Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Baxtiyor Ashurmatov: «Bu yil chempionlik poytaxtdan chetga chiqadi»

Baxtiyor Ashurmatov: «Bu yil chempionlik poytaxtdan chetga chiqadi»

Baho:
+ | -

«Navbahor» muxlislari tomonidan tashkil etilgan «Telegram» tarmog‘idagi maxsus kanalda futbolchi va murabbiylar, turli yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar bilan jonli muloqot uyushtirish yo‘lga qo‘yildi yaqinda.

Jumladan, jamoaning sobiq bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov ham yangi loyiha mehmoni bo‘lib, muxlislardan tushgan savollarga batafsil, asosiysi, dangal javob qaytardi.

- Baxtiyor aka, avvalo, ko‘pchilikni qiziqtirayotgan savol: ayni payt nimalar bilan mashg‘ulsiz?

- Yaqindagina Toshkentda «Ashurmatov Junior» futbol maktabiga asos soldik. O‘zi anchadan buyon shu maqsad yo‘lida harakat qilayotgandik. Mana, nasib ekan, ish boshlab oldik. Kelajakda Farg‘ona va Namanganda ham maktab filialini ochish niyatimiz bor. Hozirda tarbiyalanuvchilarni jiyanim Nodir Ashurmatov yordamida shaxsan o‘zim shug‘ullantirib turibman. Kelgusida maktabni rivojlantirib, bir qator murabbiylarni ishga taklif etmoqchimiz. Bu borada ayrimlar bilan kelishuv ham bor.

- Mavsum avvalida «Navbahor»ga yordamchi murabbiy sifatida qaytishingiz mumkinligi haqida eshitgandik...

- Yo‘q, aniqrog‘i, meni oldinroq taklif etishgandi. Ya’ni jiyanim Rustam Ashurmatov xorijdan jiddiy taklif olgach, masalani muhokama qilish uchun Namanganga borganimda, rahbarlar u jamoaga kerakligi, meni ham ishga chorlamoqchi ekanliklarini aytishgandi. O‘shanda qanday rolda bo‘lsada, ishlashga tayyorligimni bildirgandim. Chunki «Navbahor»ga hurmatim baland, klubni boshqarganimda, muxlislar bilan ham yaxshi chiqishganman. Lekin nasib emas ekan, qaytish amalga oshmadi.

- Orada Rustam Ashurmatovning ham «Navbahor»ga qaytishi ehtimoli haqida gap-so‘zlar urchidi. Bunisi haqiqatga  qanchalik yaqin edi?

- Rustamning Rossiyadagi faoliyati bir tekis kechayotgani yo‘q. «Rubin»da murabbiylar almashishi ko‘p narsani o‘zgartirib yuboryapti. Rustam bir murabbiy ishonchiga kirgan pallada uning o‘rniga boshqasi kelyapti va hammasi boshidan boshlanyapti. Yashirmayman, mavsum avvalida Rustam oldida bir qator yaxshi takliflar bor edi. Jumladan, «Navbahor»­niki ham. Faqat «Rubin» bosh murabbiyi jiyanimda asosiy tarkibga kirish imkoniyati kattaligini aytib, uni qo‘yib yubormadi.

- Sizningcha, Rustam qachondir yana «Navbahor»da to‘p surishi mumkinmi?

- Ehtimol. Zero, u Namangandagi faoliyati davomida iliq xotiralar qoldirdi. Ya’ni «Navbahor»da oldingi darajasiga chiqdi, muxlislar mehrini qozondi va shu orqali milliy jamoadan qayta chaqiruv ola boshladi. 

- «Navbahor» bir necha yillardan buyon yuqori o‘rin uchun kurashmoqda, ammo... Agar hozirgi jamoa sizga ishonib topshirilganida, chempionlik imkoniya­tini necha foiz darajasida baholardingiz?

