«Brentford» hujumchisi Nil Mope - APLdagi eng nopok o‘yinchilardan biri, balki eng yomonidir.
Doimo u qandaydir mojaroga sababchi bo‘ladi. jumladan, oxirgi o‘yinlarda u bolalarga xos qiliqlarni namoyish etdi. Xo‘sh, hujumchi qanday «karomatlarni ko‘rsatdi?
22-turdagi «Tottenxem»ga qarshi bahsda (2:3) hisobni ochgan Nil golni raqib o‘yinchisining uslubida nishonladi. Ya’ni, qo‘li bilan nayza uloqtirayotgandek harakat qildi - «taqachilar» yarim himoyachisi Jeyms Meddison o‘z gollarini shunday nishonlaydi. Qo‘shimchasiga, Mope Meddison to‘qnashuv uyushtirib, orani ochiq qilishga kirishdi.
«Ehtimol, sen so‘nggi yillarda o‘z uslubingni yaratish uchun yetarli gol ura olmay, mening usulimdan nusxa ko‘chirgan ko‘rinasan», - dedi Jeyms o‘yin nihoyasiga yetganidan keyin. Nil esa ijtimoiy tarmoqlar orqali javob yo‘lladi: «Afsuski, biz g‘alaba qozona olmadik. Mening faoliyatimdagi gollar Meddisonnikidan ko‘proq, quyi liga tushish ketishlar esa, kamroq». Bu bilan Mope Meddisonning 2022/23 yillar mavsumida «Lester» bilan APLni tark etganiga sha’ma qilgandi. Ha, Nil o‘z faoliyatida 100ta gol urgan, Jeyms esa 81ta. Lekin fransiyalik futbolchi hujum chizig‘ida, ingliz esa markazda to‘p surishini ham inobatga olish lozim.
Nil faqat Meddisonga tegajog‘lik qilish bilan cheklanib qolgani yo‘q. Kristian Romeroning jizzaki tabiatidan xabardor bo‘lgan hujumchi ongli ravishda raqibini turtib ketdi. Keyin Deyan Kulushevskiga nisbatan qo‘pollik ishlatib, sariq kartochka oldi. Tanaffusga chiqish paytida esa u bilan gaplashib olmoqchi bo‘lgan jabrdiyda raqiblaridan qochib, kiyinish xonasidan chiqmadi.
Ikkinchi bo‘limda «Tottenxem» 3ta gol urgach, Mopening rangi o‘chib ketdi. Brennan Jonson va Risharlison esa o‘z gollarini aynan Meddison uslubida bayram qilish bilan Nilga «otashin salom» yo‘lladilar. Keyin fransuz qitmirlik bilan raqiblarini qo‘pollik ishlatishga majbur qilmoqchi bo‘ldi. Lekin urinishlari natija bermadi
Keyingi turda Mope «Manchester Siti» himoyachisi Kayl Uolkerning jig‘iga tegib, «tomosha» ko‘rsatishga urinib ko‘rdi. Xabarlarga ko‘ra, uchrashuvning 82, daqiqasida Nil raqib futbolchisining oilasini haqorat qilganligi lab harakatlarini «O‘qiy oladigan» mutaxassislar tomonidan aniqlangan. Uolker esa uchrashuv hakamiga murojaat qilgan: «Men uni nokautga uchratmoqchiman. Chunki u mening bolalarimni haqorat qildi. Boz ustiga, 1 marta emas, keyin yana takrorladi».
«Men bunday qilmaganman. U tuhmat qilmoqda, hammasi yolg‘on. Men rost gapiryapman», shu so‘zlar bilan Nil yana suvdan quruq chiqdi.
Biroq bu Nilning Angliyadagi faoliyatida yuz bergan yagona voqea emas.
Mope «Arsenal» posbonini safdan chiqardi
2020 yilda Mope bilan to‘qnashuvdan keyin «Arsenal» darvozaboni Bernd Leno jarohat oldi. Bahsning 40-daqiqasida «Brayton» safida to‘p surayotgan hujumchi to‘pni ilib olish uchun chiqqan posbon bilan to‘qnashgach, Leno noqulay tarzda yiqildi. To‘qnashuv jiddiy tus olmagan bo‘lsada, uning oyog‘i qayrilib qolgandi. Shifokorlar yordami naf bermagach, Bernd maydonni zambilda tark etdi. ketar chog‘ida Lenoning Mopega nimalardir qichqirishi 2011 yildagi Akinfeev - Velliton voqeasini eslatdi.
