Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Sovrinlarga sotilmagan sadoqat

Sovrinlarga sotilmagan sadoqat

Baho:
+ | -

Aftidan, Marko Roys mavsum yakunida Dortmundni tark etishi mumkin...

Jamoa YECHLda o‘lim guruhidan chiqqan bo‘lsada, himoya chizig‘i mustahkam emas. Oqibatda, Germaniya Kubogi turnirida tomoshabinga aylandi, Bundesligada 4-o‘ringa ilinib turibdi. Bu muammolar kamlik qilgandek, oraga Marko Roysning ketishi haqidagi «xushxabar» suqildi. «Arilar»ning uzoq yillik motori yozda Menxengladbaxning «Borussiya»siga qaytadi.

Marko xususida gap ochilganda, ko‘pincha uni klubga sadoqatli, jarohatlarga moyil va nufuzli sovrinlardan chetda qoladigan futbolchi sifatida ta’riflashadi. E’tiroflarning ne chog‘li asosli ekanligini ko‘rib chiqamiz. 

«Dortmund» bosslari uning kelajagini ko‘ra olishmadi, Marko 5 yildan keyin kuchliroq bo‘lib qaytdi 

Roys bilan «Dortmund» o‘rtasidagi munosabatlar barchaga ma’lum. 6 yoshida klub akademiyasiga kelgan Marko 17 yoshda katta futbolga o‘tadigan bo‘lganida, klub rahbariyati uni kelajagi yo‘q o‘yinchi, degan qarorga keldi. Shu sababli Roys qo‘shni shahar - Alenning «Rot-Vayss» klubiga o‘tishga majbur bo‘ldi va 1 yilda asosiy jamoa tarkibida 3-Bundesligada to‘p sura boshladi. 18 yoshli xavbek ilk mavsumda jamoaning 2-ligaga chiqishiga yordam berdi, keyingi mavsumda esa 27ta o‘yinda 7 (4+3) ballni rasmiylashtirdi. Roysning o‘yiniga qoyil qolgan Gladbaxning «Borussiya»si fursatni boy bermay, uni 1 million yevro evaziga o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. «Borussiya» esa o‘sha davrda beqaror klub maqomida edi: bir mavsumda «Bavariya»ni ikki marta mag‘lub etib, yevrokubok yo‘llanmasiga da’vogarlik qilsa, ikkinchi mavsumda elitada jon saqlash uchun kurashardi. Aslida, jamoa hozir ham shunday holatda. Shaxsan Roysga o‘yin bobida e’tirozlar yo‘q - hatto «Gladbax» to‘qnash bellashuvlarida kurashishga majbur bo‘lgan mavsumda ham Marko 10+9 natijaga erishgandi. Umuman, xavbek bu jamoada 109 marta maydonga tushib, 41ta gol va 28ta assist muallifi bo‘lgandi. 

2011|12 yillar mavsumini 4-o‘rinda yakunlagan «Gladbax» YECHLning saralash bos­qichiga chiqqan, Roys esa 30 (18+12) ball to‘plab, eng yaxshi nemis futbolchilari ro‘yxatida e’tirof etilgandi. Klub mutasaddilari esa yangi shartnoma tayyorlashgan, faqat imzo chekish qolgandi. Biroq ayni shu pallada Yurgen Klopp paydo bo‘ldi - Markoni qadrdon klubi kutayotgandi. Futbolchini qaytarib olish uchun «arilar» 17 «limon»dan voz kechishdi. 

Markoning «Bavariya»ga o‘tishi ham mumkinligidan xabardor bo‘lgan dortmundlik muxlislar uning oliyjanobligini yanada yuqoriroq baholadilar. Chindan ham, Myunxen grandining o‘sha paytdagi bosh murabbiyi Yupp Xaynkes 2011 yilda kelajagi porloq xavbekni o‘z jamoasiga taklif etgan, biroq Marko taklifni rad etgandi. 2010, yillarda Roysga boshqa top-klublardan ham qiziqishlar bo‘lgan, lekin futbolchi yon bermagandi. 2015 yilda Marko «Real»ga o‘tishga juda yaqin kelgandi, lekin «qirollik klubi» ham «Dortmund» o‘rnini bosa olmadi. Shundan keyin muxlislar tuturiqsizlik bilan «Bavariya»ga yo‘l olgan Levandovski, Xummels, Gyotselarga qo‘shilmagan Roysni klubga bo‘lgan sadoqati uchun klubning tirik afsonasi, timsoli maqomlari bilan ulug‘ladilar. Agar Markoni «Borussiya» YECHLda g‘oliblikka da’vogarlik qilayotgan, ichki chempionatda «Bavariya»dan o‘zib ketgan 2012 yilda muxlislar bilan shunchaki, bekinmachoq o‘ynaganlikda ayblashga asos bor bo‘lsa, jamoa inqirozga yuz tutgan pallada ham uni tark etmagani bu taxminni parchalab tashladi. 

