Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Tanishing: YECHLning yangi a’zolari

Tanishing: YECHLning yangi a’zolari

Baho:
+ | -

Poyoniga yetgan mavsumda Yevropaning top-ligalar beshligida kutilmagan, ehtimol, shu paytgacha yuz bermagan natijalar qayd etildi.

Ya’ni, kuzda start oladigan YECHL turnirida har qaysi liganing bittadan jamoasi ishtirok etadi. Hikoyamiz shu haqda.

APL: «Aston Villa»

YECHL (ECHK) turnirida Birmingem klubi 1983 yildan beri ilk bor maydonga tushadi. Jamoa 1980/81 yillar mavsumida Angliya chempioni bo‘lgan, keyingi yilda «Bavariya»ni 1:0 hisobida mahv etib, YECHKda g‘olib chiqqan va yangi mavsumda ham ishtirok etgandi. Joriy mavsumni «Villa» «Tottenxem» va «MYU»ni ortda qoldirgan holda 4-o‘rinda yakunladi. 6 yil avval ham u 4-pog‘onadan joy olgandi, faqat Chempionshipda. Elitani tark etish jamoa uchun saboq vazifasini o‘tab, tarkibni kuchaytirishga turtki bo‘ldi. «Villa» APLda 1996 yildan beri ilk bor 4-o‘ringa ko‘tarildi.

Muvaffaqiyatning asosiy ijodkori - Unai Emeri. U o‘zining as mutaxassis ekanligini isbotlashda davom etmoqda. Ehtimol, APLda YECHLga chiqish «Sevilya» bilan 3 marta YELda g‘olib chiqishdan yoki Liga 1da «PSJ»dan ustun kelishdan qiyinroqdir. Biroq 2022 yilning noyabrida kelgan murabbiy 1,5 yil ichida «Villa»ni nufuzli turnirga olib chiqdi. Darvoqe, Emeri hozir Yurgen Klopp, Xosep Gvardiola, Mikel Arteta va Andoni Iraola bilan APLda mavsumning eng yaxshi murabbiyi unvoniga da’vogarlar ro‘yxatidan joy olgan.

La Liga: «Jirona»

Mavsumda 3-o‘rinni band etgan Kataloniya klubi o‘z tarixida ilk marta nafaqat YECHL, balki yevrokubok musobaqalarida ishtirok etadi! Kataloniya Superkubogini inobatga olmasak, «Jirona» shu paytgacha birorta sovrinni qo‘lga kirita olmagan, eng yuqori natijasi - 10-o‘rin (2018 va 2023). Joriy mavsumda o‘z shogirdlari bilan chinakam mo‘’jizani namoyish etgan Michel Ispaniyada kasb­doshlari Karlo Anchelotti, Ernesto Valverde, Diyego Simeone va Marselino Garsiya Toral bilan mavsumning eng yaxshi murabbiyi unvoniga nomzodlar ro‘yxatidan joy olgani bejizmas. 2021 yilda jamoani qabul qilgan murabbiy avval Segundadan La Ligaga, endi YECHLga olib chiqdi. Lekin «Jirona»ning YECHLdagi ishtiroki so‘roq ostida. Boisi, u va «Manchester Siti» klubi City Football Group kompaniyasining tasarrufidagi jamoalar. UYEFA «Jirona»ga YECHLda o‘ynash imkoniyatini berishi uchun, kompaniya bu ikki jamoadan biridagi o‘z ulushini 30 foizgacha qisqartirishi kerak. Aks holda, «Jirona» YELga yo‘l oladi.