- Superliga bahslarini katta qiziqish bilan kuzatib boraman. Ayniqsa, «Navbahor» o‘yinlarini. Nazarimda, bu yil chempionlik poytaxtdan tashqariga chiqadi. Bilasizmi, men ishlagan vaqt «Navbahor»da hozirgi imkoniyat va e’tiborning 10 foizi ham yo‘q edi. Ayni damda jamoa byudjet bo‘yicha Superligada old qatorlar futbolchilar ham ancha saviyali. Xullas, hozirgi jamoa bilan chempion bo‘lish imkoniyatini 90 foiz baholayman. Ochig‘ini aytaman, «Navbahor» bu yil ham oltin medal yutolmasa, bu katta muvaffaqiyatsizlik sanaladi.

- «Navbahor»ning bugungi yetakchilari boshqa viloyatlar futboli tarbiyalanuvchilari hisoblanishadi. Keling, «rangli qog‘ozga» o‘ralgan professionallik tushunchasini bir chetga surib, savolni dangal qo‘yaylik: turli shaharlardan kelganlar mahalliy futbolchilardek effekt bera olishadimi?

- Ha, futbolda professio­nallik muhim. Ammo yashirishga hojat yo‘q, agar «Navba­hor»da puldan muammo tug‘ilsa, hozirgi futbolchilardan 90 foizi jamoadan ketadi. Mahalliy yigitlar esa har qanday sharoitda ham o‘ynab berishadi.

- Deylik, «Navbahor» bosh murabbiyi lavozimiga tayinlansangiz va jamoa oldiga yuqori vazifalar qo‘yilsa, qanday yo‘l tutardingiz: tajribali futbolchilarga tayanarmidingiz yoki mahalliy yoshlarga?

- Jamoa oldiga katta vazifalar qo‘yilsa, murabbiy xohlasa-xohlamasa, tajribali va kuchli futbolchilarga e’tibor qaratadi. Oddiy ayt­ganda, murabbiydan natija talab qilingan vaqtda u tayyor futbolchilar xizmatidan foydalanadi. Hozirda murabbiyga uzoq muddat imkoniyat beradigan klublar juda kam. Yoshlarga e’tibor qaratish va ular bilan natija ko‘rsatish esa vaqt talab etadi. Afsuski, hozir aksariyat jamoalar rahbarlariga tezkor natija zarur. Shuning uchun ko‘plab murabbiylar bugungi kun bilan yashashga majburlar. 

- Siz ishlagan davrda «Navbahor»ning moliyaviy imkoniyati yuqori emasdi. Aytishlaricha, ba’zan futbolchilarga o‘z yoningizdan mukofot puli bergan ekansiz...

- Ha, shunaqasi ham bo‘lgandi. Aniqrog‘i, 3ta o‘yinga belgilangan mukofot pulini topib berishimga to‘g‘ri kelgandi. Lekin klubda moliyaviy muammolar bartaraf etilgach, pulni qaytarib olish sharti bilan. O‘sha vaqt 1ta o‘yin uchun chamasi 10 ming dollar mukofot puli belgilanardi. Afsuski, 3ta o‘yin mukofotini qoplagan pulni qaytarib ololmadim, jamoada qolib ketdi. Mayli, roziman, xafagarchilik yo‘q.

- «Navbahor» moliyaviy inqiroz  ortidan og‘ir ahvolga tushib qolganida, O‘FF­ning o‘sha vaqtdagi prezidenti, rahmatli Mirabror Usmonov homiy topib bergandi. Ammo bu ayrimlar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilingan ekan...

- Yaxshi eslayman, «Paxta­kor»ga qarshi safar uchrashuvidagi alamli mag‘lubiyatdan keyin Mirabror aka Namanganda rahbarlar bilan yig‘ilish o‘tkazgan, jamoaga mehri tushganini ta’kidlab, homiy topib berishini aytgandi. Shundan keyin homiy ham biriktirildi, biroq ayrimlar «Nav­bahor»ga ajratilgan pul jamoaga to‘liq yetib kelmagani haqida gap tarqatishgan. Mirabror Zufarovich shundan so‘ng meni o‘z oldiga chaqirib, bunday gap-so‘zlar ortiqcha ekanligi va homiylik yordami to‘xtatib qo‘yilishini aytgandi...

