Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Temur Kapadze: "Legionerlarimizni ketib qolishlari kutilmagan hol bo‘ldi..."

Temur Kapadze: "Legionerlarimizni ketib qolishlari kutilmagan hol bo‘ldi..."

Baho:
+ | -

Kuni kecha olimpiya termamiz bosh murabbiyi Temur Kapadze «Sport» telekanalining «Bizning futbol» dasturida muxbirlar qiziqirgan savollarga javob berdi.

Xususan Temur Tohirovich Osiyo kubogi U23 finali oldidan legionerlar – Abduqodir Husanov, Hojimat Erkinov va Abbosbek Fayzullayevning klubi ixtiyoriga qaytishini kutmaganini quyidagicha bayon qildi: - Yarim final (Indoneziya bilan kechgan)o‘yindan  keyin Abduqodir Husanovning otasi Hikmat Hoshimov-  “o‘g‘limni klubi safiga olib ketmasam bo‘lmaydi, klubida bitta himoyachi jarohat olgan, olib borish kerak deyapti”, dedilar. Oldimizda final turibdi, qo‘ysanglar-chi, o‘zi qanaqa kelishgansizlar dedim. “Olimpiadaga chiqsak, klubga qaytadi, deb kelishganmiz” dedilar. Vaziyatni tushunib, mayli, deb qo‘ydik. Chunki, baribir hali oldimizda kattaroq turnirlar bor, Abduqodirni klubidan yana so‘rashga to‘g‘ri keladi hali.

Hojimatning klubida ham 3 may kuni final o‘yini bor edi. Unga chiptalarni ham olishgan ekan. Ikkalasi bilan xayrlashdik. Faqat Abbosbekda bunaqa vaziyat yo‘q edi. Uning ham ketishi biz uchun shok bo‘ldi. «Zenit» bilan o‘yini borakan, klubidagi murabbiyi necha bor qo‘ng‘iroq qilgan unga, kutayotganini aytgan. “Aka nima qilay, bormasam bo‘lmaydi, keyingi safar muammo bo‘lmasin” dedi. Ikki kundan keyin final bo‘lsayam, kelasi safar muammo chiqmasin, shunisiga ham shukur dedik-da, Abbosni ham qo‘yib yubordik. Sizlarsiz ham bir amallarmiz deb, minnatdorchilik bildirib, xayrlashdik.

Final oldidan men bitta-bitta resursimni yo‘qotayotgandek edim. Tasavvur qiling, oshpazning mahsulotlaridan go‘shtini, unisini, bunisini olishyapti-da, shunda ham osh pishirish kerak bo‘lyapti. Legionerlarning ketishidan qolgan o‘yinchilarning ham xabari bo‘lmagan, istaymizmi-yo‘qmi, ularga ham ta’sir qildi. Buni oldinroq bilganimda balki boshqacha reja qilardim. Chunki tasavvur qiling, Olimpiadaga chiqdik, hamma bayramona kayfiyatda, oldinda final va biz muhim uchta o‘yinchimizdan ayrildik.

Shunga qaramay ham, finalda ham yaxshi o‘ynadik, deya olaman. Yaponiyadan har jihatdan g‘alabaga yaqinroq edik. Imkoniyatlar borasida ham ulardan ustun edik. So‘nggi daqiqalarda ham penaltini gol ura olmaganimizdan keyin, yigitlarga “Xudodan Olimpiadani so‘ragan edik, U bizga bitta turnirda ikkita katta g‘alabani nasib qilmagan ekan. Keyingi safar chempionlikni so‘raymiz” dedim. Shaxsan men uchun qo‘l ostimdagi jamoa turnir chempioni bo‘ldi. Biz Osiyoga O‘zbekistonning kuchini yana bir bor ko‘rsata oldik, deb o‘ylayman...


Shuningdek u Parijdagi Olimpiada-2024ga borishi mumkin bo‘lgan o‘yinchilarning 35talik kengaytirilgan qaydnomasiga milliy jamoaning asosiy tarkib o‘yinchilari kiritilganini quyidagicha izohlab o‘tdi: - Olimpiada yo‘llanmasi uchun kechgan Osiyo kubogida 23talik ro‘yxatdan foydalangan bo‘lsak, endi Parijdagi turnir uchun 18 nafar futbolchini olib keta olamiz. Ulardan ikki nafari darvozabon bo‘lsa, 16 nafari maydondagi o‘yinchilar bo‘lishi kerak. Bu ham men uchun o‘ziga xos boshog‘rig‘i bo‘ladi. Ha, milliy jamoa o‘yinchilarini 35talik kengaytirilgan ro‘yxatga berganman. Olimpiada yaqinlashgani sari kim qanday holatda bo‘lishini inobatga olib, tarkib qisqarib boraveradi. Parij-2024 o‘yinlari FIFA kunlarida emasligini ham inobatga olishimiz kerak bo‘ladi. Sababi yana legionerlar muammosi chiqishi mumkin. Ha, o‘sha payt chempionatlar hali boshlamagan bo‘ladi, baribir tarkib masalasi Olimpiadaga yaqin aniqlanadi. Biz 18 nafar individual kuchli, universal o‘yinchini olib borishimiz kerak. Har bir chiziqda ikkitadan o‘yinchi ololmasligimiz bois, ikkita pozisiyada o‘ynay oladigan universal o‘yinchilar ham kerak bo‘ladi.

Tarkib uchun yoshi katta o‘yinchilardan kimlarni chaqirmoqchiman? Kengaytirilgan tarkibga milliy jamoa asosiy tarkibini deyarli hammasini qo‘shdim. Ya’ni, Srechko Katanes qo‘l ostida o‘ynab yurgan 10 nafar asosiy o‘yinchini ro‘yxatga kiritdim.

Shomurodov bormi? Eldor albatta bo‘ladi bunday tarkibda. Manimcha, Eldor istalgan jamoaga yordam bera oladi. Shomurodovni chaqirishni iloji bo‘lsa, nega bundan foydalanmasligim kerak? Bitta masala-da, gap – yoshi katta yoki kichikda emas, hamma gap – oldimizga qo‘yilgan vazifada va uni bajarishda!...

Ma’lumot uchun, Parij-2024 Olimpiadasi 26 iyuldan 11 avgustga qadar bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston S guruhida Ispaniya, Misr va Dominikan Respublikasi bilan o‘ynaydi.

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:27, 09.05.2024.
O'qildi: 3902 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.