Qizig‘i, o‘sha o‘yin «Brayton»ning g‘alabasi (2:1) bilan tugadi, g‘alaba golini esa qo‘shimcha vaqtning 5-daqiqasida aynan Mope urgandi. Bahs nihoyasiga yetgach, «Arsenal» yarim himoyachisi Matteo Genduzi Mopening bo‘ynidan bo‘g‘ib oldi.
«Men hujumchiman va doimo oxirigacha boraman. Bu unga jarohat yetkazish niyatida ekanligimni anglatmaydi. Tanaffusda «Arsenal» murabbiylaridan uzr so‘radim. Arteta lavhani ko‘rganligini, men qo‘pollik ishlatmaganimni aytdi. Lenoga tezroq sog‘ayib ketishini tilayman. Ayrim o‘yinchilarga esa mag‘lubiyatni tan olishni tilayman. Genduzi sha’nimga yomon gaplarni aytdi. Ularni oshkor etsam, Fransiyada u muammolarga duch keladi», - dedi Mope o‘yindan keyin.
Keyinchalik Leno 2020/21 yillar mavsumida asosiy tarkibga qaytdi. Biroq tez orada zaxiradan joy oldi. 2022 yildan beri «Fulxem»da to‘p surmoqda.
Mopening o‘zi ham fitnachiga duch kelgan
Dekabr oyining o‘rtalarida Nil taniqli provokator sifatida tanilgan «Aston Villa» darvozaboni Emiliano Martines bilan janjallashib qoldi. Avvaliga hujumchi posbon bilan to‘qnashib ketdi, keyin raqibi uni turtib, gazonga yiqitdi. Martines uni turg‘azib qo‘ymoqchi bo‘lganida, janjal yanada avjiga chiqdi.
Qizig‘i, Martines «Arsenal» tarkibiga 2020 yilda, Bernd Lenoning jarohatidan keyin kelgandi. Endi uning o‘zi Nilning «mahoratini» amalda sinab ko‘rdi.
Endi navbat Zaxaning uslubiga
2021 yil sentyabrida Mope «Brayton» safida «Kristal Pelas» darvozasini zabt etib, golni raqib jamoa hujumchisi Uilfrid Zaxa kabi qo‘llarini quloqlariga qo‘yish bilan nishonladi. Oqibatda, kasbdoshlar o‘rtasida mojaro ro‘y berdi. O‘yindan keyin Nil voqeaga izoh berdi: «Muxlislarsiz va o‘yinchilarning o‘zaro munosabatlarisiz o‘tgan futbol bahsi - hech narsa. Maydondagi vaziyat og‘irlashib ketdi. Shu sababli, goldan keyin Zaxaga qaradim va kulib qo‘ydim. Chunki u penaltidan gol urgach, golni nishonlash chog‘i bizning muxlislarimizning jig‘iga tekkandi. O‘zaro nimalar deganimizni aytmasam ham, o‘yinchilar o‘rtasidagi dialog qanday bo‘lishini yaxshi bilasiz. Gol urganimdan keyin unga javob qaytarish uchun qulay fursat kelgandi».
Mope faqat janjalkash emas
Shu yilning yanvarida fransiyalik hujumchi APL doirasidagi «Nottingem Forest»ga qarshi uchrashuvdan keyin «Brentford» bolalar jamoasi mashg‘ulotiga tashrif buyurdi. Tabiiyki, bolalar jamoasi murabbiyi uning kelishini kutmagandi: «Ochig‘i, bunday tashrif biz uchun syurpriz bo‘ldi. Nil - ajoyib yigit! Og‘ir bellashuvdan keyin bolalar ko‘nglini ovlashga vaqt topa olgani meni lol qoldirdi. Bolalar bu uchrashuvni hech qachon unutishmaydi».
MUHAMMADSODIQ tayyorladi