Jud Bellingem Realmadrid TV mehmoni bo‘ldi. «Qirollik klubi»ning yaqqol motoriga aylanib borayotgan vunderkind telekanal dasturida yangi jamoasidagi dastlabki bir necha oylarini esladi...
Maydondagi shaxsiyati
- O‘tmishda ham bugungi kunda ham men barcha o‘yinchilarning harakatlarini diqqat bilan kuzataman va ularga taqlid qilaman. Shunchaki, o‘sha ko‘rganlarimni o‘z o‘yin uslubimga qo‘shdim va kuchaydim. Buni maydonda ko‘rish mumkin. O‘yinchi sifatida men juda ko‘p fazilatlarni, hatto «Birmingem» bilan Chempionshipda o‘rgangan narsalarimni ham birlashtiraman. Birgina o‘yinchiga e’tibor qaratib, undan nusxa olishga harakat qilmadim. Men o‘zimman, men Judman va men boshqa odam bo‘lishga harakat qilmayman.
Taqdimot marosimi
- Bu unutilmas kun edi. Bu noreal, shunchaki aql bovar qilmaydigan tajriba va hayotimdagi eng yaxshi kunlardan biri edi. Men haddan tashqari hayajonlanishni xohlamayman, futbol o‘ynaganimda o‘zimni qulay his qilaman, lekin bu oilam va do‘stlarim uchun ajoyib kun edi. Men juda xursandman. Selfiga qarang! «5» - bu klubdagi katta raqam hisoblanadi. Gapirish navbatim kelganida va prezident tribunaga chorlaganida, juda asabiylashdim. Tasavvur qilyapsizmi, men nima demoqchi ekanligimni bilmayman, tayyorlanmagandim. Shunchaki xayolimga kelgan gapni aytaverdim. Hammasi yaxshi o‘tdi, lekin juda asabiylashdim to‘g‘risi.
«Real»ning buyukligi
- Siz «Real» dunyodagi eng katta klub ekanligini bilasiz, lekin uni yaqindan ko‘rganingizda, masalan, «Bernabeu»dagi ta’mirlash ishlari - bunga aql bovar qilmaydi. Xuddi Kolizeyda o‘ynayotganga o‘xshaysiz, o‘zingizni gladiator kabi his qilasiz. Bu haqiqatan ham o‘ziga xosdir. Siz bu klubning qanchalik katta ekanligini tasavvur ham qila olmaysiz, u boshqa darajada. O‘yinchilar kundalik mashg‘ulotlarda juda ishonchli, murabbiy esa haqiqatdan ham xotirjam. Bu esa futbolda ishlash, o‘zini namoyon qilish va ijod qilish uchun ajoyib muhitdir. Bu shaharda o‘zimni uydagidek his qilyapman. Oilamga ham qulay. Biznikiga kelgan do‘stlarim ham shaharni yoqtirib qolishdi. Odamlari va muxlislarining hurmati cheksiz, ular menga ajoyib munosabatda bo‘lishadi. O‘zimni ko‘p yillardan beri bu murabbiylar va jamoadoshlarim bilan birga bo‘lgandek his qilyapman. «Real»dagi startimdan mamnunman, lekin endi gap butun mavsum davomida darajani saqlab qolishda va umid qilamanki, bunday ajoyib klubda yana uzoq yillar qolishim mumkin.
Maydondagi pozisiyasi
- Bu klubga kelishim bilan maydondagi rolim o‘zgardi. «Dortmund»da men ko‘plab gollar urdim, lekin chuqurroq o‘ynardim. Hozir esa jahonning eng yaxshilari bilan birgaman va nafaqat «o‘nlik»da, balki jarima maydonchasiga yanada yaqinroq o‘ynayapman. Menga butun maydon bo‘ylab harakatlanish erkinligi berilgan va men jarima maydonchasiga kirishni, ijodkorlikni namoyish etishni, zarbalar berishni, gol urishni va unga sharoit yaratishni yaxshi ko‘raman. Bularning barchasi murabbiy va jamoadoshlarim tufayli. Jamoaga yordam berish uchun ko‘p mehnat qilishim va o‘z fazilatlarimdan foydalanishim kerak, ammo ular barcha maqtovlarga loyiqdir.
