O‘zbekiston Superligasining 8-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Neftchi” (1:0) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida mezbonlar bosh murabbiyi Samvel Babayan ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi.
Samvel Vyacheslavovich odatdagidek o‘z so‘zini o‘yin haqidagi fikrlari bilan boshladi.
- Assalomu alaykum! Avvalo barcha muxlislarimizni g‘alaba bilan tabriklayman. Namanganda hozir katta bayram. Xalqaro “Gullar” bayrami. Bu esa bizga kattaroq bosim yukladi. Bayram kuni g‘alaba qozonishimiz shart edi. Bugun tribunalar to‘ldi. “Neftchi” muxlislariga ham rahmat. Ular jamoasiga bo‘lgan muhabbatni namoyish etishdi. Yigitlarga katta rahmat. Biz o‘z vazifamizni uddaladik. Doimo g‘alaba va xursandchilik bo‘lsin.
- Sizni bugungi tug‘ilgan kuningiz bilan tabriklayman. Ruslan Jiyanov bugun o‘yinga o‘zgacha joziba baxsh etdi. Uni boshlang‘ich tarkibdami yoki ertaroq maydonga tushirishning iloji bormidi?
- Avvalgi uchrashuvlardan keyin ham shuni ta’kidlagandim. Jiyanovni sekin- astalik bilan asosiy tarkibga qo‘shyapmiz. U asosiy tarkib futbolchisi. Biz Ruslanni atayin eng foydali vaqtda maydonga tushirishni reja qilgandik va shunday ham bo‘ldi. U bugun yaxshi o‘yin o‘tkazdi. Ruslanning pozisiyasida o‘ynaydigan futbolchilar hujumda ko‘p vaziyatlar yaratishmagan bo‘lishi mumkin, ammo ular jamoaga katta foyda keltirishdi.
Himoyada ko‘p mehnat qilishdi. Afsuski, Jiyanov kabi futbolchimiz bir dona. Maydonga tushishi bilan o‘yinni kuchaytira oladigan futbolchilar soni jamoamda ko‘proq bo‘lishini istardim. Ammo hozircha bori shu. Bugun hujum chizig‘ida yanada ko‘proq o‘zgarishlarga qo‘l urish niyatim bor edi. Jiyanov maydonga tushdi va o‘z vazifasini a’lo darajada bajardi.
- Avvalambor tug‘ilgan kuningiz bilan tabriklayman. O‘tgan mavsum "Navbahor" jamoasi sifatli zaxira yo‘qligi sababli, ko‘p pand yegandi. Jamoa joriy mavsum bir necha tajribali futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib oldi. Siz hozirgina hujumga yordam bera oladigan o‘yinchilarni ko‘proq maydonga tushirish istagingiz borligi, ammo munosib nomzodlar kamligidan nolidingiz. Sizning fikringizcha, Siyavash Haqnazariy etarlicha mahoratga ega emasmi? Zaxirada Haqnazariydek kreativ va tajribali futbolchi bor, biroq siz zaxira o‘rindig‘iga yaxshiroq futbolchilar kerakligidan nolimoqdasiz...
- Siz qaysi tashkilotdansiz? Blogermisiz yoki jurnalist? Men ikki xil teng tarkibga ega bo‘lishni istayman, ammo bizda bunday emas. Raqibimiz bugun 5 ta o‘zgarishga qo‘l urdi va 4 ta o‘zgarish hujum chizig‘ida ro‘y berdi. Menda bunday imkoniyat yo‘q. Faqatgina statistika uchun o‘zgarish qilish noto‘g‘ri. Maydonga tushgan yangi futbolchi o‘yinga sifat qo‘shishi kerak. “Navbahor”ning o‘yinlarini ko‘rsangiz, kim zaxiradan o‘yinga qo‘shilib jamoaga yordam berayotganini bilib olasiz. Men o‘zimdan o‘zim bunday qarorga kelmayman, balki faktlarga asoslanib, qaror qabul qilaman. Tarkibni tanlashda bir nechta jihatlarga e’tibor beraman. Mashg‘ulotlarda kim qanday o‘yin namoyish etayotganini ko‘raman va shundan kelib chiqib qaror qabul qilaman. Bugungi uchrashuvda Iskanderov, Tabatadze, Ismoilovlar to‘psiz ko‘p mehnat qilishdi va shu sababli ko‘p kuch yo‘qotishdi. Bugun oson o‘yin bo‘lgani yo‘q. Men zaxiramizda 4-5 nafar kuchli futbolchiga ega bo‘lishni istayman, ammo hozircha buning iloji yo‘q.
- Birinchi va ikkinchi bo‘limda yaqqol vaziyatlar yaratildi, ammo vaziyatlardan foydalanish yana oqsamoqda. Jamoadan qanchalik ko‘nglingiz to‘lmoqda? Joriy mavsumda “Navbahor”ning chempionlik imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- Kelajak haqida gapirmaylik. Hozirgi holat bo‘yicha harakat qilishimiz kerak. Endigina 8-tur yakunlandi, “Navbahor” esa 7 ta bahs o‘tkazdi.Oldinda o‘yinlar juda ko‘p. Jamoadan to‘liq ko‘nglim to‘lmoqda. Bugun to‘psiz ham juda yaxshi harakatlandik. Hujumdagi vaziyatlar haqida gapiradigan bo‘lsam, bugun ko‘p vaziyat yaratdik. Vaziyatni yakunlash bo‘yicha biroz omadimiz kelmadi. Standartlardan ham vaziyatlar yarata oldik. Raqib jarima maydonchasiga ichida agressivroq o‘ynashimiz kerak edi. “Neftchi” o‘z jarima maydonchasida 9 kishi bo‘lib himoyalandi. Lekin biz baribir vaziyatlar yaratishda davom etdik va o‘yin so‘ngida gol urdik. Harakat hamda ishtiyoq yakunda o‘z mevasini berdi. Biz ko‘proq gol urishni maqsad qilgandik.
- “Navbahor” bosh murabbiyi sifatida ishlayotganingizdan buyon "Neftchi" jamoasiga mag‘lub bo‘lmadingiz. Bunga sabab farg‘onaliklarni yaxshi o‘rganganingizdanmi?
- 1995 yillari ikki jamoa o‘rtasida dahshatli derbilar bo‘lib o‘tardi. Men o‘sha vaqti yosh yigitcha edim. 1996 yili esa biz chempionlikni nishonlagandik. Hozir esa zamon boshqacha. “Navbahor” – “Neftchi” to‘qnashuvlari har doim qiziqarli kechgan. O‘sha vaqtlari stadionlar to‘lar edi. “Paxtakor”da ham deyarli 15 yil ishladim va o‘sha vaqtlari “Neftchi”ga qarshi ko‘p to‘qnash kelganman. Dahshatli janglar guvohi bo‘lganman. Derbilar meni katta qildi. Bunday muxlislik barchaga qo‘shimcha javobgarlik yuklaydi. Bugun futbol bayrami bo‘ldi. Namangan shahridagi bayram bilan barchani yana bir bor tabriklayman.