"Manchester Siti" "Liverpul" hujumchisi Kodi Gakponi o‘z safiga qo‘shib olish imkoniyati kamayganidan so‘ng "Everton" vingeri Iliman Ndiayega qiziqish bildirmoqda.
Gakpo "shaharliklar"ning ustuvor transfer maqsadlaridan biri edi. Biroq "Liverpul" niderlandiyalik futbolchiga munosib o‘rinbosar topa olmagani sabab uni qo‘yib yuborishdan bosh tortdi. Shundan so‘ng "Manchester Siti" hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun muqobil variant sifatida Ndiaye nomzodiga e’tibor qaratdi.
Taniqli insayder Fabrisio Romano ma’lumotiga ko‘ra, "Manchester Siti" 26 yoshli senegallik futbolchining ehtimoliy transferi yuzasidan "Everton" bilan allaqachon aloqaga chiqqan.
Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, Iliman Ndiayening bozor qiymati 55 million yevroni tashkil etadi. Uning "Everton" bilan amaldagi shartnomasi 2029 yil 30 iyunga qadar mo‘ljallangan.
2026/27 yilgi mavsumda Ndiaye "Everton" safida 3 ta uchrashuvda maydonga tushib, 1 ta golli uzatmani amalga oshirgan.