Kun tartibi
- Mashg‘ulotga borish uchun erta turaman, mashqlardan keyin darhol uyga qaytaman. Ba’zan uyga yaqin joyda qahva ichishga chiqaman yoki ovqatlanish uchun shaharga boraman. Keyin ob-havo yaxshi bo‘lsa va quyosh porlayotgan bo‘lsa, uyimiz bog‘ida biroz dam olaman. Uyda mehmonlar bo‘lmasa, oilaviy kechki ovqatga boramiz. Bu ajoyib. Siz tez-tez tashrif buyuradigan joylarda odamlar bilan tanishasiz. Va ular meni futbolchi Jud Bellingem emas, balki qahva ichish uchun kelgan yigit sifatida bilishadi, bu juda yaxshi. Shaharda uchrashgan odamlar chindan ham menga g‘amxo‘rlik qilishadi. O‘zimni xuddi uydagidek his qilyapman.
Mentalitet
- Individual yaxshi o‘ynash muhim, ammo agar jamoa g‘alaba qozonmasa, bundan hech qanday naf yo‘q. O‘zimizni jadvalning cho‘qqisida, allaqachon sumkada kubok bilan ko‘rish va Chempionlar Ligasida guruhimizda birinchi bo‘lish juda yaxshi. Ispaniya kubogi esa haqiqiy sharmandalik bo‘ldi. Jamoaning muvaffaqiyati va unga yordam bera olganimdan faxrlanaman. Jamoa va har bir o‘yinchi alohida-alohida ajoyib ish qiladi va bu menga katta yordam beradi. Futbol - bu jamoaviy sport. Menda esa o‘z rolim bor, lekin jamoam o‘zining eng yaxshi sifatlarini namoyish qilganda ko‘proq baxtliman.
«Real»dagi ilk sovrin (Ispaniya Superkubogi)
- Ajoyib lahza, bundan faxrlanaman. Mavsum o‘rtasida, yana qishki tanaffusdan keyin Saudiya Arabistoniga borish oson emas. Biz ikki ajoyib jamoaga qarshi o‘ynadik. Aslida birinchi o‘yinda ham katta ustunlikka ega bo‘lgandik. Shunday bo‘lsada qo‘shimcha taymlargacha borishga majbur bo‘ldik, ammo jamoa yana o‘z xarakterini namoyish etdi. Finalda esa... biz o‘z klassimiz va fazilatlarimizni namoyish etdik. Vini, Rodrigo ajoyib edilar, butun jamoa ajoyib edi. Qanday o‘ynaganimiz hisobda aks etdi. Men birinchi sovrinni qo‘lga kiritdim va bu juda muhim lahza edi. Bunday lahzalarni boshdan kechirish uchun siz ushbu klub bilan shartnoma tuzasiz va nihoyat kubokni qo‘lingizga olish... shunchaki gap yo‘q! Umid qilamanki, bundan ham ko‘prog‘iga erishamiz.
«Oyoqlar yerda bo‘lsin!»
- Futbol o‘ynaganimda, mendan ilgari qilmagan yoki qila olmaydigan ishni hech so‘rashmagan. Uyda bo‘lganimda, ota-onam meni yaxshi odam bo‘lishga va ukam hamda do‘stlarimga o‘rnak bo‘lishimga harakat qilishadi. Ular har doim menga futbol bonus ekanligini va o‘zligimda qolishim kerakligini aytishadi. Ularni ko‘proq uydagi holatim tashvishlantiradi. Qisqasi, aql bovar qilmaydigan yordam qo‘liga egaman. Ko‘tarilishlar va pasayishlar borligini, bo‘lishini bilaman, lekin atrofimda zarbalarga dosh berishimda yordamchilarim borligiga aminman. Men qanday qilib kuchli bo‘lishni bilaman. Bunday ajoyib odamlar orasida ekanimdan juda baxtiyorman.
MUHAMMADXON tayyorladi