- OKMKdagi faoliyatingiz yorqin chiqqandi: kubok finalida «Paxtakor» ustidan g‘alaba, OCHL guruh bosqichi yo‘llanmasi. Ammo mavsum yakunida klub rahbariyati sizni ishdan bo‘shatgandi.

- Ha, o‘sha mavsum g‘oyat omadli kelgandi. Ammo «Paxtakor»­ga qarshi finaldagi g‘alabamiz ko‘pchilik tomonidan boshqacha talqin qilingan. Chempionlik «Paxtakor» va kubok OKMKga olib berilgani haqida assosiz fikrlar ham tar­qalgandi. Shunisi aniq, finalga yuqori kayfiyatda tayyorgarlik ko‘rgan va o‘z kuchimiz bilan g‘alaba qozongan edik. Biroq shundan so‘ng nimadir bo‘ldi-yu, chempionatda ketma-ket o‘yinlarda ochko yo‘qotdik. Bundan esa o‘rnimga ko‘z tikkanlar foydalanib qolishdi: ular turli ig‘volar bilan rahbariyat fikrini o‘zgartirishgan. Rahbarlardan iste’fo sababini so‘raganimda, OCHLda natija qayd etishni ko‘zlashayotgani, buning uchun tajribaliroq murabbiy xizmatidan foydalanishlarini aytishgan. O‘tgan yilgi 0:9dan keyin o‘sha insonlarga qo‘ng‘iroq qilib, hol-ahvol so‘ragim keldi-yu, buni o‘zimga ep ko‘rmadim...

- O‘zbekiston milliy jamoasining bugungi darajasi va Osiyo kubogidagi ishtiroki haqida nima deysiz?

- Jamoamizning Osiyo chempionatidagi ishtirokidan ko‘nglim to‘lmadi. Agar chorak finalda Qatar termasini yengib, yarim finalga chiqqanimizda, unda birlamchi vazifa bajarilganini ta’kidlash mumkin bo‘lardi. Amalda mezbonlar to‘sig‘idan o‘tolmadik. O‘sha mag‘lubiyatdan keyin Srechko Katanesning tushunarsiz qarorlaridan shu darajada qattiq ta’sirlandimki, kayfiyat tushib ketganidan yarim final va final o‘yinlarini umuman ko‘rmadim. Penaltilar seriyasiga tayyor bo‘lmagan holda, o‘yinni shu nuqtaga olib bordik. Vaholanki, jamoamiz Qatar termasini asosiy vaqtda mag‘lub etish salohiyatiga ega edi. O‘ylashimcha, uchrashuvlarning katta qismini hujumchisiz o‘tkazganimiz yakunda pand berdi. Qolaversa, penaltilar seriyasiga tayyorgarlik ko‘rilmagani, kimlar tepishlarini futbolchilarning o‘zlariga havola qilingani men uchun katta tushunarsizlik bo‘ldi. Bu murabbiy tomonidan mutlaqo noto‘g‘ri yondashuv, menimcha. 

- Xo‘sh, milliy jamoamiz bu safar uzoq kutilgan mundial yo‘llanmasiga ega chiqarmikan?

- Ha, bu safar JCHga boramiz, albatta. Har holda, sifatli ijrochilar safi kengaymoqda, saviyali chempionatlarda o‘ynayotgan legionerlarimiz ko‘payishmoqda. Shundan ekan, bu yakunda natija keltirishi kerak. Muhimi, ayni payt yaxshigina raqobatbardosh jamoa shakllandi. Nazarimda, bu safar imkoniyatdan to‘liq foydalanamiz.

Xurshid YUSUPOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 20:30, 02.04.2024.
O'qildi: 813 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.