh bo‘lgan shaharchada bosh kiyimlari korxonasidan boshqa ishlab chiqarish tarmog‘i yo‘q, aholisi 200 mingdan kamroq. Badavlat sohibi yoki investori bo‘lmagan klub homiylarni o‘zi izlab topishga majbur. Mablag‘ yo‘qligi sababli, «Luton» 2009 yilda 5-divizionga tushib ketgandi. Erishgan natijasi esa 1988 yilda qo‘lga kiritgan Liga Kubogi (hozirgi nomi Carabao Cup). Qandaydir daromadga ega bo‘lish maqsadida klub 1913 yilda o‘z jamg‘armasini tashkil etgan, a’zolik badali 60 funt. Shu jamg‘arma ko‘magida «Luton» hamon faoliyat yuritmoqda. Boz ustiga, aholi o‘rtasidao‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnomalarda aynan Luton yashash uchun Britaniyadagi eng yomon shahar sifatida qayd etilgan.

STADIONI

«Luton» stadioni 119 yoshda. Arenada sezilarli o‘zgarishlar bo‘lmagan. To‘g‘ri, o‘rindiqlar, ayvonlar sig‘imi kengaytirilgan, projektorlar soni ko‘payib, gazon sifati yaxshilangan, lekin stadion o‘tgan asrdagidek. So‘nggi o‘zgarish 2005 yilda amalga oshirilgan, shundan keyin arena 10 ming muxlisni qabul qiladigan bo‘ldi. Tik turib o‘yinni tomosha qiladigan muxlislar chiptalari bekor qilinishidan avval «Luton»ning «Blekpul»ga qarshi o‘yiniga 30 ming nafar muxlis tashrif buyurgandi. Inshoot 5ta tribunaga ega, mahalliy muxlislar uchun ajratigan 4ta tribunaga asosiy yo‘lakdan kiriladi. Mehmon jamoa muxlislar tribunasiga esa alohida yo‘lak ajratilgan.

TAKTIKASI

«Luton Taun» 3-4-2-1 sxemasida to‘p suradi. Oldingi chiziqdagi yagona sof hujumchi jamoaning eng kuchli jihati - yuksak saviyadagi yarim himoyachilar - tajribali Barkli va kelajagi porloq Lokongilar ko‘magida sermahsul o‘yin ko‘rsatmoqda. Ikki nafar hujumchili sxemada ham duet ularni samarali uzatmalar bilan ta’minlay oladi. Jamoaning asosiy prinsipi quyidagicha: o‘yinning qaysi bosqichda ekanligidan qat’iy nazar, har bir futbolchi o‘z vazifasini ado etish bilan shug‘ullanadi. Deylik, shartli «Manchester Siti» ishonchli himoya, barqaror markaz va hujum chizig‘i vaziyat taqazosiga ko‘ra harakatlanish usulini qo‘llasa, «shlyapado‘zlar» bunday erkinlikni bera olmaydilar. Chunki tarkib turli saviyadagi o‘yinchilardan iborat. Darvoqe, bir paytlar «Arsenal» aynan shu uslubda to‘p surgani bois, muxlislar «Luton» uslubini «sof «Arsenal»cha taktika» deb atashadi.

To‘g‘ri, o‘sha davrda «to‘pchilar» asosiy e’tiborni himoyaga qaratishgan, qanotlarda Naylz va Koloshinas, keyinchalik Tirni va Belyerinlar to‘p surishgandi. «Luton»da qanotdagilar yarim himoyachilarga yaqinroq joylashadilar. Nazarimizda, bu o‘rinli qaror. Chunki markazda eng kuchli futbolchilar dueti to‘p suradi. Sxemaning salbiy jihati - tezkor himoyachilarning tanqisligi. Qanotdagilar markazga yo‘l olganlarida, ularning o‘rnini to‘ldirish uchun tezkorlik talab etiladi. Jamoaning asosiy himoyachisi Tedem Mengi esa «MYU»da ijarada to‘p surmoqda. Hozirgi moliyaviy muammolar davrida tarkibdagi o‘yinchilar bilan qanoatlanishdan boshqa iloj yo‘q.

Jamoadagi ikkinchi va eng muhim yetishmovchilik - «buzg‘unchi yarim himoyachi». Aynan shu pozisiyaning bo‘shligi tufayli maydon markazidagi to‘p yo‘qotilishi raqib tezkor qarshi hujumlarni uyushtiradi va gollar uradi. «Luton» aynan shu sababli ko‘p ochko yo‘qotmoqda. «Arsenal»ga qarshi bahs fikrimizni tasdiqlaydi. Faxriy Ross Barkli faoliyatini tiklagan bo‘lsada, hujumdan keyin himoyaga qaytish va hududlarni yopishga ulgurmadi. Shu pozisiyaga mo‘ljallangan Nakamba jarohatini davolash bilan band, ijaraga olingan Lokonga tayanch yarim himoyachisi emas. Qariya Barkli esa 90 daqiqa to‘p sura olmayapti.

MURABBIYI

2022 yil noyabrida Robert Ouen Edvards «Luton» bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bundan avval mutaxassis jamoaning azaliy raqibi - «Uotford»ni boshqargandi. Mazkur qarama-qarshilik Angliyada «M1» derbisi nomini olgan. Shu o‘rinda «Luton» ingliz jamoalari orasida birinchilardan bo‘lib «Katarit» tizimidan foydalana boshlaganini ta’kidlash joiz. Tizim fitnes-statistika ma’lumotlarini jamlashga asoslangan bo‘lib, uning yordamida futbolchilar o‘yindagi xato-kamchiliklarini tahlil qiladilar va murabbiy bilan birgalikda xatolarni tuzatishga kirishadilar. Ya’ni, murabbiy shogirdiga o‘yinda yo‘l qo‘ygan xatolarini tushuntirish bilan cheklanib qolmaydi, avval futbolchining o‘zi xatolari haqida ma’lumot beradi, keyin ularni tuzatishga intiladi. Shu tariqa murabbiy bilan futbolchi o‘rtasidagi munosabat yaxshilanadi. «Luton» tizimi mahalliy o‘yinchilar saviyasini oshirishga asoslangan, bosh murabbiy bu masalada faolligi bilan ko‘mak bermoqda.

KELAJAGI

Ochig‘ini aytganda, «Everton» va «Nottingem Forest»dek jamoalar bilan elitadagi o‘rin uchun kurashda «Luton»ning imkoniyatlari nisbatan ozroq. Chunki raqobatchilar moliyaviy jihatdan ancha ustunlar. Biroq mana shu keskin vaziyatda ham jamoa «Brayton», «Nyukasl», «Kristal Pelas», hatto «Liverpul»ga qarshi bellashuvlarda ochkolar olishga muvaffaq bo‘ldi. «Luton»ning APLdagi ishtiroki yangi mavsumda ham davom etishini istardik. Lekin elitaga chiqqanining o‘zi ham jamoa uchun o‘ziga xos «oltin chipta», ertak. Mayli, ertak emas, triller deya qolaylik. Garchi, qahramonimizni ko‘pchilik jamoalar muxlislari xush ko‘rmasalarda, trillerning jo‘shqinligi pasayib qolmaydi.

 A.AHMEDOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:44, 25.02.2024.
O'qildi: 868 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.