O‘zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Aziz G‘aniyev Kanadaga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvida olgan jarohatidan so‘ng, umumiy guruh mashg‘ulotlariga qaytdi.
“Daryo” manbasiga ko‘ra, futbolchi Jahon chempionati boshlangunicha jarohatdan to‘liq forig‘ bo‘ladi. G‘aniyev hozirda jamoa shifokorlari va jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiylar nazoratida tiklanish mashg‘ulotlarini ham olib bormoqda.
Ma’lumot uchun, 2 iyun tongida O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionati oldidan dastlabki o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi. Edmonton shahrida Kanada terma jamoasiga qarshi kechgan bahsda Fabio Kannavaro jamoasi 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Uchrashuvning 23-daqiqasida O‘zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Aziz G‘aniyev jarohat olib, maydonni tark etishga majbur bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Fabio Kannavaro shogirdlari Jahon chempionati guruh bosqichida Portugaliya, Kolumbiya va Kongo terma jamoalari bilan o‘zaro bahs olib boradi. O‘zbekiston mundialdagi ilk o‘yinini 18 iyun kuni Kolumbiyaga qarshi o‘tkazadi. Ushbu uchrashuvga Meksika poytaxtidagi “Asteka” stadioni mezbonlik qiladi
“Oq bo‘rilar” Jahon chempionati olidan oxirgi nazorat o‘yinini 8 iyun kuni Niderlaniyaga qarshi o‘tkazadi.