Barchasini qo‘shib hisoblaganda, Roys jarohatlar tufayli 3 yildan ko‘proq vaqtni maydon tashqarisida o‘tkazdi 

Jarohatlar uning terma jamoadagi faoliyatini qariyb yo‘qqa chiqardi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 15 yil davomida 1313 kunni maydon tashqarisida o‘tkazgan. Zamonaviy futbol tarixida faqat bir nafar futbolchi - Frank Riberi ko‘proq (72 marta) jarohat olgan. Shikastlanish oqibatida maydonga tusha olmaganlar orasida atigi 8 nafar futbolchi, jumladan, Abu Diabi, Aryen Robben, Stevan Yovetich, Jek Uilshir, Vensan Kompani, Tomas Vermalen Ronaldo va Riberilar o‘z jamoalariga yordam bera olishmagan. 

Jarohatlar jafosi tufayli Roys terma jamoaning 4ta yirik musobaqasini - JCH-2014, Yevro-2016, KK-2017 va JCH-2022ni o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ldi. Yevro-2020 turniri ham Markoning ishtirokisiz o‘tgan. Biroq bunga jarohatlarning aloqasi yo‘q - Marko shunchaki, mashaqqatli kovid mavsumidan keyin hordiq chiqarishga qaror qilgan va turnirdan voz kechgandi. 

Mazkur majburiy «ta’til»lar «sharofati» bilan germaniyalik yarim himoyachi JCH-2014 va KK-2017 turnirlarining oltin medallaridan mahrum bo‘ldi. Ayniqsa, Braziliya mundialida shohsupaga ko‘tarila olmagani o‘ta achinarli hol. Chunki turnirning saralash bosqichida u sermahsul o‘yin ko‘rsatib, 6ta bellashuvda 5ta gol va 4 assistni amalga oshirgan, jamoaning yetakchi o‘yinchisi bo‘lgandi. 

Ko‘ngilsiz hodisalar faqat shu bilan cheklanib qolmagan: germaniyalik futbolchi yirik musobaqalarda hammasi bo‘lib 5ta uchrashuvlarda ishtirok etgan - Yevro-2012ning pley-off bosqichida 2 marta, nemislar uchun omadsiz yakunlangan JCH-2018da 3 marta maydonga tushgan. 

Roysning sadoqati har qanday sovrindan ustun 

Marko Roys faoliyatidagi ushalmas orzu - Germaniya chempionligi. Taqdir taqozosi bilan u Dortmundga qaytgan paytda yorqin jamoada so‘nish davri boshlangandi. 2012|13 yillar mavsumida «Borussiya» juda barvaqt chempionlik poygasidan chiqib ketdi, YECHL va Germaniya Kubogi finallarida imkoniyatni boy berdi. 

2 yildan keyin vaziyat yanada og‘irlashdi: jamoa Bundesliga finishiga 7-o‘rinda yetib keldi, Klopp jamoani tark etishini ma’lum qildi. Shundan beri «arilar» o‘z nishlarini faqat ichki chempionatdagi raqiblariga qaratishmoqda: 2015/16 yillar mavsumida jamoani marraga 2 tur qolganida «Ayntraxt» to‘xtatib qoldi, 4 yildan keyin Niko Kovachning muammoli «Bavariya»si to‘siq bo‘ldi, o‘tgan mavsumda esa jamoaning o‘zi so‘ng­gi turda tayyor   oltinni qo‘ldan chiqardi. 

Xullas, 34 yoshli qahramonimiz hozir 2ta Germaniya kubogi va 3ta superkuboklar bilan maqtanishi mumkin. Biroq bu turnirlarni yuksak nufuzli musobaqa, deb bo‘lmaydi. shu bois, Markoning faoliyati poyoniga yetmagandek   tuyulmoqda.  

Chempionlik unvoni sadoqat uchun munosib sovg‘a bo‘lishi dargumon. Biroq ko‘ngilga yot bo‘lgan «Bavariya» bilan qayd etilgan trebl shukuhi kuchlimi yoki jonajon jamoa­dagi 12 yillik ishtirok zavqi? Marko ikkinchi variantni tanladi. Demak, Roys­ning «Dortmund»ga sadoqati uchun 1 emas, 3ta chempionlik ham kamlik qildi? Siz qanday fikrdasiz?

Sodiq SOBIR tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:56, 28.02.2024.
O'qildi: 1264 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.