«A» seriyasi: «Bolonya»

Yangi mavsumda Italiyadan 5ta jamoa YECHLda maydonga tushadi, Tyago Mottaning «Bolonya»si esa top-beshlikdan joy oldi. Jamoa 60 yillik tanaffusdan keyin nufuzli turnirga qaytmoqda. 1964 yilda u saralash bosqichida Belgiyaning «Anderlext» klubi bilan kuch sinashib, qur’a natijasiga ko‘ra yo‘llanmani boy bergandi. Ha, o‘shanda tomonlar 3ta uchrashuvda g‘olibni aniqlay olishmagan, 3-o‘yindagi durangdan keyin omad «Anderlext»ga kulib boqqandi. 1963/64 yillar mavsumida «Bolonya» o‘zining so‘nggi chempionlik sovriniga sazovor bo‘lgandi. Yangi asr­da jamoa 7-o‘rindan yuqoriga ko‘tarila olmagan, hatto «V» seriyasiga tushib ketgan davri ham bo‘lgandi. Biroq endi Motta va shogirdlarining samarali hamkorligi tufayli yana nufuzli turnirda qatnashish huquqiga ega bo‘ldi. Shogirdlari bilan erishilgan muvaffaqiyat Mottaga top-klub eshiklarini ochdi, hozirda uni «Yuventus»ning bo‘lajak bosh murabbiyi sifatida e’tirof etishmoqda. Ma’lumotlarga binoan, turinliklar unga 3,5 mln. yevro yillik ish haqi bilan 3 yillik shartnomani taklif etishgan. Bunaqa mulozamatni rad etish qiyin.

Bundesliga: «Shtutgart»

Germaniyada «Bayer» hammani titratgani rost. Lekin Leverkuzenning mag‘lubiyatsiz fantastik mavsumi bo‘lmaganida, «Shtutgart» barcha muxlislar e’tiborini o‘ziga jalb etgan bo‘lardi. Xotirjam mulohaza yuritadigan bo‘lsak, shu kamtarin jamoaning 2-o‘rinni egallashini tasavvur qilish «dorishunoslar»ning g‘olibligidan ko‘ra qiyinroq edi. Axir bu jamoa oxirgi 2 mavsumni 15- va 16-o‘rinlarda yakunlagan, 4 yil avval esa umuman, 2-Bundesliga botqog‘idan bazo‘r ko‘tarilib olgandi. Jamoa 2009/10 yillar mavsumida so‘nggi bor YECHLda to‘p surgan va 1/8 finalgacha yetib borgandi. 10 yildan beri yevrokubok musobaqalaridan chetda bo‘ldi. Endi 42 yoshli Sebastyan Xyoness («Bavariya»ning sobiq prezidenti Uli Xyonessning jiyani) o‘tgan yil aprelida jamoa boshqaruvini o‘z zimmasiga olib, bir yil ichida YECHLga qaytardi. Uning shogirdlari ham «Bavariya»ni ortda qoldirishdi. Mana shuning o‘zi ham mo‘’jiza emasmi?

Liga 1: «Brest»

Fransiya chempionatida 3-o‘rinni egallagan «Brest» o‘z tarixida ilk marta yevrokubok musobaqalari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Kiritganda ham, shunchaki, YEL yoki KL emas, YECHLda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi. Erik Rua jamoasi shu paytgacha sovrindor safidan joy olmagan, eng yuqori natijasi bo‘lmish Liga 1dagi 7-o‘rinni olis 1987 yilda egallagandi. Jamoa hozir ham atigi 48 mln. yevroli byudjet bilan kifoyalanib, kamtarona faoliyat yuritmoqda. Bu mablag‘ Kilian Mbappening bir mavsumdagi ish haqi uchun ham kamlik qiladi. Mavsum yakuniga ko‘ra, Ruani liganing eng yaxshi murabbiyi unvoniga loyiq topishdi. Qimmatbaho sovrin tanlovida u Paulu Fonseka («Lill»), Luis Enrike («PSJ»), Luka Elsner («Gavr») va Frank Ez («Lans») kabi kasbdoshlaridan ustun keldi. Ha, nisbatan tajribasi juda oz bo‘lgan mutaxassis shiddatli parvozni namoyish etdi.

Sodiq SOBIR tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 06:00, 12.06.2024.
O'qildi: 3015 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.